Линклар

Yangiyo’lda nima bo’lgan edi?


Экстремистик гуруҳларга алоқадор деб айбланаëтган қидирувдаги шахслар

Экстремистик гуруҳларга алоқадор деб айбланаëтган қидирувдаги шахслар

14 avgust kuni Yangiyo’l tumani markazida sodir bo’lgan otishma tafsilotlarini rasmiylar sir saqlamoqda. Mustaqil jurnalistlar otishma "Jihodchilar", deb atalayotgan diniy guruhga aloqadorlikda ayblanib, qidiruvda bo’lgan shaxslar va militsiya xodimlari o’rtasida ro’y berganini aniqladi.

Ismi qolishini istagan yangiyo’lliklardan biri 14 avgust kuni militsiya xodimlari va noma’lum shaxslar o’rtasida otishma ro’y berganini eshitganini aytadi:

- Jinoyatchilar bilan militsiyalar o’rtasida bo’lgan deyishdi. Surishtirsam, shunaqa dedida. Ushlab, kim ekanligini aniqlashgan. Tergov ketayapti ekan hozir,- deydi ismi oshkor etilmasligini so’ragan yangiyo’llik.

Yangiyo’l shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i o’rinbosarining yordamchisi Bobur Usmonov Ozodlik bilan suhbatda, Yangiyo’l tumanining Gulbahor posyolkasida bo’lib o’tgan otishmani inkor etmadi, lekin telefon orqali bu haqda izoh bera olmasligini aytib, gapni kalta qildi.

O’zbekistonlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich voqeani Yangiyo’l tumanining Gulbahor posyolkasiga borib o’rganganini aytadi. Ozodlik bilan suhbatda jurnalist posyolkadagi ko’p qavatli uylardan birining garajiga yashiringan to’rt kishi va militsiya xodimlari o’rtasida otishma bo’lganini aniqladim, deydi:

- Ichki ishlar vazirligidagi manbamizdan olgan xabarga ko’ra, to’rt kishi qamoqqa olingan. Bular Shavkat Tojiboyev, G’ulom Islomov, Dilmurod Yusupov va Bahrom Soipovlardir. Biz yangiyo’lliklar bilan suhbatlashganimizda, ularning ba’zilari bir kishi, ba’zilari ikki kishi qamoqqa olingan deyishdi. Qo’lga olinganlarning soni aniq qancha ekanligi hozirgacha noma’lum. Biroq, biz qo’lga olingan bu yigitlar “jihodchi”larmi yoki yo’q, bunisini to’liq aniqlay olmadik,- deydi Aleksey Volosevich.

Jurnalistga ko’ra, qo’lga olinganlar orasida Bahrom Soipov ismli shaxsning borligi rasmiylarning mazkur guruh “jihodchilar”, ekaniga oid xulosalariga asos bo’lmoqda:

- “Biroq “jihodchilar”ni o’tgan yili Andijon, Xonobod portlashlarida ayblangan “Islomiy jihod ittifoqi” guruhi bilan adashtirmaslik kerak. Bu boshqa bir guruh. Va rasmiy ayblovlarga ko’ra, Bahrom Soipov "jihodchilar" guruhining a’zosidir. Ichki ishlar vazirligidagi manbaning aytishicha, men uning aytganlarini so’zma-so’z keltiryapman, Bahrom Soipov 2008 yil 28-30 mart kunlari sheriklari bilan Qibray tumanida 12 nafar militsiya xodimini o’ldirgan.

Ichki ishlar vazirligidagi manbaning aytishicha, deya qo’shimcha qildi Aleksey Volosevich, bu guruh a’zolari o’tgan yili Toshkentda diniy ulamolarga bo’lgan suiqasdlarda, ichki ishlar vazirligi mulozimining o’ldirilishida va poytaxtdagi “Zaytun” qahvaxonasida o’tirgan militsiya xodimlarini to’pponchadan otib, yaralaganlikda ham ayblanmoqda.

Unga ko’ra, o’tgan yili Qibrayda 12 nafar militsiya xodimining o’ldirilgani haqidagi xabar endi sizib chiqmoqda. O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi va OAVlari bu haqda sukut saqlamoqda. Umuman, O’zbekiston hukumati bunday voqealarni oshkor etmasligi ortida "mamlakatda hammayoq tinch", degan manzarani buzmaslik niyati bor, deydi Aleksey Volosevich.

O’zbekistonda diniy ayblovlar bilan qamalgan shaxslar monitoringi bilan shug’ullanadigan mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromovning aytishicha, garchi qidiruvga berilgan bo’lsada, Bahrom Soipov, degan shaxsning ismi shu paytgacha shov-shuvlarga sabab bo’lgan voqealarda uchramagan. Diniy ayblovlar bilan qamalgan o’zbekistonliklarga chiqarilgan sud hukmlari orasida nomi zikr etilmagan diniy oqimlar qolmadi, hisob va endi namozxonlar "jihodchilik"da ayblanib, yoppasiga qamalmoqda, deya davom etadi huquq himoyachisi:

- Hamma gap shundaki, masalan, hukumat kimlarnidir jihodchilar qilib e’lon qilayapti, kimlarnidir yana boshqa bir oqimga qo’shyapti. Lekin shunisi borki, diniy ayblovlar bilan qamalayotganlarning sudlari hammasi yopiq holatda o’tayotganligi uchun, yaqin qarindoshlari ham sudga qo’yilmagandan keyin kimdan haqiqatni bilib bo’ladi? Hatto bularning advokatlari, tergovga, sudlarga qo’yilmayapti. Davlat advokatlari esa, voqeani oshkor qilmaslikka qo’l qo’ygan. Kimdan bilishimiz mumkin? Ular rostdan ham terroristmi, yoki oddiy namozxonmi, jinoyat sodir bo’lganmi, sud jarayonida bularning qilgan jinoyati isbotini topdimi, topmadimi – buni bilish juda qiyin. Kimdan so’rashni ham bilmaysiz, hamma tomon shunchalik yopib tashlanganki, xolis axborot olish uchun bir tirqish ham topolmaysiz,- deydi huquq faoli.

O’zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov o’z tashkiloti olib borgan monitoring natijasida, o’tgan yilning may oyidan buyon “jihodchilik”da ayblanib 200 yaqin o’zbekistonlik qamalgani va shu kunlarda yana o’nlab ayblanuvchilar ustidan tergov olib borilayotgani aniqlanganini qo’shimcha qildi.
XS
SM
MD
LG