Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:13

Paxta terimiga "birinchi qo‘ng‘iroq" chalindi


Qishloq bolalari uchun o‘quv yilining birinchi choragi paxta dalasida o‘tadi.
Qishloq bolalari uchun o‘quv yilining birinchi choragi paxta dalasida o‘tadi.

Mustaqillik bayramidan so‘ng O‘zbekistonda boshlangan yangi o‘quv mavsumini maktablarda jaranglagan birinchi qo‘ng‘iroq ochib berdi.

Buxoro shahridagi 22-maktabda birinchi qo‘ng‘iroq o‘quvchilar uchun ham, o‘qituvchilar uchun ham chin bayram bo‘ldi. Shuhrat Murodov ushbu maktab o‘qituvchilaridan biri:

- Albatta har yilgidek 2 sentyabrda maktabga bolajonlarni qabul qilish bayramday bo‘lib o‘tdi. Bu bayram bolalarni ham mustaqillik bilan, ham bilimlar kuni bilan tabriklab, qo‘shaloq bayram sifatida nishonlandi. Bolalarning 1 sinfga qabul qilinganligi, bog‘chadan maktabga o‘tganligi bolalarda boshqacha bir taassurot qoldiradi va bu ham bolalar uchun qanaqadir bayram. Eng yana bir quvonchli tomoni prezident sovg‘asi topshirildi, bolalarga. Albatta o‘qituvchilarning ham kayfiyati juda yaxshi,- deydi Buxoro shahridagi 22-maktab o‘qituvchisi Shuhrat Murodov.

Shahar maktablari o‘quvchilari uchun birinchi qo‘ng‘iroq, haqiqatan ham zo‘r bayram bo‘ladi, lekin qishloq maktablarida chalinadigan birinchi qo‘ng‘iroq nafaqat maktab mavsumi, balki o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun paxta terimi mavsumi boshlanganini ham anglatadi, deydi Sariosiyo tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlayotgan Faxriddin Ahmedov (ismi sharifi o‘zgartirilgan):

- Ayniqsa, bu yilgi birinchi qo‘ng‘iroq – o‘quvchilarni va o‘qituvchilarni paxtaga jalb qilish qo‘ng‘irog‘i hisoblanadi. Tasavvur qiling ikki oy bir chorak hisoblansa, o‘quv yilining birinchi choragi paxta bilan o‘tib ketadi. O‘qituvchilar nima qiladi? Paxtaga chiqqan o‘quvchilarning dars soatlari jurnallarda o‘tildi deb, qayd etishadi va hatto yaxshi paxta tergan bolalarga yaxshi baholar qo‘yib beriladi,- deydi sariosiyolik o‘qituvchi.

Bu yil ham O‘zbekistonda paxta terimi asosan maktablar, kollej-litseylar o‘quvchilari zimmasida qoladigan ko‘rinadi. Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi maktablardan birining ismi oshkor etilmasligini iltimos qilgan o‘qituvchisiga ko‘ra, maktab direktori o‘qituvchilarga bolalarni paxta terimiga tayyorlash haqida ko‘rsatma bergan:

- Kecha mustaqillik kuni edi. Bugun birinchi qo‘ng‘iroq. Endi bolalarni paxtaga tayërlaymizda. Ertaga paxtaga. Endi maktab degani bu bolalarning o‘qiydigan maskani. Endi esa ularni paxtaga olib chiq deyapti. Paxtaga olib chiqish kerak. Bechoralar yangi, yaxshi kiyim kiyib boradi. Oradan ikki-uch kun o‘tgandan keyin boyagi kiyim bilan paxtaga soladi bechoralarni,- deydi chiroqchilik o‘qituvchi..

Sariosiyolik o‘qituvchi Faxriddin Ahmedov o‘quvchilari maktabga yaqin dalalarda paxta teradi, deydi. O‘qituvchilar esa guruh-guruh qilinib, uzoqroq tumanlarga paxta terimiga jo‘natiladi:

- Erta-indin paxta bo‘ladi, degan yangiliklar bo‘lib turibdi. Hozircha faqat bitta yangilik, o‘qituvchilar ro‘yxat qilindi. 3-4 sentyabrdan boshlab cho‘lga, deb turibdi endi. Har bir maktabdan 15ta o‘qituvchi o‘rtacha 15 kundan paxta teradi. Ëtoq joy dala shiyponi. Yaroqsiz joy. O‘tgan yili borib, terib kelganmiz. Yeyish-ichishning tayini yo‘q. Betonning ustiga ko‘rpa tashlab ëtamiz. Ichadigan suv yo‘q. Sho‘r suv. Yuvinish hatto noqulay u yerda. Sharoit juda og‘ir. 15 kun noiloj chidab, terib berib kelasiz. Paxta davlat siësati, tushunasizku endi. Ana shunday qilib 15 kun terib, masalan 45 ta o‘qituvchi bo‘lsa, uch guruhga bo‘linib, borib keladi,- deydi sariosiyolik o‘qituvchi.

Chiroqchilik o‘qituvchi ham, paxta terimi paytida maktablardagi darslar deyarli to‘xtatilishini aytar ekan, o‘qituvchilar bir-ikki oyga o‘z kasbini terimchilik kasbiga o‘zgartirishga majbur bo‘lishini ta‘kidlaydi:

- Domlalar ishlayveradi, domlalar boradi, deydi. Ana endi yarim domillo maktabda ishlamaydida. 10-15 kunni o‘sha ëqda o‘tkazib kelasan, deyilgan. Cho‘l tomonda. Boramizda shu ëqda yashaymiz qachon 10 kun o‘tar ekan deb. Fermerdan paxta sotib olib, go‘r qilib, topshirib, 10 kunni o‘tkazamiz. Endi ikkinchi partiyaga navbat deydi. Ikkinchi partiya ham shunaqa qilib, 10 kun yo‘qolib ketadi heyeeyeeyey Qarshining cho‘liga. Izg‘ib-izg‘ib, sovuq tushguncha yuradida sasib ketgan shiyponda. Sichqonning hidi kelib ëtgan baraklarda ëtib-ëtib keladi. Domlaga darsi ham, paxtasi ham shu,- deydi chiroqchilik o‘qituvchi.

Bu yil O‘zbekistonda ob-havoning past kelganligi paxta yetilishiga ta‘sir qildi va terim mavsumi o‘tgan yilga nisbatan 10-15 kunga kech boshlandi. O‘qituvchilar bu yilgi paxta terimi odatdagidan qattiqroq bo‘lishidan, o‘quvchilar uchun bu mavsum juda uzoq cho‘zilib ketishidan tashvish bildirmoqda. O‘zbekistonning janubiy tumanlaridagi maktablar o‘quvchilari, litsey va kollejlar talablarining 3-4 sentyabrdan paxta terimiga majburiy tarzda chiqarilishi kutilmoqda.
XS
SM
MD
LG