Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:54

Buxoroga borgan prezident tez yordam mashinalarini ham to‘xtatib qo‘ydi


Islom Kamrimovning "Ko‘hna va boqiy Buxoro" monumenti fonidagi surati O‘zA agentligi saytidan olindi.
Islom Kamrimovning "Ko‘hna va boqiy Buxoro" monumenti fonidagi surati O‘zA agentligi saytidan olindi.
Mustaqillik bayrami arafasida, 30 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Buxoro shahriga tashrif buyurdi. Prezident Karimovning tashrifi chog‘ida xavfsizlik choralari shu darajada kuchaytirildiki, hatto kasalxonaga og‘ir bemor olib ketayotgan tez yordam mashinalari ham to‘xtatib qo‘yildi.

Prezident Islom Karimovning Buxoroga tashrifidan aksariyat buxoroliklar bexabar qoldi. Shuhrat G‘aniyev Buxoro shahridagi gumanitar huquq markazi rahbari:

- Men o‘ylaymanki, albatta prezident xalq bilan ochiq-oydin munosabatda bo‘lishi kerak va prezident oddiy aholi bilan suhbatlashishi kerak. Xalq bilan muloqot vaqti kelgan, qachonlardan beri. Afsuski, Buxoro xalqi kechqurun Axborotda berilgan xabardan eshitdi prezidentning Buxoroga kelganini. Bizda na informatsiya bor, na hokimiyat vakillari tomonidan xalq bilan gaplashishga biror bir xohish bor,- deydi Shuhrat G‘aniyev.

Unga ko‘ra, prezidentning tashrifi chog‘ida Buxoroda xavfsizlik choralari shu darajada kuchaytirildiki, hatto og‘ir bemorlarni kasalxonaga olib ketayotgan tez yordam mashinalari ham to‘xtatib qo‘yildi:

- Men shaxsan o‘zim ko‘rganim, Fayzodbod mahallasi bor, masjidning oldida. O‘sha yerdagi blok postning oldida Damas tez ërdam mashina ichidagi kasali bilan turibdi. Kasalni markaziy viloyat kasalxonasiga olib boraëtgan paytda blok postdan o‘tkazmasdan turganda do‘xtirlarning janjallashganini ko‘rdim men. Kecha ertalab, soat yetti yarim-sakkizlarda edi,- deydi Shuhrat G‘aniyev.

Buxoroga safari chog‘ida Islom Karimov yangi bunyod etilgan “Buxoro madaniy markazi” majmuini ochdi. 107 gektardan iborat majmua 700 o‘rinli viloyat musiqali drama teatri, ikki ming tomoshabinga mo‘ljallangan amfiteatr hamda “Ko‘hna va boqiy Buxoro” monumentini o‘z ichiga oladi.

Prezident “Ko‘hna va boqiy Buxoro” monumenti ochilishi marosimida “hayotning abadiyligi, umrning o‘tkinchiligi va insonning ezgu amallari mangu qolishi” haqida gapirdi. O‘zA agentligi uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi:

"Buxoroga kelgan, buxoroliklar hayoti bilan tanishaman, degan odam monumentda ifodalangan bu g‘oyalardan xulosa chiqaradi. Bu g‘oyalarni barchaga, birinchi navbatda, yoshlarimizga keng va chuqur tushuntirishimiz kerak. Barkamol avlod tarbiyasida uning ahamiyati katta. Buyuk kelajagimizni yaratishda, avvalo mustaqil fikrlaydigan farzandlarimizga, shu yurtni yagona, betakror Vatan, deb bilgan yoshlarimizga suyanamiz. Bugun O‘zbekistonimiz erishgan buyuk marralarda, olamshumul yutuqlarda yoshlarimizning o‘rnini, ularning hal qiluvchi kuchga aylanganini ko‘ramiz," dedi Islom Karimov.

Bir kun avval Karimov Toshkentda qurib bitkazilgan ta‘lim muassasalari bilan tanishish chog‘ida qilgan chiqishlarida ham asosiy urg‘uni yoshlarga qaratgan edi.

Biroq oddiy o‘zbekistonliklar fikricha, prezidentning bunday balandparvoz gaplarni hozirgi yoshlar tushunmaydi va uni qabul ham qilmaydi.

- Prezident, yoshlarning qalbida buyuk kelajakka intilib yashash tuyg‘usini mustahqamlaylik, mazmunida ko‘p gapirdi. Biroq men o‘sha kelajakni ko‘rmayapman. Birinchidan, ijtimoiy ongni o‘stirishda televideniye, OAV degan narsa bor. Bular yo‘q. OAV orqali, televizor orqali, jamoat tashkilotlari orqali jamiyat ongi o‘sadi. Jamiyat ongini o‘stiradigan erkin matbuot bo‘lmagandan keyin qayerdan olishi mumkin tafakkurni ëki dunëqarashni? Yo‘q narsani qayerdan oladi? Masalan, stakanda hech narsa yo‘q, siz olib ho‘playverasiz, ho‘playverasiz. Ichaverasiz, lekin hech narsa yo‘q. Stakan quruq, lekin siz ko‘tarasiz. Bu bilan bo‘lmaydiku. Erkin jamoat tashkilotlari, erkin OAVi orqali jamiyat ongi o‘sadi. Hozirgi yoshlardagi tafakkur 8-10 yashar bola darajasida,- deydi ismi sir qolishini istagan buxoroliklardan biri.

Buxorodagi gumanitar huquq markazi rahbari Shuhrat G‘aniyev fikricha, prezident aytgan va suyanish mumkin bo‘lgan yoshlarning aksariyati bugun mardikorlikka ketgan va davlat rahbarining bunday chaqiriqlari va balandparvoz gaplari bugungi hayot haqiqatiga to‘g‘ri kelmaydi:

- Mana biz oxirgi statistika bo‘yicha ishladik, mehnat muhojirlarining sonini sanashda. Faqat Buxoro viloyatidan 250 mingga yaqin odam chiqib ketgan. Ayniqsa Rossiya, Qozog‘iston respublikalarida ko‘p. Ularning ichida 55 foizdan 60 foizgachasi 25-28 ëshga to‘lgan ëshlar. Prezidentimizning gaplari juda ham to‘g‘ri. Shioriy va yuksak gaplar. Albatta men ham qo‘shilaman bu gaplarga. Ammo hozirgi real haëtda, juda ham ko‘p ëshlarimiz muhojirlikda ish qidirib yurgan paytda, bu gaplarning zamonga to‘g‘ri kelmasligi achinarli hol,- deydi Shuhrat G‘aniyev.

Buxoroda ko‘p yillar davomida hukumat idoralarida amaldor bo‘lgan yana bir suhbatdoshimiz, O‘zbekiston prezidentining balandparvoz gaplari juda ko‘p, biroq odamlar ham xuddi sobiq ittifoq paytidagidek bu gaplarga o‘rganib qolgan, deydi:

- Gaplari juda ham chiroyli. Qani endi shu gaplar, shu qarorlar amalga oshsa edi. Mana men o‘zim juda ko‘p vaqt davomida yuqori lavozimlarda ishlab kelganman. Qarorlar juda ham chiroyli. Lekin shu qarorlarning ijrosi yo‘qku. Qarorlarning ijrosi bo‘lishi uchun orqada manba bo‘lishi kerak. Iqtisodiy manba bo‘lishi kerak. Iqtisodiy manba bo‘lmagandan keyin, mana hozir studentlarning kontrakt pullari yana oshib ketdi. Shuning uchun hozir qishloqdagilar bolalarini o‘qitaman, deb mol boqadi. Boshqa nima qilsin? O‘qitaman, deganning beli sinayapti,- deydi ismi sir qolishini istagan buxorolik bu ayol.

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashaydigan Toshpo‘lat Xo‘jayev esa, prezidentning "bunyodkorlik ishlaridan" ko‘ngli o‘sayotganini aytadi:

- Endi bitta narsani aytmoqchimanki, prezidentning bu ishlari haddan tashqari hurmat, izzat Buxoroga nisbatan, Buxoroi sharif degan oti borku, 19 yillikka kelib, Buxoroi sharifga Islom Karimovday inson kelib mana shu majmuani ochgani uchun rahmat deyman. Mening boshim ko‘kka yetdi. Televizorda ko‘rdim. Shunaqa xursand bo‘ldim. Men roziman hammasidan. Lekin hozir uyda to‘rt devorning orasidaman. Ishsizman. Men ishdan nohaq haydalganman. O‘shandan noroziman men faqat,- deydi g‘ijduvonlik Toshpo‘lat Xo‘jayev.

O‘z ismini aytishni istamagan buxorolik tarixchi olim Buxoroi sharifda ming yillik tarixga ega qadimiy yodgorliklar bor, ularning ko‘pi restavratsiyaga muxtoj, deydi. Bu majmuani yaratishga sarflangan mablag‘ni Buxoroda nurab borayotgan tarixiy yodgorliklarni tiklashga sarflasa bo‘lmasmidi, deya davom etadi tarixchi suhbatdoshimiz:

- Inshootni ko‘rkam qiladigan insonning tafakkuriku. Birinchidan, o‘sha qilingan inshootni tafakkur qilishga loyiq odam kerak. Ikkinchidan, inshoot turibdi. Lekin u qanaqa ma‘naviy ozuqa berishi mumkin? Undan ko‘rkam inshootlar bor. Masalan, bitta minorani oling. Ëki bo‘lmasa bitta “Sitorai maxosa”ni oling. Bu inshootlarning ichida butun bir O‘rta Osië tarixining tasviri bor. Lekin shularning yarmisi ketdiku. Muzeylar, u yerdagi inshootlar boshqa dunë ediku. Bular uning oldida hech narsa emasku. Ëki haligi Go‘ri zindonni oling. Shunaqa bir ko‘rkam tarixiy obida edi. U ham allaqachon nurab bormoqda. Ëki "Minor"ni oling. Ëki "Uchkompul"ni oling. O‘sha yerdan o‘tgan bo‘lsangiz, ular ham nurab ketayapti. Ularning tarixiy qadri juda baland ediku bunga nisbatan. Endi uni chetga qo‘yib, buni ko‘tarish ë tarixni ëpishmi, ë unuttirishmi? Yo‘llarni obod qilib, toshli qilib, ho‘v asrlarga qaytarib, foytun aravalar yurg‘izsa bo‘lmasmidi? Yana ko‘rkam bo‘lmasmidi? Yana bilmadim,- deydi ismi oshkor etilishini istamagan tarixchi olim.
XS
SM
MD
LG