Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:49

Karimovni qo‘rqitgan "avtoritet"


Prezident Karimovning dindorlarga qarshi siyosati Abduvali qoridan qo‘rquvi asosiga qurilgan edi, deydi davra suhbati ishtirokchilari.
Prezident Karimovning dindorlarga qarshi siyosati Abduvali qoridan qo‘rquvi asosiga qurilgan edi, deydi davra suhbati ishtirokchilari.

O‘zbekiston qamoqxonalaridagi minglab dindorlarni qonli chig‘iriqdan o‘tkazayotgan siyosat, o‘zbekistonlik kuzatuvchilar fikricha, prezident Karimovning dindor "avtoritet"lar — Tohir Yo‘ldosh va Abduvali qori Mirzayevdan qo‘rquvi ustiga qurilgan edi. Bugun har ikki shaxs maydonda yo‘q. Ammo so‘nggi yigirma yil ichida shiddati o‘sib ketgan jazo mashinasini to‘xtatish imkonsiz ko‘rinadi.


“Islom va musulmonlar” ruknining navbatdagi sonida avvalgi lavhalarimizdan biri — Jasliq qamoqxonasi mahbuslariga bu yil Ramazon oyida ro‘za tutish va namoz o‘qishga ruxsat berilipti, degan xabar atrofida tug‘ilgan bahsni davom ettiramiz.

Bu xabarga asoslangan maqolani e‘lon qilganimizdan so‘ng o‘zini Shvetsiyadan Muhammadsolih, deb tanishtirgan mushtariy "Qamoqxonada ro‘za tutishga ruxsat berilmaydi, ovqatni yeyish yohud yemaslik ixtiyori beriladi. Buning ro‘za tutishga ruxsat berishdan farqi bor", deya sharh qoldirdi va qamoqxonada mahbuslarning ro‘za tutishi, namoz o‘qishi, bunga mamlakat qonunlarida belgilangan haqqi xususida hamda mazkur masalada shariatda belgilangan huquqlar borasida bahs ko‘tarildi.

Shu sababdan bu savollarga qaysidir darajada avval ham to‘xtalgan bo‘lsak-da, yana bir bor ayni mavzu, xususan, Jasliq qamoqxonasidagi bugungi vaziyat hamda O‘zbekistonda dindorlarga nisbatn boshlangan reppressiya tarixiga oid mavzuga qaytib, davra suhbati o‘tkazishni joiz topdik.

Bugungi davra suhbatimizda besh kishi ishtirok etadi. Bular – O‘zbekistondan inson huquqlari faoli Ahmadjon Madumarov, O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov, Jasliq qamoqxonasida o‘tirib chiqqan sobiq mahbus Abdumalik, O‘zbekistondagi bir qancha qamoqxonalarda jazo muddatini o‘tagan Muhammadsolih Obutov va muhojiratdagi taniqli ulamo Obid qori Nazarovdir.

Avvalom bor, eslatish joiz Jasliq qamoqxonasida yaqinlari jazo muddatini o‘tayotgan o‘zbekistonliklar bu qamoqxonada e‘tiqodi uchun qamalgan mahbuslarga nisbatan tazyiq va qiynoqlar muntazam qo‘llanishini aytib keladi.

Suhbatimiz avvalida Toshkent shahrida istiqomat qiladigan va o‘g‘li Jasliq qamoqxonasida jazo muddatini o‘tayotgan Klara Alimova bilan suhbatlashdik.

U kishi 4 avgust kuni Jasliq qamoqxonasiga borib, o‘g‘li bilan uchrashib kelgan.

- U yerda mahbuslar va ularni qarindoshlari ham past tabaqa odamidek-da. Meni bolam 1999 yilda qamalgan. Navoiyda, Qarshida, Zangiotadayam o‘tirgan. Mana oxiri Jasliqqa oborishdi. Jasliqday qiynaydigan qamoq yo‘q ekan oyi, dedi bolam. Obshiy rejimda bo‘lsa ham, ularni qattiq rejimdagiday bitta xonaga qamab tashlagan. Hammaga bitta stol, ertalab kravotlari yig‘ishtiriladi, shu bilan dindorlar kuni bo‘yi tik oyoqda ekan. Namozga umuman imkon yo‘q, deydi. Shunda ham imo-ishora bilan o‘qishar ekan. Bilib qolsa, rossa azobga solishar ekan. Eng yomoni bularni to‘rtta-beshta qilib olib chiqib ketar ekan, shu bo‘yi bitta-ikkitasi kelmas ekan. Hoziram uchta mahbus qayerdaligini bular bilmaydi. Iyunda bittasini o‘ligi chiqibdi. Shundoq Jasliqda vahima, odamning yuragi uvishadigan,- deydi 4 avgust kuni Jasliqda jazo o‘tayotgan o‘g‘li bilan uchrashgan toshkentlik Klara Alimova.


Jasliq xorijlik mehmonlar uchun sayyohlik majmui


Shu o‘rinda 64/71 sonli Jasliq qamoqxonasining o‘zi haqida qisqa ma‘lumot.

Bu qamoqxona 1999 yilda ochilgan va norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 400 mahbusga mo‘ljallangan. Ammo O‘zbekistondagi inson huquqlari tashkilotlari ayni paytda unda 600ga yaqin mahbus saqlanayotganini aytadi. Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, bu qamoqxona mahbuslariga davlat byujetidan boshqa qamoqxonalarga nisbatan olti barobar ko‘p sarf-harajat qilinadi.

"Borsa kelmas" nomini olgan bu qamoqxona Sovet davrida biologik va kimyoviy qurollar sinovdan o‘tkazilgan sobiq harbiy inshoot binosida joylashgan. Bu hududda yoz kunlari havo harorati 50 darajadan oshadi, qishda esa minus 30 darajagacha tushadi.

Jasliq qamoqxonasi mahbuslar muttasil tahqirlanishi va qiynoqlarga solinishi bilan nom chiqargan. 2002 yilda O‘zbekistonga kelgan BMTning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi Teo van Bovenning bu qamoqxonani zudlikda yopish to‘g‘risidagi tavsiyasi hanuz bajarilmagan, aksincha, bu qamoqxona yonidan umrbod qamoq jazosiga mahkum etilganlarga yangi qamoqxona ochilgan.

2007 yilning nobyar oyida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasida o‘tgan muhokamada mazkur qamoqxonadagi qiynoqlar va og‘ir vaziyat haqidagi savolga O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Alisher Sharofitdinov O‘zbekiston qamoqxonalari xalqaro standartlarga javob berishi, xususan, Jasliq qamoqxonasi sayyohlik majmuiga aylantirilgan, deya javob qaytargani tanqidlarga sabab bo‘lgan edi.

Ayniqsa, diniy aylovlar bilan qamalgan mahbuslar uchun dahshatli qiynoqlar maskaniga aylangan Jasliq mahalliy va xalqaro inson huquqlari tashkilotlar diqqat markazida qolib kelmoqda.

Ozodlimk Jasliq va O‘zbekistondagi boshqa qamoqxonalardagi qiynoqlar, dindorlarning namoz va ro‘za ibodatlariga oid savol bilan 26 avgust kuni respublika Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga murojaat qildi. Ammo, odatdagidek, javob ololmadi.


Namozni qonun taqiqlamaydi, ammo qamoqda ichki tartib bor


"Islom va jamiyat" ruknining bugungi sonida quyidagi savollarga javob izlashga harakat qilamiz:

- aslida qamoqxona ma‘muriyati amaldagi qonunlar va qonun osti hujjatlariga binoan ro‘za tutish va namoz o‘qishni ta‘qiqlashga haqlimi?
- O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasida jazo o‘tayotgan fuqaroning qanday huquqlari saqlanib qoladi va qaysilaridan mahrum etiladi?
- mahkum musulmonning ibodatiga qanday yengilliklar bor va shunday azobu sitamlar bilan ro‘za tutishga, namoz o‘qishga uringan mahbslarning hukmi qanday?

Birinchi o‘rinda, “Qamoqxona ma‘muriyati ro‘za tutish va namoz o‘qishni taqiqlashga haqlimi?”, degan savolga o‘zbekistonlik taniqli advokat Ruhiddin Komilovdan qisqagina yuridik izoh eshitsak.

Ruhiddin Komilov: Bizda jinoiy ijro kodeksi mavjud. Joylarda o‘sha kodeksga muvofiq ichki tartib qoidalar ishlab chiqilgan. Qamoqxonaning turlari ko‘p. Qattiq rejim, kuchaytirilgan rejim, umumiy rejim. Shunga qarab, qamoqda o‘tirgan mahbuslarning haq-huquqlari mavjud. Keng tushuncha bu. Kerakli paytda uchrashuv huquqi bor, kerakli paytda uydan xat-xabarlar olishi, so‘zlashuv huquqi, oziq-ovqatlar olishi, kerakli paytda pul olish huquqi bor.

Siësiy huquqlarga keladigan bo‘lsak, saylovda ishtirok etish, o‘z nomzodini qo‘yish, aktiv va passiv saylov huquqidan foydalanish tushuniladi. Bu huquqlar mavjud emas. Har bir qamoqxonaning qonundan tashqari ichki tartib-qoidalari mavjud. Bular Ichki ishlar vazirligining maxsus nizomiga asosan qo‘llanadi.

Qamoqxona ma‘muriyati ro‘za tutishga ruxsat berish ëki buni taqiqlash haqqiga egami, degan savolga kelsak, bunga "ha", deb javob berish mumkin. Chunki qonun hujjatlari va me‘ëriy hujjatlar bor. Misol uchun, ba‘zi bir me‘ëriy hujjatlar qonun hujjatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Ya‘ni me‘ëriy hujjatlar bilan normativ hujjatlar o‘rtasida qarama-qarshilik bor. Bundan tashqari Ichki ishlar vazirligining yo‘riqnomalari bor, buyruqlari bor. Ular qonunga zid kelishi mumkin.

Namoz o‘qish ëki o‘qimaslik masalasiga keladigan bo‘lsak, qonun ta‘qiqlamaydi, lekin ichki tartib-qoidalar bu narsani inkor qilishi mumkin. Ya‘ni e‘tiqod erkinligi Konstitutsiya bilan kafolatlagan. Lekin qamoqxonani ma‘lum bir me‘yoriy hujjatga asoslagan ichki tartibi ham bor. Buni aniq bilish uchun monitoring o‘tkazish kerak. Qamoqxonaga erkin kirish kerak, erkin chiqish kerak, ichki tartib-qoidalari bilan tanishish kerak. Buning esa, iloji yo‘q. Vazirliklning qanaqa topshirig‘i ëki buyrug‘i bor, ichki me‘yoriy hujjatlari qanaqa biz bilmaymiz.

Demak, o‘zbekistonlik taniqli advokat Ruhiddin Komilov fikrlaridan O‘zbekistonda qonunda bor huquq qonun osti me‘yoriy hujjatlariga asoslangan ichki tartib bilan cheklanishi mumkin degan xulosa kelib chiqadi.


“Xudo faqat Karimov, payg‘ambar faqat nachalnik”

Ozodlik: Davra suhbatimizda Jasliq qamoqxonasida jazoni o‘tab kelgan sobiq mahbus Abdumalik ishtirok etmoqda. Abdumalik, keyingi paytlarda ro‘za tutishga imkon berilibdi, namoz o‘qishga ruxsat berilibdi, degan xabarlar kelmoqda. Mana siz Jasliq qamoqxonasida jazo muddatini o‘tagansiz, bu xabarni qanday qabul qildingiz va qanday tushundingiz?

Abdumalik: Bu masala va yana shunga o‘xshash ba‘zi narsalarga ruxsat berildi, deb tashqarida ovoza bo‘ladi, lekin advokat (Ruhiddin Komilov – tahr.) aytganidek ichki tartib ko‘p o‘rinda bunday narsalarga hech qachon ruxsat bermaydi. Kameradagilar bilan kelishib ro‘za tutganmiz, namoz o‘qiganmiz. Hattoki ovqatlarimizni kameraga berkitardik. Ularning beradigan ovqati saharlik va iftorlik vaqtiga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin tashqaridan hech qanaqa ruxsat bo‘lmaydi. Sezsa, sal ozgina harakat qilganingizni bilsa, bir kishi bir narusheniye qilsa ham hammani olib chiqib uradi.

Ozodlik: Namoz qanday bo‘lardi?

Abdumalik: Namozni ham berkitib, o‘tirib o‘qirdik. Chet-petlarga o‘tib amallasa bo‘lardi. Lekin namoz o‘qiganimizni ham bilib turishadi. Hamma kamera bir - biridan qanday farq qilishini yaxshi bilishadi ular.

Ozodlik: Bitta kamerada nechta mahbus o‘tirardi va ularning nechtasi dindor edi?

Abdumalik: Bitta kamerada 16 odam o‘tiradi. Kameradagi odamlarning harakatiga qarab, u kamerada namozxonlar ë ko‘payadi ëki ozayadi.

Ozodlik
: Masalan, Ramazon oyi avvalidami ëki Ramazon oyi davomidami qamoqxona kuzatuvchilari ëki nozirlari “ro‘za tutmanglar”, deb to‘g‘ridan to‘g‘ri aytarmidi?

Abdumalik: Men hozir buni yaxshi eslay olmayman. Lekin namoz, suhbat, kalimalar, tashbehlar aytmaslikni ochiqchasiga aytardi. “Xudo faqat Karimov, payg‘ambar faqat nachalьnik”, kabi shunga o‘xshash, astag‘firulloh, gaplarni ochiq aytardi.

Ozodlik: Rahmat, Abdumalik. Ahmadjon aka, mana siz o‘zbekistonlik taniqli huquq faollaridan birisiz. Sizning ikkita farzandingiz diniy ayblovlar bilan jazo muddatini o‘tagan. O‘zbekiston qamoqxonalaridagi bugungi vaziyatni kuzatib kelayapsiz. Jasliq qamoqxonasida ro‘za tutishga ruxsat berildi, degan xabarni qanday izohlash mumkin?

Ahmadjon Madumarov: Bizning O‘zbekistonda diniy e‘tiqod erkinligiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qonun qabul qilingan va o‘sha qonun bilan diniy e‘tiqod erkinliklari chegaralab qo‘yilgan. Ruhiddin aytganidek qamoqxonada o‘zining rejimi bor.

Aslida qamoq jazosi berilaëtganda u ozodlikdan mahrum qilinadi, diniy e‘tiqod erkinligidan mahrum qilinmasligi lozim. Bizning O‘zbekistonda xuddi ana shu holatda har qanday diniy e‘tiqod erkinligidan ham mahrum qilinadi.

Men shuning isboti sifatida aytmoqchimanki, mana farzandim Madumarov Habibullo sud mahkamasiga tortilib, 221-modda bilan ayblanib, ya‘ni qamoqxonadagi tartibni buzganlik uchun, deb sud qilindi va mahkamada prokuror “Sen soat 4 da turib, namoz o‘qibsan. Namozingni pod‘ëmdan keyin, 6 dan keyin o‘qisang bo‘lmaydimi”, deb aytgan. Ollohning buyrug‘i bilan, hali Obidxon aytsalar kerak, musulmonlar uchun besh vaqt namoz farz qilib belgilangan. Namozning farzlaridan biri uni vaqtida o‘qimoqlik. Lekin bunga ular imkon bermaydi.

Qamoqxonada ro‘za tutishga va namoz o‘qishga ruxsat berildi, degan gapga men hech qachon ishonmayman. Chunki qamoqxona rejimida soat 6da pod‘ëm bo‘ladi. 4da turib namoz o‘qigan odam albatta jazoga tortiladi.

Ozodlik: O‘g‘lingiz ustidan bo‘lgan sudda ichki tartibni buzdi, degan vajni keltirishdi deyapsiz. Sizga hech bo‘lmasa shuning mexanizmini, ichki tartib, der ekan ichki tartibga oid hujjatlarni ko‘rsatishganmi?

Ahmadjon Madumarov: Yo‘q. Ichki tartib-qoidalari bo‘yicha qoidalarga rioya qilmoqligi va ish paytida ishni bajarmoqligi kerak. Namoz o‘qish uchun sharoit yaratilgan emas. Namoz paytida joynamoz solib namoz o‘qishi amrimahol. Qamoqxonada ibodatga ruxsat yo‘q va bunga bo‘ysunmaganlar ayovsiz qiynoqqa solinadi. Bundan maqsad esa, dindorlarning e‘tiqodini sindirish. Buning bari dinga qarshi, dinga dushman odamlarning ishi.

Ozodlik: Abdumalik, mana namoz o‘qishga va ro‘za tutishga to‘sqinlik qilinar ekan, ichki tartib vaj qilib keltirilayapti. O‘zi ichki tartib nima bu? U qanday bo‘ladi? Jasliqda o‘tirganingizda ichki tartib to‘g‘risidagi biror bir qog‘ozni ko‘rganmisiz?

Abdumalik: Qog‘ozda yo‘q tartiblar bular. Ofitserlar o‘rnatgan tartib. Rejimniylar, operlar o‘rnatgan tartib shular.

Ozodlik: Qamoqxona ma‘muriyati o‘rnatganmi?

Abdumalik: Ha. Lekin ëzuvda yo‘q bular. Qog‘ozda yo‘q bu narsalar. Bizlarga o‘xshaganlarning ustidan nazorat qilinishi hech qayerda ëzilmaydi. Lekin buyruq bilan hamma hech qaëqqa qimirlamasdan bajaradi shuni.

Ozodlik: Mana shu sharoitda siz qanday qilib namoz o‘qirdingiz?

Abdumalik: Biz namozga turadigan vaqtimizda eshikka yaqin tomondagi odam dejur turib turadi. Tashqaridan kim kelaëtganini, kim turgan turmaganligini poylab turadi. Eshikning tagi ko‘rinmaydiku ko‘zgudan qaraganda. Hech kim yo‘q vaqtida aytadi-da, hojatga chiqib keladiganlar sekin suvning ovozini chiqarmasdan ehtiët bo‘lib tahorat qilib, chetga o‘tib namoz o‘qib oladi.

Ozodlik: Kunduzgi namozlar qanday bo‘lardi?

Abdumalik: Ikki qator bo‘lib ko‘zguda ko‘rinadigan bo‘lib o‘tirasiz. Eshikning tagidagi odam ko‘rinmaydi. Kelib hojatga chiqaman, deb so‘raysiz. Hojatga chiqishga ruxsat bersa, kirib tahoratingizni qilib, o‘zingiz bo‘shatgan joyga o‘tirmaysizda boshqa joyga o‘tirasiz. Eshikning tagidagi ikkita joy ko‘rinmaydi ko‘zgudan qaraganda. Shu yerda o‘tirib navbat bilan namoz o‘qib olardik.


Ichki tartib nachalnik vijdoniga sepilgan suv

Ozodlik: Endi Muhammadsolih Obutovga so‘z bersak. Mana siz 8,5 yil O‘zbekiston qamoqxonalarida o‘tirgansiz. O‘zingiz guvoh bo‘lgan narsalardan so‘zlab bersangiz.

Muhammadsolih Obutov: Zonalarning u yer bu yeriga Konstitutsiyaning ba‘zi bir moddalari ëzib qo‘yilgan. "Mahbuslar o‘z ibodatini emin-erkin ado qilishga haqli", deganga o‘xshagan moddalar ham bor. Lekin amalda aynan namozga qarshilik qilish uchun juda ko‘p kurash uslublari o‘ylab topilgan.

Yozda bomdod vaqti kirganda, namoz o‘qib olish mumkin emas. Rejimni buzgan bo‘lasan. "Nachalьnik, men turib namoz o‘qidim", desa, "Mening namozing bilan ishim yo‘q. Sen rejimni buzding", deydi. O‘zining qonuniga ham sal to‘g‘ri keltirmoqchi bo‘ladi. Bir-ikkitasidan xat ham ëzdirib oladi izolyatorga ëpish uchun.

Ozodlik: Demak, surishtirib borilsa, ular asos topib beradi.

Muhammadsolih Obutov: Ha. Krilovda "Bo‘ri bilan qo‘zichoq", degan masal bor-ku. Bular qonunga to‘g‘ri keltirmoqchi bo‘ladi ular qilaëtgan ishini. Ro‘za tutishga ham qarshilik qilganda “Men hohlamayman yeyishni. Meni majburlaysanmi?” desa, “Bo‘pti yemasang yema” deydi. Endi biz nonni olib ketishimiz, kechqurun yeyishimiz kerakku. “Nonni olib chiqmaysan. Oshxonadan boshqa yerda ovqatlanish mumkin emas” deydi. Tashqariga odam qo‘yib, Gadlar (Qamoqxona ma‘muriyati tomonidan yollangan mahbuslar) tekshirib¸ bizlarni “shmon” qilib, ënimizdan non chiqsa, olib qo‘yadi. U ham qonuniy olinadi. Ya‘ni “ichki tartib shu” deb olinadi. Qarshilikni ham qonunga muvofiqlashtirib boshlashgan edi.

Oshkora ochiq qarshiliklar davri bo‘ldi, ammo, urib ovqat yedirgan davrlaram bo‘ldi. Namoz paytida urib tepadan tepib tushirishar edi. Ikkinchi etajda o‘qir edik. Namoz o‘qiëtgan paytda ustimizga chiqib tepib tushirardi. Bomdod uchun ko‘proq izolyatorda o‘tirganmiz. Juda ko‘p marta shuning uchun urush bo‘lgan.

Zonaning nachalьnigi ba‘zi ba‘zida “Men ham Xudoga ishonaman. Musulmonman” deb qo‘yardi. “Nachalьnik, musulmonman dedingiz. Men namoz o‘qidim. Nimaga meni jazolaysiz?” desa, “Men namozing uchun emas, rejimni buzganing uchun jazolayman”, deb haligi o‘zining vijdonini sal tinchlantirib qo‘ysa kerakda. Xudoning oldida ham shu hujjat bo‘ladi deb o‘ylasa kerakda u ham.

E‘tiqodi uchun bandi qilingan 9 ming musulmon

Ozodlik: Rahmat. Ahmadjon aka, mana sizning so‘zlaringizdan, Abdumalik, Muhammadsolih Obutovning so‘zlaridan tushundikki, qamoqxonada ahvol juda og‘ir. Ro‘za tutish, namoz o‘qishga deyarli imkon yo‘q. Mana shunday og‘ir sharoitda O‘zbekiston hududida diniy motivlar bilan qamoq jazosiga mahkum etilgan mahbuslar soni qancha?

Ahmadjon Madumarov: Mening taxminimcha, hozir diniy e‘tiqod erkinligi bilan qamalgan mahbuslar soni mening ma‘lumotlarimga binoan 13-15 ming o‘rtasida bo‘lsa kerak. Qamoqxonada mavjud bo‘lgan diniy e‘tiqod erkinligi bilan qamalgan odamlarning oila a‘zolari bilan muloqotdan kelib chiqib aytayapman men buni.

Ozodlik: Mana biz bilan aloqada hozir Sur‘at Ikromov ham bor. Sur‘at aka, sizdagi ma‘lumotlarga ko‘ra, diniy e‘tiqodi uchun qamalgan qancha mahbus qamoq jazosini o‘tayapti?

Sur‘at Ikromov: O‘zbekistonda 55 ta qamoq muassasalari bor. Diniy e‘tiqod bilan qamalgan mahbuslar hozir hammasi bo‘lib 9000 dan oshib ketdi.

Ozodlik: Sur‘at aka, avvalgi suhbatlarimizda aytgan edingiz, Jasliq qamoqxonasidagi mahbus uchun boshqa qamoqxonadagi mahbuslarga nisbatan olti barobar ko‘p harajat sarflanadi, deb. Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, bu qamoqxonada hozir 600 ga yaqin mahbus bor. Jami esa mamlakatda 9 ming mahbus e‘tiqodi uchun o‘tiribdi, deyapsiz. Ularni shuncha miqdorda qamagani ham yetmay, yana shuncha sarf harajat bilaye ularni qiynoqqa soluvchilarni ham ushlab turish, bunaqa qiynoq mexanizmini tinimsiz ishlatib turishdan maqsad nima? Bu savol barcha ishtirokchilarimizga qaratilgan, marhamat.

Sur‘at Ikromov: Bu bilasizmi, 90 yillarni boshidan buyon bu shunaqa ishlab kelayapti. Hali Ahmadjon aka aytganidek, bu dindorlarni sindirishga qaratilganda. Shu qiynoq uslublar bilan dindor mahbuslarni e‘tiqodini sindirish va shu bilan ularning ortidan ochiqda qolganlarga ham tazyiq o‘tkazish bu. Har bitta diktatura rejimning o‘z oldiga qo‘yib olgan dushmani bo‘ladi. Karimov rejimining dushmani 90 yillar boshlaridan buyon dindorlar bo‘lib kelyapti aslida. Hozir o‘zi shu 55 ta qamoqxonadagi mahbuslar soni 100 mingga yaqinlashib qolgan. Rivojlangan davlatlarda o‘zi qamoqqa solishdan ko‘ra, jarima solib jazolash praktikasi keng qo‘llaniladi. Chunki, bu juda katta harajatda. Ammo Karimov rejimi odamlarni shu qamoq bilan qo‘rquvda saqlab turish uchun tinimsiz qamayapti.

Obid qori Nazarov: Avvalom bor, qamoqdagi barcha musulmon birodarlarimizni muborak Ramazon oyi bilan qutlayman va hammalariga Ollohdan sabr toqat tilayman! Ularning boshiga kelgan bu sinovlarda sobit turishliklarini va bu kunlari tezroq tugab, tezroq ozodlikka chiqishlarini so‘raymiz. Bu ochiq ko‘rinib turibdiki, din dushmanlari, Islom dushmanlarining ishi. Namoz o‘qigani, ibodati uchun odamlarni olib borib qamoqqa solish va qiynash bu Islom dushmanlarining ishi.

Aslida bu hukumat dinga mehr qo‘yib, namoz o‘qiyman, ro‘za tutaman, degan yoshlarga quloq tutib, ular bilan hisoblashishi kerak edi. Faqat mening aytganim bo‘ladi, degan bu siyosat tufayli mana bugungidek yomon ahvollarga kelib turibmiz. Bu juda katta xato bo‘ldi.

Abdumalik: Bular shu yo‘l bilan dindorlarni sindirmoqchi bo‘ladiyu, ammo, bunaqa bo‘lmaydi. Aksincha, o‘g‘ri bo‘lib kirganlar bizga qo‘shilib namozxon bo‘lganini ko‘rdik, lekin namozxonni benamoz bo‘lganini ko‘rmakdik.

“Karimovni qo‘rqitgan Tohir emas, Abduvali qori edi”

Ozodlik: Shu o‘rinda O‘zbekistonda dindorlarga qarshi boshlangan repressiyalar tarixiga to‘xtalsak. Muhammadsolih Obutov qamoqxonalarda va ochiqda ham dindorlarga bo‘lgan tazyiqlardan yaxshi xabardor. Sur‘at aka bu repressiyalar tarixini 1990 yillarda boshlangan deb esladi.

Haqiqatan ham 1991 yilda Namangan shahrida “Ollohu akbar”, deb hayqirib turgan va Tohir Yo‘ldoshga ergashgan minglab dindorlar oldida avval o‘zi tiz cho‘kib, keyin Tohir Yo‘ldoshni ham tiz cho‘ktirib qaytgan Karimov birozdan keyin Namangan, keyin Qo‘qon, keyin Andijon shaharlarida dindorlarni birin-ketin qamay boshlagan edi. 1995 yilda Abduvali qori hibsga olindi, keyin 1999 yilgi portlashlar bo‘ldi. Marhamat, Muhamamdsolih aka, keyingi 20 yillik repressiyalar davriga qisqacha to‘xtalsangiz.

Muhammadsolih Abutov: Tohirning o‘sha to‘polonidan keyin Karimov birinchi marta dindorlar bilan ro‘baro‘ keldi. O‘zining haëtida menimcha birinchi marta kuchli raqiblarni o‘sha vaqtda ko‘rdi. Tohir o‘sha paytda ruxsat berilmagan norozilik namoyishini o‘tkazganda, men keyin eshitganman shuni, Abduvali akani o‘sha yerga chaqirtirib Andijon viloyat hokimlari “Tohirga ayting. Odamlarni tarqatsin” deb aytgan. Hukumatning kuchi yetmaëtgan bir paytda qori akaning ikki og‘iz gapi bilan odamlar tarqalgan. Tohir ham odamlarning tarqalishiga nima bergan. U yerda Abduvali qorining bessporniy avtoritet ekanini Karimovning o‘zi ham ko‘rgan va u Tohir ham tan oladigan odam edi.

Ozodlik: Qanchalik ishonchli gap bu?

Muhammadsolih Abutov: Bizning Mo‘minjon aka degan domlamiz bor edi. Biz o‘sha vaqtlar Andijonda o‘qigan edik. O‘sha kishi aytgan. Juda ishonchli. Ëlg‘on gapiradigan odamlardan emas edi. Shunda Karimov “Qanday odam bu? Buning bir og‘iz gapi bilan shuncha odam tarqalib ketsa, yana bir og‘iz gapi bilan shuncha odam yig‘ilishi ham mumkin” deb o‘ylanib qolgan. Shunday odam borligini ko‘rgan. Keyin bir-ikki marta uchrashishga harakat qilgan.

Qori akaning teloxraniteli bo‘lib yurgan Qutbulloh degan yigit bor edi. Keyin u bilan turmada birga o‘tirdik. O‘shalar gapirib bergan edi. Hokim kelib turib “Yuring iltimos qori aka. Karimov kutayapti sizni” desa, “Men bormayman. Bor ayt Karimovingga. Mana masjidga kelsin gaplashamiz. Sening ham uying emas, mening ham uyim emas Ollohning uyi” degan.

Karimov Tohirdan ham ko‘ra ancha kuchliroq, odamlarga so‘zi o‘tadiganroq odam borligini bilib, Toshkentda diniy boshqarma tomonlama tazyiq boshladi u kishiga. Keyinchalik bo‘lgan eng katta narsa, Abduvali akaning o‘zini yo‘qotishda bular. Hamma narsa shundan boshlandi. Abduvali akadan keyin tezlashib ketdi. O‘sha paytda Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ham bu rejim bilan kelisha olmay oxiri hijratga chiqib ketgan edi. Diniy boshqarmaning o‘zining ichida ham ko‘p o‘zgarishlar bo‘lib ketdi.

Bu narsa davom etib oxiri 1999 yilda juda jiddiy muammolar boshlandi. Kim qilgan, qanday qilgan bilmadim, lekin juda katta zararga, repressiyaga yo‘l ochib berdi. Karimov bemalol xalqni tazyiq qilishga o‘zini haqli deb hisoblab qoldi.

Shunda hukumatga qarshi oshkora qarshi harakatlar ham bo‘ldi. Men tinchlik yo‘li bilan demoqchiman. Hizbut-Tahrir oshkora varaqalar tarqatib boshladi. Shu paytgacha O‘zbekiston tarixida ko‘rilmagan narsada bu. Sudlarda ular oshkora tarzda sudyalar bilan tortishib, ya‘ni ko‘p minglab o‘zbek ëshlari shu paytda hukumat uchun kutilmaganda maydonda paydo bo‘lib qoldi. Hukumat bundan ham ancha larzaga tushdi.

Haqiqatan bular ancha qo‘rqib, dovdirab, turmaning ichida ham zulmlar qilishga o‘tdi. Shuning uchun men dindorlarga qarshi qamoqdagi qiynoqlar davrini ikkiga bo‘laman. 1990 yillardan 1999 yilga qadar bo‘lgan davr. Unda dindorlar qamalar edi, ichkarida azobga solinmas edi.

1999 yildan keyin esa ichkarida tazyiqlar, namozga, ro‘zaga bo‘lgan qarshilikar boshlandi. Harakat qilindiki, turmaning ichida ham dindorlar xotirjam o‘tirmasin. Harakat qilindiki, dindorlar bilan o‘g‘irlik qilib qamalganlar alohida yursin. Chunki ular ham dindor bo‘lib ketmasin degan hadik bor edida.

Xullas turmaning ichida ham ancha o‘zgarishlar bo‘ldi. Bir paytda ochiqda ham qattiq zulmlar boshlandi. Mana shu ahvolda mana 2005 yilda Andijon qirg‘ini bo‘ldi. Ungacha Buxoroda, Toshkentda nimalar bo‘ldi. Mana o‘tgan yil Xonobodda. Shunaqa qilib yo rayon miqësida, ë viloyat miqësida dindorlar bilan hukumat o‘rtasida haligacha stichka bo‘lib kelayapti.

Zolimona siyosat o‘ziga chox qaziyapti

Ozodlik: Shu o‘rinda, O‘zbekiston hukumati rasmiylari ham bu davra suhbatida ishtirok etsa, yaxshi edi. Ammo, men shu o‘rinda ko‘pgina dindorlar ustidan borgan tergovlarni yuritgan o‘zbekistonlik bir tergovchi bilan suhbatni eslayapman. Shu tergovchi aytgan edi: “Bu hizbutlarni qamoqqa qamab, u yerda sindirib tugatmasak, ular tugamaydi va tek qo‘yilsa, qisqa muddat ichida butun O‘zbekiston hizbut bo‘lib ketishi mumkin. Karimov to‘g‘ri qilayapti”, degan edi. Menimcha, huquq-tartibot idoralari ichida shunday fikrda bo‘lgan xodimlari juda ko‘p. Ammo, ularning shu ishonch ustiga qurilgan siyosati, boyagina Ahmadjon aka ham aytib o‘tganday, dindorlarning e‘tiqodini sindirishga qaratilgan siësati hukumat kutgan natijani berayaptimi va umuman qanday natija berayapti? Shunga qisqa javob bersangizlar. Marhamat.

Abdumalik: Aksincha, musulmonlarni yo‘q qilishga harakat qilgan sari, mana Jasliqda va boshqa zonalarda qancha-qancha o‘g‘ri bolalar musulmon bo‘lib chiqishayapti. Ëki tashqarida qancha-qancha qizlar muslima bo‘lib hijobga kirishayapti. Namozxonlar ko‘payib borayapti.

Ozodlik: Buni hukumat bugun yuritaëtgan siësat natijasi deb o‘ylaysizmi ëki bunaqa siësat bo‘lmasa ham shunaqa ko‘payish bo‘larmidi?

Abdumalik: Ko‘payish albatta bo‘lardi, lekin ular bu yo‘l bilan maqsadiga yetmasligini aytayapman men.

Ozodlik: Marhamat Obid qori aka, sizning fikringiz.

Obid qori Nazarov: Sizning qo‘lingizda bir qimmatbaho narsangiz bo‘lsa, unga birov tahdid solmasa, beparvo bo‘lasiz, xotirjamroq ëningizga qo‘yib qo‘yishingiz ham mumkin. Ammo bir xavotir uyg‘onsa, uni siz mahkam ushlaysiz. Bag‘ringizga qattiqroq bosasiz. Birov qo‘lini uzatsa, dod-voy ko‘tarasiz. Eng ulug‘ boylik, hech bir narx-navo bilan baholab bo‘lmaydigan boylik islom va iymon ne‘mati va solih amallar ne‘mati. Bunga tahdid qilingan sayin qiziqish ortadi. Odamlarning uxlab ëtgan tuyg‘ulari uyg‘onadi, g‘ayratlari, shijoatlari ko‘payadi va inson bor imkoniyatini ishga soladi. Davlatning siësati mana shu jihatdan musulmonlarga foyda.

Albatta zarar, zahmatlari katta bo‘layapti. Bunday qiyinchiliklar bo‘lishini istamaymiz, lekin shu qiyinchiliklarning ortidan keladigan natijasi shu. Bunday qaraganda haqiqatan davlat yutqazayapti hozir. Siësat o‘ziga o‘zi choh qaziyapti. O‘zi Ollohning ham hikmati ham shu. Bu bilan musulmonlar inshoolloh islomda yana ham mustahkamroq bo‘lishadi va ular nusratga, najotga, g‘alabaga erishishadi deb umid qilamiz.

Sur‘at Ikromov: Bilasizmi, men haligi tergovchini fikriga qo‘shilmagan bo‘lardim. O‘zi shu anti-terror bo‘limida ishlayotgan bollarni orasida ham namozxonlari bor aslida. Men ulardan so‘ragananman ham: “Mana sizlaram namozxon, bularam namozxon. Nega birodarlaringizni qamaysizlar?” desam: “Biz ham buni hohlamaymiz, ammo, buyruq shunaqa uni bajarishimiz kerak”, deyishadida. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri Karimov istagi bilan bog‘liq siyosat. O‘zbekistonda bo‘laëtgan bunaqa siësiy ishlar faqat ëmonlikka ishlayapti. O‘zbekistonni umuman dunë bo‘yicha hurmati juda pastga tushayapti. Bu O‘zbekistonga juda katta minus deb o‘ylayman. 15 yil ichida O‘zbekistonning iqtisodi, sotsial ahvoli va ichki siësati bundan faqat zarba yedi.

Muhammadsolih Obutov: Agar huquq-tartibot idoralaridagi xodimlarni tilga olsak, ularam shu dinsiz sovet zamonida katta bo‘lgan, bugungi tipik o‘zbek sotrudniklarida. Ularam o‘zini musulmonman deydi, agar so‘rasangiz. Lekin shu Xudodan ko‘ra ko‘proq Karimovdan qo‘rqadi, bor gap shu. Lekin operlari orasida namozxoni borligiga men ishonmayman. Sajdaga egilgan biror odam o‘zi kabi ibodatda bo‘lgan boshqa bir odamni bunaqangi qilib ezishiga ishonish qiyin.

Agar umuman oladigan bo‘lsak, keyingi davr ichida bo‘lgan bu kurashdan dindorlar haligacha o‘zining maqsadiga erishmadi, agar qanaqadir maqsad sari harakat qilishgan bo‘lsa. Ya‘ni, Hizbut-Tahrir bo‘lsin, boshqa guruhlar bo‘lsin ular o‘zining maqsadiga erishmadi. Karimovning maqsadi taxtda o‘tirish bo‘lsa, haligacha o‘tiribdi. Ammo, shunisi aniqki, u mangu o‘tira olmaydi baribir.

Ozodlik: Muhammadsolih aka, shu yerda bir savol bersam. O‘zbekistondagi dindorlarga repressiyalar tarixi 1991 yilning kuzidagi Namangan voqealari boshida turgan Tohir va o‘sha bessporniy avtoritet bo‘lgan Abduvali qori akaga borib taqaladi, dedik. Bulardan biri Abduvali qori 1995 yilda hibsga olinganidan buyon bedarak. So‘nggi bor u kishining hayot ekani va qaysidir qamoqxonada qo‘li operatsiya qilib, kesib tashlangani haqida MXX ning sobiq josusi Ikrom Yoqubov gapirgan edi. Ammo, bu qanchalik haqiqat ekanini bilmaymiz.

Tohir Yo‘ldosh esa o‘z safdoshlari so‘zlariga ko‘ra, vafot etib ketdi. Vaholanki, shu yil bahor oylarida Andijon viloyatida bo‘lib o‘tgan bir necha mahkama jarayonlarida uyidan Tohirning diski chiqdi, degan ayblov asos qilinib, 20 talab dindorlar qamalgani haqida ma‘lumotlar ham olgan edik.

Nima deb o‘ylaysiz, endi ularning maydondan ketishi bilan ularning nomi bilan borayotgan bu “jodugar ovi” tugarmikin? Dindorlarga nisbatan tazyiq, ta‘qib va qiynoqlar ham tugarmikin, hech bo‘lmasa, susayarmikin?

Muhammadsolih Obutov: Men O‘zbekistonda dindorlarga qarshi repressiyani ko‘pam Tohir Yo‘ldosh nomi bilan bog‘lamagan bo‘lardim. To‘g‘ri, Karimov rejimi uchun bu kurashning avvali shu Tohirning to‘paloni bo‘lgan, deyish mumkindir. Ammo, Karimovning tabiatidagi rejim uchun buning avvali kommunistik rejimdan boshlangan. Bu ham shu dinsiz rejimning mahsuliku. Uning rejimi esa sobiq sovet rejimining shundoqqina o‘zi.

Ertaga uning o‘rniga keladigan kimsa ham diniy jamoatlar, guruhlar bilan Karimovdan qolgan kurash merosini davom ettirishi kerak bo‘ladi. Ya‘ni, bu kurash Karimov va uning davri bilan tugab qoladigan narsa emas. Karimov uzil-kesil g‘olib bo‘lib chiqib ketdi bu maydondan debam tushunmaymiz bizlar. Agar u oxirigacha shu kursida o‘tirib o‘lsa, uning o‘limi bilan u g‘olib bo‘lib ketmaydi bu dunëning o‘zida ham, oxiratda ham.

Jasliqda hayot faqat o‘lim tomon boradi

Ozodlik: Abdumalik, mana shuncha qiynoq bo‘lsa ham, shuncha taqiqlar bo‘lsa ham siz nima uchun ro‘za tutdingiz, nima uchun namoz o‘qidingiz? Hali bu haqda Obid qori Nazarovdan ham so‘raymiz, ammo, tutqunlikda namoz o‘qishga, ro‘za tutishga yengilliklar bor ekanku, siz nega foydalanmadingiz?

Abdumalik: Yengillik bor, lekin biz e‘tiqodimiz uchun, Ollohga iymon keltirganimiz uchun qamaldik. U yerda o‘tirganingizda haët bir tomonlama. Faqat o‘limga qarab ketayapti. Atrofingizda hamma o‘lib borayapti. Tashqaridan umid yo‘q. Shunday holatda bo‘lgandan keyin qanday yaxshi amalni ko‘rsangiz, hammasini tez-tez yig‘ib, amal qilib keyin o‘lib ketishga harakat qilasiz.

Misol uchun Ramazon oyi eng ulug‘ oylardan. Birinchi o‘rinda turadi ro‘za oyi. Ulug‘ oy. Ro‘zani bu yerda tutmasangiz, chiqqandan keyin tutishingiz mumkin. Lekin u yerdan chiqish umidi yo‘qku sizda. Shundoq toza oyni o‘tkazib yuboramanmi deb harakat qilasiz yana kuchliroq musulmon bo‘lishga. Umuman o‘g‘irlik bilan, dinga aloqasi bo‘lmagan, diniy tushunchasi bo‘lmagan bolalar “mana shu Jasliqqa kelganimga Xudoga shukur” deb duo qilishardi.

Ozodlik: Demak, qiynoqlardan e‘tiqod sinmadi, aksincha kuchaydi va e‘tiqodi sustroq bo‘lganlarni ham safingizga tortib ketdi?

Abdumalik: Hattoki umid qilamiz shular jannatiy bo‘lib ketishdi deb. O‘g‘ri bolalar bor edi. Biz ularga tushuntirdik haëtning qanaqaligini, nimaga kelganligimizni, nima uchun yashaëtganimizni. Ular bizga qo‘shilib namozxon bo‘lishdi. Hattoki kechalari turib duo qiladigan birodarlarga aylanishdi va vafot etib ketdi o‘sha bolalar.

Dindor mahbus uchun iymoni kaftidagi cho‘g‘dek

Ozodlik: Obid qori aka, sizga oxirgi savolimiz. Bu Jasliq haqidagi maqola saytga qo‘yilgandan keyin sharhlarda tilga olingan masala. Tutqunlikda musulmonlarga ibodat bo‘yicha yengilliklar berilishi haqida mushtariylarimiz ëzdi. Qanaqa yengilliklar beriladi? Sizni qamoqxonada eshitaëtgan dindor mahbuslarga qanday fatvo bergan bo‘lardingiz?

Obid qori Nazarov: Mana yuqorida Ahmadjon akaning so‘zlarida aytildi boshlab, ya‘ni namoz va ro‘za Olloh taolo farz qilgan ibodat. Va kitoblarda ham aytilgan. Buni hech kim istisno qilmaydi hech qanday holatda. Ya‘ni barchaga barobar farz. Mana shu farzlar mahbuslarga ham, ochiqda yurgan insonlarga ham hamma uchun barobar farz. Bu narsani birinchi o‘rinda eslab o‘tish kerak.

Mana hozir Abdumalikning so‘zidan kelib chiqadigan bo‘lsak, bizning ko‘zimizda og‘ir tuyilaëtgan narsa ular uchun, dunëning ko‘p lazzatlari va rohatlaridan mahrum bo‘lgan inson uchun asosiy lazzat va rohat manbaiga aylangan bo‘lsachi endi shu ibodat?! Demak, birinchi o‘rinda bu farzligini inkor etish kerak emasligi eslanadi va inson o‘zining zimmasidagi burchi farzini har qanday holatda ham bajarishga harakat qilishi ham farz. Bu birinchi masala. Bularning haq-huquqini himoya qilishning, tiklashning harakatini qilishimiz kerak.

Ana endi uzrli holatlarga kelsak bo‘ladi. Islom dini yengillik dini. Olloh taolo bandalariga qiyinlik, mashaqqatni xohlamaydi. Olloh taolo Baqara surasi 185-oyatda “Olloh sizlarga yengillikni istaydi. Sizlarga qiyinchilikni istamaydi” deydi. Insonlarga agar shunday og‘ir sharoitlar bo‘lib qolsa, ular qo‘llaridan kelgancha harakatlarini qilgandan keyin ham imkoniyat yo‘qligi va ular uchun bu juda katta talofatga, ziëniga, halokatga sabab bo‘lishi aniq bo‘lib qolganda, ular uchun albatta yengillik bo‘ladi. Bu qamoqda o‘tirgan odamlar uchungina emas balki tashqarida og‘ir ishda ishlaëtgan odamlar uchun ham. O‘sha ishda ishlamasa, juda ham ahvoli nochor bo‘lib qoladi. Shunday holatlarda ularning ro‘zasini ochishga va boshqa kunlarda keyinchalik imkoniyatini topib tutib berishga ruxsat beriladi.

Tutqunlikda o‘tirgan barcha musulmon birodarlarimiz, hamyurtlarimizni yana bir bor Ramazon oyi bilan muborakbod etamiz va barchalariga Ollohdan sabr-toqat hamda tezda ozod bo‘lishliklarini so‘rab qolamiz!

Ozodlik: Rahmat Obid qori aka. Aziz mushtariy, O‘zbekiston qamoqxonalariga e‘tiqodi uchun bandi qilingan va juda juda og‘ir sharoitda, qiynoqlar ostida jazo o‘tayotgan o‘zbekistonlik dindor mahbuslar taqdiridan gap borgan bugungi eshittirishni yakunlar ekanmiz, hadislarda keladigan: “Bir zamonlar keladiki, musulmon uchun iymonini saqlash kaftda cho‘g‘ni saqlashdek og‘ir bo‘lib qoladi” mazmunidagi gap yodga keladi.

O‘zbekiston qamoqxonalarida ochlik, zo‘rlik, xo‘rlik ostida ibodat qilayotgan minglab musulmon mahbuslar uchun bugun iymoni, go‘yoki, kaftidagi cho‘g‘dek bo‘lib qoldi...
XS
SM
MD
LG