Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:53

Senator Ortiqova: "Amnistiya qonun doirasida qo’llanilishi kafolatlanadi"


Uzbekistan - Svetlana Ortiqova, spokeswoman of the General Prosecutor's Office, undated
Uzbekistan - Svetlana Ortiqova, spokeswoman of the General Prosecutor's Office, undated
O’zbekiston mustaqilligining 19 yilligi munosabati bilan amnistiya e’lon qilindi. O’zbekiston Respulikasi Oliy Majlis Senati prezident Islom Karimov kiritgan taklifni 28 avgust kuni muhokama qilib, avf etish haqidagi qarorni qabul qildi.

Ozodlik muxbiri Oliy Majlis Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari bo’yicha qo’mitasi raisi Svyetlana Ortiqova bilan suhbatlashib, dastlab amnistiya bo’yicha necha kishi ozodlikka chiqarilishi haqida so’radi.

- Hozir men mana shu qo’mita raisi sifatida “Taxminan qancha chiqadi¸ qancha nima bo’ladi?” degan savolga javob bera olmayman. Chunki menda unaqa raqam yo’q. Men senator sifatida va qo’mita raisi sifatida aytishim mumkinki¸ mana prezidentimiz ajoyib bayram mustaqillik e’lon qilinganligining 19 yilligi munosabati bilan taqdim etgan amnistiya aktini qo’llash haqidagi qarorni 28 avgust kuni uchinchi yalpi majlisda Senat qabul qilgan. Bu kun tartibining birinchi masalasi edi.

Ikkinchi masala bu shu aktni amaliyotda qaytarzda qo’llash haqidagi nizom edi va u ham qabul qilingan. Alohida toifalar ham belgilangan. Ruxsat bersangiz¸ shu toifalarga to’xtalsam.

Demak ayollar¸ jinoyatni sodir etish paytida 18 yoshga to’lmagan shaxslar¸ 60 yoshdan oshgan erkaklar hamda chet el fuqarolari. Amnistiya aktiga yuridik tabiatidan qarasangiz¸ o’zi asli nomuayyan shaxslar doirasiga qaratilgan hujjat. Lekin uni qo’llashda alohida¸ har bir shaxsga nisbatan yakka tartibda ko’riladi.

Yana bitta e’tiborli jihati amnistiya akti qarori qabul qilinishi sudlar tomonidan amalga oshiriladi. Bilasiz¸ O’zbekistonda hokimiyat bo’linishi bor. Sud hokimiyati va bizning asosiy qonunimizda belgilab berilgan fuqarolarning huquq va erkinliklari¸ ularni cheklashlarni faqat sud amalga oshirishligini inobatga olib¸ shu qarorda ham belgilanganki¸ faqat sud amnistiya aktini qo’llaydi. Shunda ham jamoatchilik nazorati o’rnatiladi. Deputatlik korpusi¸ senatorlar¸ jamoatchilik¸ nodavlat va notijorat tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari shu jarayonning ustidan nazorat qilishadi.

Ozodlik: Shu nazorat qilinayotgan paytda har bir mahbusning huquqining tengligi kafolatlanishi qanday bo’ladi?

- Albatta¸ albatta. Bizning asosiy qonunimizda ham¸ milliy qonunchiligimizda ham teng huquqligi ham huquq¸ ham majburiyat nuqtai nazaridan shu qonunning oldida javobgarlik va mas’uliyatni his etishligi asosiy qonunimizda belgilangan. Milliy qonunchiligimizda bu bor. Ayniqsa amnistiya aktini qo’llashda ham shu tamoyil albatta g’alaba qozonadi. Mabodo¸ bu ham nizomda belgilab berilgan¸ amnistiya aktini qo’llashda qanaqadir suiiste’molchiliklar¸ aktni noto’g’ri qo’llash yoki qo’llash lozim bo’lsayu qo’llash rad etilgan bo’lsa¸ albatta shu to’plangan materiallar tegishli choralar ko’rilishi uchun O’zbekiston Oliy sudiga va Bosh prokuraturaga yuboriladi.

Ozodlik: Svyetlana opa¸ qarorning 5-bandida bir toifa mahbuslar alohida ko’rsatilgan. Taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki¸ ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etilganligi uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilib¸ tuzalish yo’lida qat’iy o’tgan shaxslar ozod qilinsin deyilgan.

- Qat’iy¸ qat’iy Farruxjon.

Ozodlik: Shu haqda aytib bersangiz. Chunki bunaqa moddalar bilan qamalayotganlar ko’p bo’layaptida keyingi paytda.

- Ko’p bo’layapti deganingiz nima?

Ozodlik: Endi ....

- Kim qanday jinoyatni sodir qilsa¸ o’sha qonun oldida javob berayapti.

Ozodlik: O’shani aytayapmanda. Keyingi bir yil davomida juda ko’p sudlar bo’ldi. Bu haqda sizga bir necha marta murojaat qildik. Shularning huquqlari himoya qilinishiga alohida e’tibor qaratiladimi? Mana bu toifa mahbuslar alohida band bilan ko’rsatilgan.

- Albatta. Mana amnistiya aktini¸ qarorini siz misol uchun o’qiydigan bo’lsangiz¸ u yerda birinchi¸ ikkinchi¸ uchinchi va oxirgi 11-bandgacha buning bajarilishi ustidan jamoatchilik nazorati o’rnatiladi. Qolavyersa¸ Bosh prokuratura bor¸ Oliy sud bor. O’shalar ham sudlarning ustidan nazorat¸ amnistiya aktini qo’llashni nazorat qiladi. Materiallar to’plaganda¸ shaxsiy yig’ma jildni o’rganganda¸ o’sha shaxsni o’rganganda albatta adolat qozonadi.

Agar shaxs haqiqatan qat’iy tuzalish yo’liga kirgan bo’lsa¸ amnistiya akti qachon qo’llanadi? “Men haqiqatan ham shu jinoyatni sodir qilganman. Men shu jinoyatni sodir etganim uchun menga jazo berilgan. Lekin men ming tavba qildim. Men boshqa qonun chegarasini buzmayman” deganlarga nisbatan albatta amnistiya qarori qo’llaniladi.

Amnistiya aktini qo’llaganda¸ besh qo’l barobar emas¸ albatta 100 foiz to’g’ri qo’llaniladi deb hech kim kafolat bermaydi. Shuning uchun ham nizomda alohida band bilan mana shuning ustidan jamoatchilik nazorati¸ prokurorlik nazorati o’rnatilishi¸ sud nazorati o’rnatilishi¸ mabodo mana shunaqa holatlar aniqlansa¸ shunaqa shaxslarga nisbatan to’plangan hujjatlar Oliy sud va Bosh prokuraturaga yuborilishi va chora ko’rilishi uchun Senat tomonidan tegishli qaror qabul qilingan.

Ozodlik: Svyetlana opa¸ mana jamoatchilik tashkilotlari deyapsiz. Mana Sur’at Ikromov yoki Vasila Inoyatova kabi mustaqil huquq himoyachilari bor. Davlat ro’yxatidan o’tgan¸ o’tmagan tashkilotlar bor. Shular ham bu jarayonga qo’yiladimi?

- Nodavlat notijorat tashkilot davlat ro’yxatidan o’tmagan bo’lsa¸ men senator sifatida sizga aytaman¸ men uchun unaqa tashkilot yo’q.

Ozodlik: Svyetlana opa¸ qat’iy tuzalish yo’liga o’tgan deb kimlar topiladi? Biror ariza yozish kerakmi yoki xulq-atvoriga qarab belgilanadimi? Qanday bo’ladi bu?

- Har qanday tashkilotning o’zining tartib-qoidalari bor. Tuzalish yo’liga kirganlarni mantiqiy nuqtai nazardan tartib-qoidalarga rioya etgan¸ jazo choralariga tortilmagan¸ haqiqatan kechirim so’ragan shaxslarga nisbatan amnistiya qarori qo’llaniladi.
XS
SM
MD
LG