Линклар

Adolat qaror topmas ekan, o‘zimga o‘t qo‘yaman!


UzbIsomovaning eri halok bo‘lgan Niva mashinasini militsiya xodimi Nodir Holboyev boshqargan.

UzbIsomovaning eri halok bo‘lgan Niva mashinasini militsiya xodimi Nodir Holboyev boshqargan.

Qashqadaryolik o‘qituvchi Yulduz Isomova to‘rt farzandi va ovsini bilan birgalikda Mustaqillik bayrami kuni soat 10da Qashqadaryo viloyat jinoiy ishlar sudi binosi oldida o‘zlariga o‘t qo‘ymoqchilar. Bunga Isomova o‘z erining o‘limida aybdor, deb bilagan shaxs javobgarlikka tortilmagani sabab ekanini aytmoqda.

Qashqadaryoning Chiroqchi tumani Hamid Olimjon shirkat xo‘jaligida yashovchi 47 yoshli o‘qituvchi ayol Yulduz Isomova Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va to‘rt farzandiga o‘t qo‘yish niyati qat‘iy ekanligini aytadi.

Hikoyamiz qahramoniga ko‘ra, 2008 yilning 9 dekabr kuni ro‘y bergan avtohalokatda turmush o‘rtog‘i Amir Abdunazarov va yana bir yo‘lovchining halok bo‘lishi va ikki kishining butun umrga nogiron bo‘lib qolishida aybdor bo‘lgan ichki ishlar xodimi javobgarlikka tortilmagani uni bunday qadamga majburlagan.

Ikki yil avvalgi avtohalokat oqibatida to‘rt farzandi bilan beva qolgan Yulduz Isomova o‘sha paytda mashina rulida bo‘lgan militsiya xodimi Nodir Xolboyev suvdan quruq chiqib, aybsiz deb topilganiga norozilik bildirib, turli tashkilotlarga shikoyat qilgan, lekin haqiqatni qaror toptira olmagach, o‘zi va farzandlariga o‘t qo‘yishga ahd qilganini aytadi.

- 1 sentyabr kuni to‘rtta farzandimni olib viloyat sudining oldida o‘zimizni ëqib yuboramiz deyapmiz. To‘rtta farzandim bor. To‘rttalasini ham olib boraman. Talabim shu Xolboyev Nodirning ustidan jinoiy ish qo‘zg‘ab, tegishli chora ko‘rishlari. Shahrisabz sudi “jinoiy ish qo‘zg‘atilsin,” deb chiqargan. Qarshiniki “Hech qanday aybi yo‘q. Jinoyatchi emas,” deb ozod qilib yubordi. Aytgan talabimizni bajarishmasa, ya‘ni militsiya xodimi Xolboyev Nodir ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atmasa, shunday qilamiz,- deydi Yulduz Isomova.

Ikki yil avvalgi ro‘y bergan avtohalokatda Yulduz Isomovaning qayinog‘asi O‘ktam Abdunazarov umrbod nogiron bo‘lib qolgan. Erining qiynalib yashaganiga chiday olmayotgan Jamila Jovliyeva ham adolat qaror topishiga ishonmagani bois ovsini Yulduz Isomovaga qo‘shilib, o‘ziga o‘t qo‘yishga qaror qilganini aytadi.

- Men ovsinim bilan 1 sentyabr kuni ertalab soat 10 da chiqib o‘zimizni ëqamiz, deb shart qilganmiz. Umuman haqiqat yo‘q. Mana ikki akamizdan ayrildik. Ovsinim to‘rt bolasi bilan o‘tiribdi uyida. Erim nogiron. Mana hali ham ikkita qo‘ltiqtaëqda yuribdi. Bizlarga va‘da berishadida, lekin hech ustidan chiqishmayaptida. Faqat va‘da berishadi. Lekin hech natija yo‘q. U GAI xodimining orqasi kuchlimi bilmayman. Kambag‘allarni hech tinglamas ekanda bular. Haq-huquqlarimizni talab qilamizda. Bizlar majbur bo‘layapmizda shunday qilishga. Nima uchun boyagi GAIni qamamaydi, ishdan olmaydi? U yana bir nechtasining boshini yeyishi mumkin, bir nechtasini nogiron qilib tashlashi mumkin. SNBga, prezident devoniga, Oliy sud hamma joyga murojaat qildik. Umuman natija yo‘q. Bittasi jinoiy ish ochib bersa, bittasi ëpadi. Umuman haqiqat yo‘qda. Bir gala vijdonsiz, poraxo‘rlar bosib ketgan Qashqadarëni, O‘zbekistonni desam ham bo‘ladi,- deydi Jamila Jovliyeva.

Yuqorida tilga olingan avtohalokat yuzasidan ochilgan jinoiy ish Shahrisabz shahar sudi tomonidan ko‘rib chiqlib, 2009 yil 18 may kungi qaroriga ko‘ra, ehtiyotsizlik oqibatida avariya sodir qilgan, deya “Neksiya” haydovchisi Obidjon Xolov sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Biroq o‘sha paytda “Niva” mashinasida bo‘lgan O‘ktam Abdunazarov voqeani eslarkan avtohalokatga “Niva” rulini boshqarayotgan militsiya xodimi sababchi bo‘lganini aytadi.

- GAI ushladi Xolboyev Nodir. Keyin dokumentlarni ko‘rdida, “bir kun srogi o‘tgan pravangizning,” dedi. “Jarima maydoniga qamayman,” deb protokol tuzmay, passajirni tushirmasdan rulga o‘tirdida olib ketdi bizlarni. Keyin yo‘lda 50-60 metrda ko‘rdik shu voqeani. Qiz bola chiqayapti. “To‘xta, chekkaga ol,” desak, bizlarning gapimizni e‘tiborga olmadi. Keyin mashina kelib turib, bizlarga urildi. To‘xtatib qolsa ham bo‘lardi. Tezligimiz tez emas edi. Chekkaga olib qo‘ysa ham bo‘lardi mashinani. Shu yerda ikki kishi o‘lib qolayaptida. Akam Abdunazarov Amir bilan Ro‘ziyev Toyir. Keyin Shahrisabz sudida jinoiy ish ochildi. GAI xodimini jabrlanuvchi qildi. Keyin oblastda bo‘ldi sud. Ikkita mutaxassis aybi bor deyapti, Toshkentdan kelgani aybi yo‘q, deyapti. Shunaqa qilib sarson qilayaptida bizlarni. Uyushtirganda shunaqa qilib o‘zlaricha,- deydi O‘ktam Abdunazarov.

Bir umrga nogiron bo‘lib qolgan O‘ktam Abdunazarov Shahrisabz shahar sudi hukmidan norozi bo‘lib, Qashqadaryo viloyat sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat arizasi kiritadi. Ushbu mahkamada ham militsiya xodimi Nodir Xolboyev foydasiga hukm chiqaradi.

Qashqadaryo viloyat sudi xodimi Ozodlik bilan suhbatda sud hukmi mutlaqo qonuniy bo‘lganini ta‘kidladi.

Jabrlanuvchilar o‘zlarining O‘zbekiston prezidenti, Oliy sud va Bosh prokuraturaga yo‘llagan shikoyatlarining barchasi besamar bo‘lganini aytishadi.

Ayni paytda ikki ayolning o‘ziga o‘t qo‘yish niyatini ma‘lum qilganinga bir necha kun bo‘lganiga qaramay, Qashqadaryodagi mahalliy hokimliklar va huquq-tartibot idoralari bunga biror munosabat bildirganicha yo‘q.

Ozodlik Qashqadaryo viloyat hokimligi bilan telefon orqali bog‘langanida, navbatchi xodim barcha mutassaddilar Mustaqillik bayrami tadbirlari bilan bandligini bildirdi.

XS
SM
MD
LG