Линклар

Davlat jurnalistlari davlat rahbariga murojaat qildi


Ўзбекистон Ëшлар телеканалининг бошловчиси ва муҳаррири Саодат Омонова

Ўзбекистон Ëшлар телеканалининг бошловчиси ва муҳаррири Саодат Омонова

“Ёshlar” telekanalining jurnalistlari Saodat Omonova va Malohat Eshonqulovalar Ozodlik orqali prezident Islom Karimovga murojaat qilib, teleradiokompaniyada avj olaёtgan mahalliychilik, guruhbozlik, iqtisodiy jinoyatlar va senzura kabi muammolar avj olganiga e’tibor qaratishni so’radilar.

Davlat nazoratidagi asosiy telekanallardan biri "Ёshlar" kanalining ikki jurnalisti iddoalariga ko’ra, hukumat doirasidagi ayrim shaxslar homiyligi ostida "Ёshlar" kanali direktori Xayrulla Nuriddinov hamda O’zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi Alisher Xo’jayev davlat pullarini o’zlashtirish, ta’magirlik, ijtimoiy tengsizlik kabi qonunbuzarliklarga mukkasidan ketgan.

Jurnalist Saodat Omonova o’zi va hamkasbi Malohat Eshonqulova telekanaldagi muammolar haqida ommaga oshkor qilganlaridan keyin ularga nisbatan bosim va tazyiqlar kuchaygani bois prezident Islom Karimovga murojaat qilishga majbur bo’lganini aytadi.

Prezidentga mahalliy matbuot orqali murojaat qilishning imkoni bo’lmagani bois o’z arzimni Ozodlik orqali yetkazishga qaror qildim deydi Saodat Omonova:

- Hurmatli Islom Abdug’aniyevich. Ayni kunda bizga nisbatan tazyiq va tahdidlar kuchayib bormoqda. Shu bois bizni o’z himoyangizga olishingizni va adolatni tiklashga amaliy ko’mak berishingizni so’raymiz. Agarda Milliy teleradiokompaniyada mavjud qonunbuzarliklarni mamlakatimizda faoliyat ko’rsatayotgan ommaviy axborot vositalari orqali yoritishning imkoni bo’lganida edi, kompaniya rahbariyati, "Yoshlar" telekanali direktori Xayrulla Nuriddinov tomonidan sodir etilayotgan iqtisodiy talon-tarojliklar, mahalliychilik, guruhbozlik xususidagi bor haqiqatni aytish uchun Ozodlik radiosining minbaridan foydalanishga majbur bo’lmagan bo’lardik.

"Ёshlar" telekanali yangi tashkil qilingan paytlari "Davr" dasturida dolzarb masalalar ёritilgan, tahliliy-tanqidiy lavhalar efirga berilgan. Biroq 2004 yildan boshlab telekanalda senzura urchiy boshladi, deya davom etadi "Ёshlar" telekanli jurnalisti.

- Alisher Xo’jayev va Xayrulla Nuriddinovlar o’z rahbarlik faoliyati davomida biz jurnalistlarga tahliliy va tanqidiy mavzularni efirga uzatishni umuman taqiqlab qo’ydi. Hozir biz tayyorlayotgan lavhalar, reportajlarning asosiy qismi tegishli idoralar vakillari tomonidan nazoratdan o’tkaziladi. Ular lozim topsa, lavhaning ma’lum bir qismi qisqartiriladi, kadrlar o’zgartiriladi. Kerak bo’lsa, tanqidiy fikrlardan iborat ayrim intervyular olib ham tashlanadi,- deydi prezidentga murojaat qilgan Saodat Omonova.

Uning aytishicha, teleradiokampaniya rahbariyati harakatlarida iqtisodiy jinoyatlar alomatlarini ko’rish mumkin.

- Ayni paytda milliy teleradiokompaniyada davlat tomonidan ajratilayotgan mablag’lar rahbariyat tomonidan noqonuniy o’zlashtirilib, ayovsiz talon-taroj qilinayapti. Barcha kanallarimizni zamonaviy apparatura bilan jihozlash maqsadida davlat tomonidan nihoyatda katta mablag’ ajratildi. Shu mablag’ hisobidan televideniye uchun amalda arzon va sifatsiz texnikalar xarid qilingan bo’lsada, hujjatlarda o’ta sifatli va zamonaviy deb rasmiylashtirilib, ajratilgan mablag’larning katta miqdori televideniye rahbariyatining cho’ntagini qappaytirdi.

Yana bir muhim masala bu reklama. Aytib o’tish kerakki, reklama tufayli televideniye hisobiga tushishi lozim bo’lgan mablag’ning katta qismi ham rahbariyat cho’ntagiga kirayapti. Chunki hozirgi paytda reklama televideniyega imtiyozga ega bo’lgan bir qator xususiy firmalar orqali kirib kelayapti. Ular reklama uchun kelayotgan mablag’larning 50 foizini o’z hisoblariga olib qolishayapti. Ana shunday firmalar qatoriga "Sodiqov", "Ilhomov" kabi xususiy korxonalarni kiritish mumkin. Imtiyozga ega bo’lgan bu firmalar esa MTRK (MilliyTeleRadioKompaniya) rahbariyatiga tegishli. 2005 yilda MTRK raisi lavozimiga o’tirgan Alisher Xo’jayev boshchiligidagi rahbariyat nafsining hakalak otganligi tufayli hozirgi paytda Yoshlar teleradiokanalida ijtimoiy tengsizlik ham hukm surayapti. Xodimlarning oylik maoshida katta tafovut bor. Masalan kanal direktori Xayrulla Nuriddinovning odamlariga, uning odamlarining asosiy qismini aynan toshkentliklar tashkil etadi, juda katta maosh to’lanadi. Ayrim xodimlar 900 ming so’mdan bir million so’mgacha haq olishadi. Ikki million so’mdan ortiq olayotganlari ham bor. Ular oylik maoshlarining yarmini direktor gumashtasi Dilshod Muhammedovga berishadi. U esa o’z vaqtida bu mablag’ni Xayrulla Nuriddinovga olib kirib beradi. Xullas Xayrulla Nuriddinov teleradiokanal mablag’ini talon-taroj qilishning ana shunday o’ziga xos usulini o’ylab topgan.

Davlat nazorat qiladigan "Ёshlar" telekanali jurnalisti Omonova teleradiokampaniya rahbariyati orqasida hukumat doirasidagi konkert shaxslar turgani bois tilga olingan muammolarning bartaraf qilinishiga panja orasidan qaralmoqda, deya ta’kidlaydi yana o’z murojaatida.

- Bularning barchasiga Bosh vazir o’rinbosari Abdulla Oripov bosh-qosh. Xayrulla Nuriddinovning jinoyatlarini garchi Bosh prokuratura aniqlagan bo’lsada, barchasi xaspo’shlandi. Nomigagina hayfsand berildi xolos. Buning tagida nima yotibdi? Mahalliychilikmi yoki internet saytlarida chiqqanidek, Xayrulla Nuriddinov o’z lavozimida qolish uchun hovlisini sotib sarflagan 350 ming AQSh dollarining kuch-qudratimikan,- deydi Saodat Omonova.

Rasmiy matbuotda ishlaydigan ikki jurnalistning davlatga qarashli telekanaldagi muammmolarni ommaga ochiqlaganini ba’zilar jasorat, deya baholaёtgan bo’lsa, boshqalar buni hokimiyatdagi ayrim doiralar buyurtmasi bilan qilinaёtganini aytmoqda.

Oshkora chiqishlarini maxsus buyurtma, deyaёtganlarga javoban jurnalist Malohat Eshonqulova telekanalda qonunbuzarliklar avj olgani haqida o’tgan yildan beri turli idoralarga murojaat qilib kelganini aytadi.

- Men o’z prezidentimizga, Bosh vazirga, Milliy xavfsizlik xizmati rahbariyatiga va Bosh prokuraturaga televideniyeda bo’layotgan talon-tarojliklar haqida, mahalliychilik borasida murojaat qilganman. Bosh prokuraturadan “Siz yozgan shikoyat arizalari asosida Yoshlar telekanalida byudjet intizomi buzilgan holatlari, mehnat intizomi buzilgan holatlari, mehnat qonunchiligi buzilgan holatlari aniqlandi va biz mavjud qonun buzilish holatlarini bartaraf etish uchun Milliy teleradiokompaniya raisi Alisher Xo’jayev nomiga taqdimnoma kiritdik”, degan mazmunda javob keldi. O’sha yozishuvlardan keyin eng asosiy bosim Alisher Xo’jayev tomonidan bo’ldi. To’g’ridan-to’g’ri aytildiki, “Eshonqulova, siz bugundan boshlab yozishlarni to’xtatasiz. Agar to’xtatmasangiz, biz kasaba uyushmasi yig’ilishining qarorini chiqaramiz va sizni jurnalistlikka nomunosib deb topamiz”, dedi. Ishdan haydaymiz degan edi. Hozirda uchta ko’rsatuvim va uchta ijtimoiy roliklarim tayyor turibdi. “O’zingning ovozing bilan o’qibsan. Shevang bor. Qayta montaj qil”, degan bahonalarda ko’rsatuvni efirga bermay ushlab turishibdi,- deydi Malohat Eshonqulova.

Ozodlik bu ikki jurnalistning iddoalari bo’yicha teleradiokompaniyaning bir qator mulozimlariga, jumladan, "Ёshlar" telekanali direktorining birinchi o’rinbosari Zoyir Qurbonov, "Ёshlar" telekanalining "Davr" axborot dasturi bosh muharriri Sohibjon Alijonovlarga murojaat qildi.

Biroq "Ёshlar" kanali mutasaddilari mavzu yuzasidan xalqaro matbuotga o’z fikrini bildirgani va boshqa unga qaytish istaklari yo’qligini aytib, gapni qisqa qildilar.

Xususan, Sohibjon Alijonov bu borada VVS radiosining o’zbek bo’limiga intervyu bergani va ayni intervyudagi fikrlaridan foydalanishimiz mumkinligini aytdi.

Janob Alijonov 24 avgust kuni VVS radiosiga bergan intervyusida o’z hamkasblarining "Ёshlar" telekanalida mahalliychilik, guruhbozlik va senzura borasidagi iddoalarini butunlay inkor qildi.

- To’rt yildan beri ishlayapman shu yerda, shu vazifada. Bunaqa holatga duch kelmaganman. Chunki bu yerda, umuman bizda ko’p masalalar kollegialno hal qilinadi. Bitta men emas. Kunning mas’ul muharriri bor, badiiy kengash bor. Shularning ko’rigidan o’tadi. Bu yerda ko’proq senzura emas, professional nuqtai nazardan kelib chiqib nimaningdir efirdan olib qo’yilganligi yo nimagadir qo’shimcha qilinishi haqida gapirilsa, to’g’riroq bo’ladi. Misol uchun intervyular olib tashlanadi deyapti. Intervyularni olib tashlash menimcha dunyo praktikasida normal holat. Aytaylik intervyuda boyagi tayyorlanayotgan materialning mazmun-mohiyatini ochib bera olmagan bo’lsa, intervyu berayotgan odam yoki gaplarida chalkashlik, noto’g’ri fakt, ma’lumotlar bo’ladigan bo’lsa, olib tashlanadi. Bu senzura emasda,- deya ta’kidladi "Ёshlar" telekanalining "Davr" axborot dasturi bosh muharriri Sohibjon Alijonov VVS radiosiga bergan intervyusida.
XS
SM
MD
LG