Линклар

31 avgust soat 19:00ga belgilangan bayram tomoshalari 13 daqiqa kechikish bilan boshlandi. Toshkentdagi Alisher Navoiy nomli milliy bog‘dagi maydonda o‘tkazilgan tomoshani ochib bergan Prezident Islom Karimov o‘z nutqini, odatdagidek, "erishilgan yutuqlarga bag‘ishlab", o‘zbek xalqiga chuqur hurmat-ehtiromini izhor etishni unutmadi.

Prezident Karimov O‘zbekiston bugungi mavqeiga erishish uchun, hech kimga tobe‘-qaram bo‘lmaslik, siyosiy-iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlash yo‘lida og‘ir va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tib, tahlikali sinovlar, yovuz va zo‘ravon harakatlar oldida bosh egmaganini ta‘kidladi.

Shuningdek, prezident o‘z nutqida o‘tgan yillar mobaynida mamlakat iqtisodining chuqur isloh qilinishi, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirilishi natijasida O‘zbekiston dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan moliyaviy bo‘hronni dog‘da qoldirib kelayotganini tilga oldi.

- Oxirgi ikki yil davomida mamlkatimiz iqtisodining o‘sish darajasi, mos ravishda, 9 va 8,1 foizni tashkil etgani, bu yil esa, 8,5 foizni tashkil etishining kutilayotganining o‘zi ko‘pchilikning hayrat va havasini o‘yg‘otmoqda. Mustaqillik yillarida mamlakatimiz erishgan marralarni o‘zimizga tasavvur qilish uchun quyidagi raqamlarni keltirishni o‘rinli, deb bilaman. 1990 yilga nisbatan yalpi ichki mahsulotimizning o‘sishi taxminan 3,5 karra, aholi jon boshiga hisoblaganda 2,5 barobar oshgani, o‘rtacha oylik ish haqi esa shu yilning oxirigacha qarayib 500 AQSh dollarini tashkil qilib, taxminan 14 karraga ko‘payadi,- deya ta‘kidladi prezident.

Janob Karimov mamlakatda xalq farovonligi, inson salomatligi yo‘lidagi islohatlar natijasida aholining o‘rtacha umr ko‘rishi so‘nggi yigirma yil davomida 67 yoshdan 73 yoshga yetganini alohida ta‘kidladi.

Aytib o‘tish joiz, O‘zbekiston iqtisodiga oid ma‘lumotlarni mustaqil ravishda tekshirish imkonsiz bo‘lgani va unga oid statistik raqamlar ko‘pincha bir-birini inkor qilgani bois mahalliy va xalqaro iqtisodchilar rasmiylarning iqtisodiy o‘sish haqidagi iddaolarini shubha ostiga olib keladi.

Xususan, prezident tilga olgan ikki yil davomida byudjet tashkilotlari xizmatchilari maoshlari va pensionerlar nafaqalarining plastik kartochkalarga o‘tkazilayotgani millionlab o‘zbekistonliklarni qiyin ahvolga solib qo‘ygani aholi farovonligi oshib borayotganiga oid iddaolarni savol ostiga qo‘yadi.

Prezident bayram munosabati bilan qilgan chiqishida shuningdek, Qirg‘iziston janubidagi qirg‘inga ishora qilib “yaqin, yon atrofda sodir bo‘layotgan qarama-qarshilik va tajavuz oldirishga harakat qiladigan har qanday kuchlardan” ogoh bo‘lishga chaqirdi.

Islom Karimov Qirg‘izistonda milliy ozchilikka aylanib qolgan bir millionga yaqin o‘zbeklar huquqlarini himoya qilishda O‘zbekiston qanday amaliy choralar ko‘rishi mumkinligini tilga olmadi.
XS
SM
MD
LG