Линклар

Bir savolga 5 javob: Kambag‘allar xudojo‘yroqmi?


Bu savolga oid mulohazalaringizni +420 602 61 27 13 ëki +420 773 26 72 30 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish ëki SMS ëzish orqali bizga yo‘llang!

Bu savolga oid mulohazalaringizni +420 602 61 27 13 ëki +420 773 26 72 30 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish ëki SMS ëzish orqali bizga yo‘llang!

Markazi AQSh da joylashgan Gallup tadqiqot markazi dunë bo‘ylab o‘tkazgan so‘rov natijalari asosida¸ odamlarning daromadi va ularning dinga munosabati o‘rtasida kuchli aloqadorlik bor¸ degan xulosag keldi. Bunday xulosa¸ O‘zbekiston misolida¸ qanchalik haqiqatga yaqin?


75 yildan beri inson tabiati va xulqini o‘rganish maqsadida minglab tadqiqot va ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazib kelaëtgan Gallup tashkiloti 31 avgust kuni ana shunday so‘rovlaridan birining xulosasini e‘lon qildi. Guruh tadqiqotchilari dunëning 114 davlatining har birida 1000 nafardan voyaga yetgan shaxsga murojaat qilib¸ ulardan o‘z haëtlarida dinning qanchalar muhim rol o‘ynashini so‘rashgan. Garchi global ko‘lamda ham so‘ralganlarning aksariyati¸ aniqrog‘i ularning 84 foizi din haëtimning muhim qismidir¸ deya javob bergan esa-da¸ tadqiqot natijalari din rolining kambag‘al davlatlarida kuchliroq ekanini ko‘rsatgan. Dunëdagi eng kambag‘al davlatlar sirasiga kiruvchi Bangladesh¸ Niger¸ Yaman¸ Malavi¸ Shri Lanka va Burundi kabi yurtlarda respondentlarning 99-98 foizi "din mening kundalik haëtimning muhim qismidir"¸ deb javob bergan. Aksincha¸ taraqqiy qilgan va boy G‘arb davlatlaridagi respondentlarning aksari¸ AQShni mustasno qilganda¸ o‘z kundalik turmushida din rolining muhim emasligini bildirgan. Shundan kelib chiqib Gallup tadqiqotchilari¸ jamiyatning dindorlik darajasi bilan mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat o‘rtasida kuchli aloqadorlik¸ bor¸ degan xulosaga kelgan.

Gallup tadqiqotchilarining bunday xulosasi¸ asrlardan beri mavjud eski qarashning yangi tasdig‘i bo‘ldi. "Din bu kambag‘allar mintaqasidir" degan qarash atrofidagi mubohasa ham asrlardan beri davom etib kelaëtgan tortishuvdir. Gallup xulosasi turtkisida bu bahsga qaytadigan bo‘lsak¸ jamiyat va shaxslarning dindorlik darajasi bilan ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli o‘rtasida bevosita aloqadorlik bormi? Sodda qilib aytganda¸ kambag‘allar dindorroq va xudojo‘yroqmi?

Bu savolga imkon qadar O‘zbekiston va Markaziy Osië mintaqasida voqeligi asosida savol topish ilinjida¸ O‘zbekiston va mintaqadagi tahlilchi va kuzatuvchilarga murojaat qildik.

Kamoliddin Rabbimov, mustaqil siyosatshunos:

Kamoliddin Rabbimov

Men Gallup tomonidan o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalari bilan tanishib chiqdim. Unga ko‘ra¸ davlat qanchalik kambag‘al bo‘lsa, jamiyatda dindorlik darajasi shuncha yuqori bo‘ladi¸ degan xulosa berilgan. Tadqiqot reprezentativ o‘tkazilmagan, jamoatchilik fikri aralash metodlar orqali olingan. Shunday bo‘lsa-da, natijalarni O‘zbekiston misolida taqqoslab ko‘rish, o‘zbek jamiyatida dindorlik darajasi va uning sabablari, tabiati, xususiyatlari haqida fikrlash juda aktual. Tadqiqotda sanab o‘tilgan kambag‘al, va ayni paytda dindorlik darajasi yuqori bo‘lgan davlatlarning aksariyati musulmon davlatlardir. Shu sabab, Gallup “kambag‘allik dindorlikning oshishiga sabab bo‘lmokda” degan xulosani beradi. Bu xulosa to‘g‘ri, lekin qisman to‘g‘ri¸ xolos.

O‘zbekiston sharoitida quyidagi o‘ziga xosliklar mavjud. Birinchidan, O‘zbekiston g‘arbidan sharqqa borgan sari aholi zichligi barqaror o‘sib boradi. Ya‘ni, Qoraqalpog‘iston eng siyrak, Andijon esa eng aholisi zich hududlardir. Ikkinchidan, g‘arbdan sharqqa qarab aholi zichligi o‘sgani sayin “ijtimoiy munosabatlar” (sotsialьnыe kommunikatsii) ham barqaror o‘sib boradi. Uchinchidan, aynan aholi zichlashuvi va ijtimoiy munosabatlar kuchayishi bilan bog‘liq holda aholining dindorlik darajasi o‘sib boradi.

O‘zbekistonning eng dindor mintaqalari bu Farg‘ona vodiysi viloyatlari, Toshkent shahri, hamda poytaxt viloyatidir. Lekin bu hududlar iqtisodiy jihatdan kambag‘al emas, aksincha, boshqa viloyatlarga nisbatan iqtisodiy rivojlangan. O‘zbekistonda shu paytgacha o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotlar natijalari quyidagilarni ko‘rsatadi: 99% aholi o‘zini e‘tiqod qiluvchi, ya‘ni “Xudoga ishonuvchi” deb hisoblaydi. Lekin, “diniy turmush tarzi kechiruvchi” yoki o‘zini “dindor” deb baholovchi aholi hozirgi paytda 15-16% atrofida (raqamlar 2007-2008 yillar ko‘rsatkichlari). Bu holat ko‘pgina jamiyatlarga xos bo‘lgan yuqori diniy o‘zlik va nisbatan past diniy amaliyotni ifodalaydi. Umuman, dindorlik darajasini belgilab beruvchi, diniy faollashuvning zamirida ijtimoiy muammolarning o‘zigina emas, balki, ushbu muammolarni anglay olish qobiliyati yotadi.

O‘zbekistondagi tadqiqotlar shu narsani tasdiqlaydiki, “faol diniy turmush tarzi kechiradigan aholi qatlami” sinfiy xarakterga ega emas. Ya‘ni, “men dindorman” degan aholini biror-bir ijtimoiy sinf bilan tasvirlab bo‘lmaydi. O‘rta sinfda ham, kambag‘allar orasida ham, boylar orasida ham dindorlik foizlari bir-biriga ancha yaqin. Lekin “shahar - qishloq” ko‘rsatkichi bo‘yicha shaharliklarning dindorlik darajasi har doim yuqori bo‘lib kelganligi kuzatiladi. O‘zini dindorligini ta‘kidlagan aholining sotsial-demografik ko‘rsatkichlariga kelsak, etnik nuqtai nazardan o‘zbeklarda (har xil yillarda odatda 90-95% atrofida); yoshi ulug‘ respondentlarda (o‘rtacha 16-23% atrofida), 29-yoshgacha bo‘lgan yoshlarda - 11-16% atrofida, (lekin bu aholi qatlami O‘zbekiston sharoitidan kelib chiqib, o‘zining dindorligini yashirishga moyilligi bilan ajralib turadi); o‘rta ma‘lumotlilarda – 30-34%, o‘rta maxsus - 30%, oliy ma‘lumotlilar orasida esa 20-25%ni tashkil qiladi.

Gallup tadqiqotida dinning asosan ikki funktsiyasiga urg‘u berilgan, bular “ijtimoiy munosabatlarni tartiblashtiruvchi” (sotsialьnaya reglamentatsiya) va “kompensatorlik”dir. Ya‘ni, “odamlar ijtimoiy noroziliklar sabab dinga beriladi”, “kambag‘allar din orqali o‘zlariga taskin berib, oxirat umidlari orqali o‘zlarini yupatadi” (kompensatsiya) degan tushuntirish kuchaytirilgan. Bu fikrlar to‘g‘ri, lekin haqiqiy vaziyat juda xam keng va murakkab.

Musulmon dunyosida dindorlik darajasi eng pastga tushgan davr bu 20-asrning o‘rtalaridir, va o‘tgan asrning oxirgi choragidan boshlab teskari jarayon sezilarli kuchaydi. Musulmon dunyosida aholining dindorlik darajasi kuchayishining asosiy sabablaridan biri bu islom dinining “dunyoqarashni belgilab beruvchi” funktsiyasidir. Islom dini boshqa dinlarga nisbatan juda kuchli aqidalar korpusiga ega, shu sabab, ijtimoiy o‘ta ziddiyatli sharoitlarda xam musulmon dunyosi o‘zining nisbatan yuqoriroq dindorlik darajasi bilan ajralib qolaveradi. Globallashuv jarayonida bu jarayon faqat kuchayadi. Jumladan, O‘zbekistonda ham yuqoridagi vaziyat kutiladi.

Islom dini kambag‘allikni parvarishlaydi, uni qadriyat sifatida talqin etadi degan fikr yoki xulosa mutlaq noto‘g‘ri va provokatsiondir.

Bahodir Musayev¸ mustaqil jamiyatshunos:

Bahodir Musaev

Kambag‘allik bor joyda din emas¸ balki uning aqidaparast sektalari¸ uning radikal oqimlari gullab-yashnaydi va kambag‘al davlatlarda shunga guvoh bo‘lish mumkin. Chunki qashshoq¸ yerdan umid va taskin topa olmagan odamning qandaydir mo‘‘jizalarga ishongisi keladi va bu ehtiëjni ana shunday diniy sekta va oqimlar qondiradi.

Kambag‘allik va dindorlik o‘rtasida aloqa bor¸ der ekan¸ jamiyatni boshqaruvchi qonun-qoidalar¸ uni tartibga soluvchi o‘zaro munosabatlardan umidini uzib¸ ilohiy bir mo‘‘jizagagina ko‘z tikishga majbur qolgan qatlamlarning ana shu mo‘‘jizani din va dindorlikdan izlashini nazarda tutish mumkin va bunday aloqadorlik hamisha bo‘lib kelgan. Ammo men bunday fanatizm va dogmatizmni dindorlik deb atamagan bo‘lardim.

Savolni bevosita¸ O‘zbekistonda aholi aksar qismi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitining ëmonlashuvi ularning dindorlashuviga sabab bo‘ldimi¸ degan tarzda qo‘ysak¸ men o‘zimni bu masalada bilimdon¸ deb bilmasamda¸ 90-yillarda jamiyatning o‘ta tezlik bilan dindorlasha boshlagani kuzatilganini aytib o‘tmoqchiman. Garchi o‘shanda har qadamda ochilgan machitlar¸ ko‘p o‘tmay¸ hukumat tazyiqi bilan ëpilib¸ musulmonlar ekstremist va terrorchiga chiqarilgandan keyin bu jaraën sustlashgan bo‘lsa-da¸ bugun u ëpiq bir shaklga o‘tgan bo‘lishi mumkin¸ xolos. Ammo O‘zbekistonda¸ jamiyat haëtining barcha sohasida bo‘lgan kabi¸ din va dindorlikka ham munofiqlik¸ ëlg‘on¸ ko‘zbo‘yamachilik shu qadar omuxta bo‘lib ketganki¸ bugun aynan qaysi qatlamning haqiqatda dindor¸ qaysinisining esa¸ aksi ekanini aniqlash o‘ta mushkul ishga aylangan.

Habibullo Hakimov¸ islomshunos:

Habibullo Hakimov o‘zining nafaqat islomshunos¸ balki taqvodor musulmon ekanini ham ta‘kidlaydi.

Hozirgi kundagi holatni ko‘rib islom dini kambag‘allar diniga o‘xshab qoldi. Buning sababi¸ Payg‘ambarimizdan keyin balki yaxshi niyatda dinga ko‘p qo‘shimchalar qo‘shaverish natijasida bizning dinimiz o‘ta falsafiy¸ haëtdan uzoqroq¸ voqelikdan tashqariroq dinga aylanib qoldi. Keyin-keyin yana o‘sha tendentsiya davom etib¸ islom dini “taraqqiëtni¸ boylikni juda ham muvofiq emas¸ ular bilan birga keta olmaydi” degan darajada tasavvur hosil bo‘ldi bugungi kunga kelib. Natijada bugungi kunga kelib hamma rivojlanish G‘arb davlatlariga o‘tib ketdi. Sharq davlatlarining aksarida ba‘zi neft sotib boyigan davlatlardan tashqari juda ko‘pi qoloqlik iskanjasida qolib ketdi.

Bevosita o‘z mintaqamizga kelsak¸ sovet imperiyasi qulagandan keyin dinning o‘zining nimaligini tushunmagan xalq dinga ko‘p berildi. Hozir dinning ta‘siri kuchli. Afsuski¸ bu ilg‘orlikka chorlaydigan¸ birlikka chorlaydigan¸ taraqqiëtga chorlaydigan din emas hozirgi turishida. Xudojo‘ylikka boylik kambag‘allikning uncha aloqasi yo‘q. Sovet davrida hammaning boshini mashg‘ul qilgan ideologiya bor edi. Hozirgi kunda dollar degan ideologiya bor va yana din degan ideologiya bor. Albatta¸ bunda din ideologiyasi g‘olib keladi. Chunki juda go‘zal so‘zlari bilan¸ go‘zal da‘vatlar bor¸ aslida amalida bo‘lmasa ham. Dindorlikda hamma baxt degan narsani isbot qilib berishadi.

Ikkinchi yana bir sababi borki¸ dinda yupatuvchilik¸ Ollohga shukur aytish¸ boshga kelgan kundan rozi bo‘lish degan tushunchalar ham bor. Bu o‘z o‘rnida kerakli narsa. Masalan¸ qandaydir bir tabiiy ofat ëki musibat kelganda o‘ta jazavaga tushmaslik¸ Ollohning taqdiriga rozi bo‘lishlik yuzasidan yupatish tomonlari bor dinning. Buning ham ta‘siri bo‘lsa kerak kambag‘al odamlarning dinda turishligiga¸ dinda mahkam bo‘lishligiga. Chunki ularning haëtida qanchalik og‘ir holat bo‘lmasin Ollohga shukur aytib qoniqishlik¸ shukur aytib yashashning targ‘iboti bor dinning.


Akbar To‘rajonzoda¸ taniqli tojik ulamosi:

Hoji Akbar Turajonzoda

Bismillahir rohmanir rohiym. Mening bu tadqiqotdan xabarim bor. U yerda da‘vo qilishadiki¸ go‘ë kambag‘al mamlakatlarda odamlar ko‘proq dinga beriladi¸ ko‘proq Xudodan qo‘rqishadi¸ xudotalab bo‘ladi va taraqqiëti yaxshi mamlakatlarda dindorlar juda oz bo‘ladi ëki kam bo‘ladi. Yana o‘zlari aytishadiki¸ Amerika bundan mustasno. Garchand Amerika ancha boy davlat bo‘lsa ham¸ u yerda dindorlar ko‘p emish.

Men kambag‘allar xudojo‘yroq bo‘ladi¸ degan fikrni nodurust deb bilaman. Chunki musulmon mamlakatlarida¸ mana Turkiya¸ Malayziya¸ Saudiya¸ xalif mamlakatlari¸ hatto Eronda ham ancha iqtisodiy sharoitlari yaxshi. Odamlarning turmushlari ham ancha yaxshi. Dindorlar juda ham ko‘p. Shuning uchun bu da‘volari noto‘g‘ri.

Men o‘ylaymanki bil‘aks. Qaysi millatning donishi¸ aql-farosati ko‘proq bo‘lsa¸ shuncha ko‘proq dinga beriladi. O‘rta Osië mamlakatlariga kelsak¸ bu yerda 1988 yillardan keyin islom uyg‘onishi paydo bo‘ldi. Diniy uyg‘onish harakati juda kuchli ketayapti. Hukumatlar hamma harakatlarini qilishayapti buning oldini olishga. Lekin hech qanday muvaffaq bo‘lishmayapti¸ bo‘lishmaydi ham. Zero bu odamlarning tabiiy bir ehtiëji.

Dindorlik¸ kambag‘allik ëki boylikka bog‘liq emas. Men masalan¸ bitta misol keltiraman. Moskvada ko‘p o‘zbek va tojik badavlat yigitlarini bilaman. Hammalari millionerlar. Yaxshi uylari bor¸ kvartiralari bor¸ mashinalari bor¸ tijoratlari bior¸ ishxonalari bor. Qo‘llarida necha yuzlab odam ishlaydi. Ëshlari ham 28-30-35 gacha. O‘sha samarqandlik¸ buxorolik¸ xo‘jandlik¸ isfaralik¸ hisorlik¸ o‘ratepalik yigitlar Ramazondan tashqari har dushanba va payshanba kuni ro‘za tutishadi. Har juma kuni masjidda namoz o‘qishadi. Iftor kechalari¸ mana yaqinda Ramazonda Moskvada edim¸ hayratda qoldim. Hammalari har kecha xatmlarga borib qatnashayapti. Xususan¸ bundan avval ham men necha marta ko‘rdimki¸ bizlarni kutib olib qimmat restoranlarga olib borib ziëfat berishdi. Dushanba kuni edi. O‘zlari ovqat yeyishmadi. “Nimaga o‘zlaring yeb-ichmayapsizlar?” desak¸ “Bugun dushanba. Biz Payg‘ambarimiz sunnatiga muvofiq ro‘za tutganmiz” deydi. Bu yigitlarni kim majbur qildi Moskvada? Aytayapmanku millionlari bor. Leksus (Lexus) mashinalari bor¸ Porshe (Porsche) mashinalari bor. Kim ularni islom diniga shunaqa ixlos bilan berilib ketishga majbur qildi? Buni iymon deyishadi¸ buni aqida deyishadi¸ buni Olloh taoloning hidoyati deyishadi. Ko‘p kambag‘allar borki¸ naa‘uvzubilloh eng ëmon qip-qizil kofiru ateist. Ko‘p boylar borki¸ alhamdulilloh juda ham taqvoli¸ xush tavozeli¸ xush axloqli. Qo‘lidan kelgancha kambag‘allarga ërdam beradi. Masjidlar qurishadi¸ boshqa xayrli ishlarni qilishadi. Bu insonning fitratiga bog‘liq¸ insonning tarbiyasiga bog‘liq¸ yana eng muhimi Ollohning hidoyatiga bog‘liq.


Rajabboy Bobojonov¸ xorazmlik keksa jurnalist:

Rajabboy Bobojonov

Bizning Xorazmda dinga unchalik e‘tibor katta¸ deb bo‘lmaydi. Misol uchun mana o‘zlarimizning mahallamizni oladigan bo‘lsak¸ 40 oila yashaydigan bo‘lsa¸ shundan bor-yo‘g‘i to‘rtgina odam ro‘za tutadi. Endi bunday qaraganda hozirgi vaqtda qariyalar ro‘za tutishni bas qilgandayku¸ shu ëshlar ko‘proq ro‘za bilan mashg‘ulroqday. Namoz o‘qiydiganlar ham¸ misol uchun besh yil avval qancha odam o‘qib turgan bo‘lsa¸ hozir ham shuncha. O‘qigan o‘qiydi¸ o‘qimagan o‘qimaydi.

Endi o‘ziga to‘qroqlar¸ to‘g‘risini aytsam¸ masjidga kamroq borishadi. Kambag‘allar ko‘proq borishadi. Buning sababi bugungi kunda “faqat Ollohga ishonish mumkin” degan ishonch¸ umid bo‘lsa kerak. Odamlar Ollohga¸ Xudoga iltijo qilib Ollohdan umidvorligi uchun ko‘proq kambag‘allar ro‘za tutib namoz o‘qisalar kerak deb o‘ylayman. Chunki yerdagilarga ishonch qolmadi. Deylik¸ hokim bilan hech kimning ishi yo‘q¸ hokimning odamlar bilan ishi yo‘q. Har kim o‘zi bilan o‘zi ovora. O‘zi bilan o‘zi yugurib “Qanday qilib pul topsam ekan. Qanday qilib bola-chaqa boqsam ekan” degan maqsad hozir. Ishi yurishganniki yurishib turibdi¸ yurishmaganniki turibdi. “O‘zingning aravangni o‘zing tort” deganday gap bo‘lib turibdi.


Aziz mushtariy¸

Siz nima deysiz?

Jamiyat va shaxslarning dindorlik darajasi bilan ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli o‘rtasida bevosita aloqadorlik bormi? Sodda qilib aytganda¸ kambag‘allar dindorroq va xudojo‘yroqmi? Bevosita o‘zingiz¸ agar taqvodor bo‘lsangiz¸ dinga qaysi sabab¸ qaysi sharoitda yuzlangansiz? Mulohazalaringiz uchun oldindan tashakkur.

XS
SM
MD
LG