Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:26

Erkin mikrofon - Paxtaga safarbarlik e‘lon qilindi


Uzbekistan - Child labor, picking cotton, 03Oct2009
Uzbekistan - Child labor, picking cotton, 03Oct2009

“Dushanbadan hamma paxtaga!”


Surxondaryo viloyatining Denov tumani hokimiyati dushanba kunidan boshlab paxta terimiga safarbarlik e‘lon qildi, deydi denovlik Abdulla:

- Paxta boshlandi bizda. Dushanba kuni to‘liq hamma chiqarkan paxtaga. Maktabdan faqat 8-9-sinflar chiqar ekan hozircha. Keyinchalik boshqalari ham chiqishi mumkin. Kollejlar to‘liq chiqadi. Joylar ajratilayapti ekan. O‘qituvchilarni guruhlarga bo‘lib chiqqan. O‘qituvchilar 10 kundan boshqa tumanlarga borib paxta terib berar ekan majburiy.

Ozodlik: Aholi terayaptimi endi?

- Terayapti. Paxta 100 so‘mdan ekan. Fermerlar kilosiga 100 so‘mdan berayapti ekan. O‘zi aslida 120 kilo ekan.

Ozodlik: Naqd berayaptimikan?

- Ha. Lekin bu yil paxta tez tugaydi. Bir oyga ham bormaydi. Paxta unchalik bo‘lmagan bu yil. Paxtalarni ko‘rib chiqdim men ham. Birinchi terimni bir kunda chiqarib tashlayaptida terimchilar. Paxta juda ham kam. Cho‘g‘i past¸ deydi denovlik Abdulla.


“Kasbida arzonchilik”

deydi Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidan qo‘ng‘iroq qilgan birinchi guruh nogironi O‘ktam Bobomurodov. Uning aytishicha, tuman hokimi xalqparvar, nogironlarga g‘amxo‘rlik qilyapti, bozorlarda esa arzonchilik.

- Men Ozodlikning ashaddiy tinglovchilaridan biriman. Bobomurodov O‘ktam bo‘laman. Qashqadarë viloyati, Kasbi tumani hokimi bizlarga imkoniyatlari boricha ko‘p ërdam berayaptilar. Nogironlarga g‘amxo‘rlik qilib kelayaptilar. Masalan moddiy tomonlama. Masalan yaqinda 100 kilodan g‘alla berishdi. Bayramlarda ërdam berishadi. Ërdam berishga imkoniyatlari bo‘lmagan paytlarda o‘zlarining shirin kalomlari bilan, xushmuomalalik bilan tushuntiradilar. Bozorlarimiz arzon. Eng arzon go‘sht Kasbida bo‘lsa kerak. Bu mening fikrim. Go‘shtning kilosi 7000 so‘m. Kecha bir doktor bobomiz Ozodlikka chiqib “Bir yildan beri pensiya olganim yo‘q” deyaptilar. Ularga qaraganda bizlarda yaxshida aka. Iyulnikini olganimiz qachon edi. Shuda endi aka. Hozir bunaqa hokimlar kamdan kam bo‘ladi. Hamma Ozodlik xodimlariga ayëmlar muborak bo‘lsin aka. Tabriklab qo‘ying bizlarning nomimizdan¸ deydi Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidan qo‘ng‘iroq qilgan birinchi guruh nogironi O‘ktam Bobomurodov.


“Bir qo‘li yo‘q bo‘lsa-da nogironlik nafaqasidan mahrum qilindi”

Agar qashqadaryolik tinglovchi tumanda nogironlar ardoqda ekanligini aytgan bo‘lsa, Xorazm viloyatining Urganch shahridan qo‘ng‘iroq qilgan tinglovchi nogironlarning nafaqalari hech bir asossiz bekor qilinayotgani haqida gapirdi:

- Umrbodlik ikkinchi guruh nogironiman. Bolalikdan nogironmanda men. Xotinim ham ikkinchi guruh nogironi edi. Pora bermaganimiz uchun xotinimni yaqinda nogironlikdan chiqarib yubordi. 20 yildan beri nogironlik gurihida edi. Uning bir qo‘li yo‘q. Men belimdan mayibman. Endi bizni ham bular nogironlikdan o‘chirayaptida. Hammasiga pul berish kerak. Vaqtida borib tashlash kerak. Endi bizni ham nogironlikdan o‘chirishayapti. VTEK da Ërmatov O‘ktam degani bor. Avval viloyat VTEK edi. Hozir Urganch tuman VTEK bo‘layaptida u.

Ozodlik: O‘chirish uchun yana qaytadan komissiyadan o‘tkazish, tekshirish kerak emasmi?

- Chaqirdi, tekshirdi. Men “Senga beradigan hech narsam yo‘q” dedim. Ochiqchasiga aytdim. Bu ëqdan tanish-bilish orqali bersangiz, qaytadan yana o‘tib ketaverasiz ekan. Bermaganingizdan keyin “Sizning ahvolingiz yaxshi ekan, u-bu” deb, shunaqa yo‘llari borda bularning.

Ozodlik: Sizning nogironligingiz ko‘zga tashlanadimi?

- Albatta. Ëshligimda belimdan pozvonochnik singan. O‘zim engashib zo‘rg‘a yuraman.

Ozodlik: Ko‘zga tashlanib turgan nogironlik bo‘lsa ham sizni o‘chirishdimi?

- Ha. O‘zi operatsiya bo‘lib bir oyog‘im ham ishlamaydi. Oyog‘imni zo‘rg‘a sudraymanda. Bir oyog‘im jonsizroq bo‘lib qolgan.

Ozodlik: Porasi qancha ekan?

- Porasi 100 dollardan boshlanib 400 dollargacha. Tanish-bilishning yaqinrog‘idan topsangiz, 100 dollar. Bo‘lmasa 400 dollargacha boradi.

Ozodlik: Porani bersangiz, keyin sizni nogirnlik guruhida qoldirishadi-a?

- Ha. Hamma chiqqan qonun faqat xo‘jayinlarning cho‘ntagiga bo‘layaptida. Xalq uchun emas bu. Xalqqa teskari ketayapti hamma qonun. Masalan pul berib nogironlikka chiqib olganlar bor. Ulardan olib tashlash kerak o‘zi aslida. “Qaytadan tekshir” deb qonun chiqdi. Hozir unday emas. Pul berganniki qolayapti, pul bermaganni nogiron bo‘lsa ham, tura olmay ëtgan bo‘lsa ham o‘chirayapti. Xudodan qo‘rqish ham yo‘q bularda, bandadan qo‘rqish ham yo‘q¸ deydi xorazmlik suhbatdoshimiz.


“Haqqini talab qilgan o‘g‘ri bo‘ladimi?”

deydi Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidan qo‘ng‘iroq qilgan pensioner Eshtemir Hayitov. 66 yoshli otaxonga ko‘ra, ular pensiyalarini talab qilib borganda, tuman moliya bo‘limi mudiri ularni kabinetidan quvib solgan va kamiga haqorat ham qilgan:

- Pensiya to‘g‘risida edi. Biz 25 may kuni Chiroqchi ijtimoiy ta‘minot bo‘limi mudiri Shoyimov O‘ringa mart, aprel pensiyasini so‘rab murojaat qildik. Vedomostlarni Chiroqchi tuman aloqa bo‘limiga bermaganligi uchun 20 ga yaqin pensioner borib murojaat qildik. U bizga qo‘pol gapirdi. Xonasidan chiqarib yuborgandan keyin biz hokimga bordik. Chiroqchi hokimi Komil Ravshanov yo‘q ekan. Biz keyin ëzdik uni. 20 kishidan 14 kishi O‘zbekiston respublikasi Moliya vaziri Rustam Azimovga murojaat qildik. Ustidan akt tuzdik. Keyin hokim o‘rinbosari Burhonov Zokir qabul qildi bizni o‘sha kuni. Majlislar zaliga to‘plab suhbatlashdi. Men turib Shoyimovga “Sen nimaga bizga qo‘pollik qilding? Bizlar hammamiz qari ëshdamiz. Yoshimiz 60-70 ga yetgan bo‘lsa, nimaga qo‘pollik qilasan? Nimaga xonangdan chiqarib yuborasan?” degan edim irg‘ib o‘rnidan turib hokim muovinini nazar pisand qilmasdan menga “Seni bilaman. Buxgalter bo‘lgan vaqtingda o‘g‘irlik qilgansan. Sen muttaham” deb har xil so‘zlarni aytib baqira ketdi. Keyin hokim muovini “Sen mudirlikka noloyiq inson ekansan” deb zaldan chiqarib yubordi. Keyin biz Moliya vaziriga akt tuzib murojaat qildik. Deyarli 100 kun bo‘ldi bizning arizamizga javob bergani yo‘q¸ deydi chiroqchilik pensioner Eshtemir ota Hayitov.


“O‘zbeklar O‘shdan ko‘chmasin”

deydi Samarqand viloyatidan qo‘ng‘iroq qilgan tinglovchi Bobomurod Mavlonov.

- Qirg‘iziston bo‘yicha gapirmoqchi edimda. O‘zbeklar ko‘chib ketayaptiku. Ketib qayerga boradi? Ota-bobosi shu yerda tug‘ilgan, shu yerda yashab kelgan. O‘zbekning yeri shu yerlar, qirg‘izning yeri emas aslida. Shuni men aytmoqchi edimda. Bular endi ko‘chib qayerga ham boradi? Bo‘lgan ish bo‘ldi. Endi birikishi kerak bular. Birikib mana bitta mullasini olib qoldiku. Nimaga endi qochib ketish kerak? Nimaga qo‘rqish kerak? To‘g‘ri qirg‘izlarning ayrimlari qilayapti. Hamma qirg‘iz qilmayapti uni. Rahbarlari qilayapti buni. Azaldan o‘zbekning yerida bu. Bular yashash uchun kurashishi kerak demoqchimanda. Albatta bu yaxshi ish bo‘lmadi. Men ta‘ziya bildiraman. Ko‘pchilik o‘ldi, vafot etdi. Bizning ichimiz achishadi. Shu yerda turib ham qo‘limizdan hech narsa kelamyatpi. Masalan o‘ta olmaymiz, borib yo‘l-yo‘riq ko‘rsata olmaymiz. Qirg‘izlar bilan til topishish kerak iloji boricha. Lekin yerni tashlab ketmaslik kerak¸ deydi samarqandlik Bobomurod Mavlonov.

**************************

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 602 612 713 va +420 773 267 230 raqamiga yo‘llang.

“Erkin mikrofon” sizga muntazir!

“Erkin mikrofon” rukni ostida berilaëtgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas‘ul emas.!
XS
SM
MD
LG