Линклар

Erkin mikrofon - Ota bundan bexabarda!


Uzbekistan - President Karimov watches Independence day celebrations in Tashkent, 31Aug2009

Uzbekistan - President Karimov watches Independence day celebrations in Tashkent, 31Aug2009

Mustaqillik bayrami arafasida "Erkin mikrofon"ga qo‘ng‘iroq qilgan tinglovchi va mushtariylarimiz, O‘zbekistonda oylik maoshlarning o‘rtacha miqdori 500 dollarga chiqqanini aytayotgan prezident xalqning turmushi kundan kunga og‘irlashib borayotganidan bexabarda, deya attang qiladi.

Hokim hokimdan "rang" olsin

“Erkin mikrofon” eshittirishiga Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidan telefon qilgan pensioner Nabijon Jo‘raboyev bir necha kun muqaddam ayni viloyatning Baxmal tumanidan sim qoqqan va tuman hokimini maqtagan hamyurtining so‘zlariga munosabat bildirdi.

- Baxmal tumanining hokimi o‘zi bosh bo‘lib turib go‘shtlarni 8000 so‘mdan sottiraëtganligi to‘g‘risida, keyin elektr, gaz, vodoprovod normada ketaëtganligi to‘g‘risida eshittirish berildi Ozodlikda. Uch kun bo‘layapti. Men to‘g‘rimikan, deb shuni borib ko‘rsam, go‘sht haqiqatan 8000 so‘m ekan. Baxmal tumani bizning G‘allaorol tumani bilan chegaradosh. G‘allaorol tumanining markazi Baxmal tumani markaziga 42 kilometr keladi. Ën qo‘shnimiz Baxmalda shunaqangi ajoyib ishlar bo‘laëtganligidan hokimni juda yaxshi dedi. Uni men tanimayman. Qilaëtganligidan juda ham qattiq xursand bo‘ldikda. Bizning tumanimiz butunlay boshqacha. Bir paytlar go‘shtni 6000-7000 dan qilib qo‘ygan edi. Uch hafta bo‘layapti go‘sht ko‘tarilib ketdi. 10 ming edi, bugundan boshlab 10500 so‘m bo‘ldi.

Ozodlik: Bayramga bog‘liqmikan bu?

- Bayramning aloqasi yo‘q. Bizning G‘allaorol chorva va g‘alla ekadigan rayon. Mana shu ahvolda xalq shuncha dod-voy qilayapti. Hech kim e‘tibor qilmayapti bunga. Kecha bittasi go‘sht olayapti. Bechora "200 gramm go‘sht bering. Uyimga mehmon kelib qoldi," deydi. Xalqning ahvoli nochor juda. Iyul oyining o‘zida rayon bo‘yicha 8 kun gaz bo‘lmadi. Hokimning idorasiga 150 metr joyda hali ham suv yo‘q. Hokim bilan hokimning farqi bor ekan demoqchiman. Ilgari "Qovun qovunni ko‘rib rang oladi," degan maqol bor edi. Hozir buning teskarisi bo‘lib ketdi butunlay. Oramiz 40 kilometr. 20 yildan beri besh-oltita hokim kelib ketdi. Bizning tumanimizni butunlay xarobaga aylantirib ketdida,- deydi Nabijon Jo‘raboyev.


Ota bilganida, bularning adabini berardi-ya!

Namangan viloyatining Norin tumani, Toshkent jamoa xo‘jaligidan qo‘ng‘iroq qilgan Jumanazar Yo‘ldoshev esa, o‘z xo‘jaligidagi bugungi ahvoldan nolidi va prezident Islom Karimovni ahvolni kelib ko‘rsin, deya Norin tumaniga taklif qildi.

- Masalan, 7-sonli maktabimiz bor. 1961 yilda qurilgan. Shu bo‘yicha sport zali ham yo‘q, bolalarning o‘qish sharoiti juda ëmon. Mana erta-indin o‘qish boshlanadi. Muzey bor edi hozir yo‘q, biblioteka yo‘q, maktabimiz ëmon. Umuman juda ëmon ishlar. Agar vaqtinglar bo‘lsa, bir kelib ketsangizlar. Faxriylar muzeyi bor edi. Buni buzib sotib yuborishdi. Urush faxriylari ham, mehnat faxriylari ham bor edi. Toshkent jamoa xo‘jaligidan faxriylar edida. Qarindosh-urug‘i bilan nima qilib olganlar bor hokimiyatda. Hammasini o‘zim isbotlab, o‘zim aytib beraman. Ikki martami uch martami otaga xat ëzib berdim. Bo‘lmayapti. Agar Ozodlik radiosidan eshitib turgan bo‘lsa, eshitsa mabodo, shu ota bir Norin rayoniga kelib ketsa yo‘li tushganda, men o‘zim chiqib o‘zim gapirardim. Ota bilsa, bularning adabini beradiyu. Bilmaydida ota. Bilintirmasdan qilayaptida,- deydi norinlik Jumanazar Yo‘ldoshev.


60 millionlik uyga bizda pul qayda?

“Erkin mikrofon” eshittirishining navbatdagi qahramoni Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidan qo‘ng‘iroq qilgan Norquvvat Kuntug‘diyev.

U davlat tomonidan qurib berilayotgan kottej uylarni ko‘rib havas qilar ekan, shunday uy hamma istovchilarga nasib etsa qani edi, deydi.

- 10 sotix joyda yashaymiz. Muammo sotix masalasi, uy-joy masalasi. Oldinlari shunday beraverar edi kam ta‘minlangan oilalarga. Hozir bunaqa narsalar yo‘q. Umuman olti sotix berilayapti. Uni ham puldorlar olayapti. Bitta kottejni 60 million deyapti.

Ozodlik: Davlat qurib beraëtgan kottejlarni aytayapsiz-a?

- Ha.

Ozodlik: Necha xonali uy o‘sha aka?

- To‘rt xonalimi uch xonami shunaqa. Hozir uyimning to‘g‘risida ko‘chaning boshidan qurayapti. Qurishni boshlash uchun 15 foiz deyapti.

Ozodlik: Shunga urinib ko‘rmadingizmi?

- Endi urinib ko‘ramanda. Hozir menda unaqa pul yo‘qda. Bir yil ichida ikkita nimani chiqarishning o‘zi bo‘ladimi. Katta o‘g‘lim ketdi, ikkinchidan 10 oy deganda xotinim ketdi. Hamma xarajat shu xarajatda baribir. Bir yarim million ketdida. Xudoyisi deydi, uni ko‘mishi deydi, boshqasi deydi. Hozir endi sakkizta bola bilan 10 sotix hovlida yashayapmiz.

Ozodlik: Bolalaringiz ëshmi?

- Eng kichkintoyim kollejda o‘qiyapti. Bitta qizim turmushga chiqqan. Bolalarni uy bilan ta‘minlashga hozir qurbim yetmaydi. Uning uchun sotix olish kerak. O‘zim ishsizman.

Ozodlik: Tirikchilik qanday o‘tayapti unda?

- Tirikchilik endi bitta o‘g‘lim do‘konda nima qiladi tog‘asi bilan. Shundan o‘tib turibdi ëg‘-pog‘ deganday,- deydi Koson tumanidan telefon qilgan Norquvvat Kuntug‘diyev.


20 yildan beri ahvol shu

Yana bir suhbatdoshimiz Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidan sim qoqqan va o‘zini Yunus, deb tanishtirdi.

U O‘zbekiston mustaqilligiga qariyb 20 yil bo‘lay deb turgan bir kezda o‘z tumanidagi vaziyatning deyarli o‘zgarishsiz qolayotganidan so‘zladi.

- O‘zbekiston mustaqil bo‘lganiga 20 yil bo‘lgan bo‘lsa, Qo‘shrabot tumanida 20 yil ichida bittagina kollej qurildi. U ham bo‘lsa chala bitkazilib, hali topshirilgani yo‘q. Ishlar bo‘lib ëtibdi, o‘qishlar ketayapti. 20 yil ichida Qo‘shrabot tumanida birorta ham o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

Ozodlik: Ko‘chalar asfalt bo‘lmadimi, yangi uylar tushmadimi ....

- Ko‘chalar SSSR payti qanday bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha bo‘yi turibdi. Asfaltlar ham yemirilib tamom bo‘lgan.

Ozodlik: Birorta yangi do‘kon ham qurilmadimi?

- Do‘konlarning borini buzib tashlayapti. Odamlar ko‘cha ëqada tirikchilik uchun do‘konlarni qurganku. O‘shalarni ham buzib tashladi "magazinda sotilsin," deb. Lekin magazinlarda tovarlarni yetarli qilib qo‘ygani yo‘q. Mana 20 yildan beri bizning maktabda masalan 60 bola bitirsa, bir yilda bittasi ëki ikkitasi o‘qishga kiradi. Qolgan 90-95 foizi bekor yuradi. Ko‘chaga chiqsangiz, hamma ko‘chada bekorchi. 20 yilga endi shuni ko‘paytirsangiz, O‘zbekistonda qanchadan qancha ishsiz paydo bo‘layapti. Lekin televideniyeda bu aytilmaydi. Maktabni bitirganimizga 18 yil bo‘laëtgan bo‘lsa, faqat mardikorlik bilan kun ko‘ramizda. Bir oyda ovqatga yetsa, kiyinishga yetmaydi, kiyinishga yetsa, ovqatga yetmaydi. Oilani boqish nihoyatda qiyin ahvolda. O‘zbekistonga ërdam beradigan tashkilotlar yo‘qmikan? Bir o‘zgarish bo‘larmikan? 20 yildan beri ahvol shu,- deydi Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidan sim qoqqan va o‘zini Yunus, deb tanishtirgan suhbatdosh.

****************************

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 602 612 713 va +420 773 267 230 raqamiga yo‘llang.

“Erkin mikrofon” sizga muntazir!

“Erkin mikrofon” rukni ostida berilaëtgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas‘ul emas.!
XS
SM
MD
LG