Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:45

"Yoshlar" "mayda pashshachalar"dan tozalanmoqda


"Yoshlar" telekanali jurnalistlarining ochiq chiqishlarini ba‘zilar mamlakatning ikki asosiy telekanallaridan biridagi hokimiyat uchun kurash o‘laroq baholmaoqda.
"Yoshlar" telekanali jurnalistlarining ochiq chiqishlarini ba‘zilar mamlakatning ikki asosiy telekanallaridan biridagi hokimiyat uchun kurash o‘laroq baholmaoqda.

“Yoshlar” telekanalida “tozalash” boshlandi. Telekanalning ikki xodimi o‘z lavozimini suiiste‘mol qilganlik va poraxo‘rlikda ayblanib ishdan bo‘shatilishiga jurnalistlar Saodat Omonova va Malohat Eshonqulovalar telekanaldagi muammolar haqida qilgan chiqishlar sabab, deb ko‘rilmoqda


“Yoshlar” telekanali jurnalisti Saodat Omonovaning Ozodlikka aytishicha, o‘zi va hamkasbi Malohat Eshonqulova O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasidagi muammolarni ommaga oshkor qilganidan “Yoshlar” kanalida “tozalash” ishlari boshlandi.

- Prezidentning davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov milliy teleradiokompaniyaga kelib ketgan ekanlar. O‘shandan keyin “Davr”da mas‘ul kotib bo‘lib ishlagan Dilbar Qosimova, keyin Yoshlar teleradiokanali texnik masalalari bo‘yicha mas‘ul Dilshod Muhammedov ishdan bo‘shatilgan. Asosiy yirik-yirik mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirayotganlar qolib, bular ketishganda. Ularga ish jarayonida o‘z lavozimini suiiste‘mol qilganini vaj qilib, ko‘rsatishgan, deb aytishdi. Shuningdek, pora olishlar tasvirga jo‘natish jarayonida, degan ayblovlar bo‘ldi. Lekin Balzak aytganidek, qonun mayda pashshachalar ilinib yiriklari qutilib qoladigan to‘r bo‘lmasligi kerakda. Afsuski, milliy teleradiokompaniyada bu safar shunday holat yuz berdi va o‘sha katta nahanglar suvdan quruq chiqishdi, deydi Saodat Omonova.

“Yoshlar” telekanali mutasaddilari bu tashkilotda ro‘y berayotgan xodisalarni izohlashdan bosh tortdi.

30 avgust kuni jurnalistlar Saodat Omonova va Malohat Eshonqulovalar Ozodlik orqali prezident Islom Karimovga murojaat qilib, teleradiokompaniyada avj olayotgan mahalliychilik, guruhbozlik, iqtisodiy jinoyatlar va tsenzura kabi muammolar avj olganiga e‘tibor qaratishni so‘ragan edi. Jurnalistlarning iddaolariga ko‘ra, hukumat doirasidagi ayrim shaxslar homiyligida "Yoshlar" kanali direktori Xayrulla Nuriddinov hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi Alisher Xo‘jayev davlat pullarini o‘zlashtirish, ta‘magirlik, ijtimoiy tengsizlik kabi qonunbuzarliklarga mukkasidan ketgan.

Rasmiy matbuotda ishlaydigan ikki jurnalistning davlatga qarashli telekanaldagi muammmolarni ommaga ochiqlaganini ba‘zilar jasorat, deya baholayotgan bo‘lsa, boshqalar buni hokimiyatdagi ayrim doiralar buyurtmasi bilan qilinayotganini aytmoqda.

Oshkora chiqishlarini maxsus buyurtma, deyayotganlarga javoban jurnalist Saodat Omonova bunday javob qatardi:

- Bu bo‘lmagan narsa. Biz tsenzuraga qarshi chiqdik birinchi o‘rinda. Biz o‘sha mahalliychilikka qarshi chiqdik. Men o‘qidim hatto internetda ham “bularga lavozim kerakdir, bularga pul kerakdir”, degan gaplar bo‘layapti. Gap undamas. Gap nohaqlikda. Bizning prezidentimiz ham aytganlar “Odam har qanaqa qiyinchilikka chidashi mumkin, lekin nohaqlikka chiday olmaydi. Biz nohaqlikka qarshi bosh ko‘tardik. Odamlar, boshqalar nima desa, deyaversin. Lekin orqamizda hech kim yo‘q, deydi Saodat Omonova.

Malohat Eshonqulova ham tanqidiy chiqishlari shaxsan o‘zinining tashabbusi ekanini aytadi.

- Jurnalist uchun eng og‘ir narsa, eng uyatli narsa birovning qo‘lida qurol bo‘lish, deb hisoblayman shaxsan men. Men nimaiki qilgan bo‘lsam, vijdonim buyurgan ishni qilganman avval boshdan ham. Har doim aytaman “Mening orqamda prezident turibdi. Boshqa hech kim emas”, deb. Men qonun ustuvorligiga ishonib, prezidentga ishonib, boshlaganman mana shu nohaqliklarga qarshi kurashni. Agarda menda o‘sha ishonch bo‘lmaganda edi, men haqsizliklarga, mahalliychilikka, poraxo‘rlikka, tsenzuraga, tanish-bilishchilikka, guruhbozlikka, ijtimoiy tengsizlikka qarshi bosh ko‘tarmagan bo‘lardim, deydi Malohat Eshonqulova.

Jurnalist Omonovaga ko‘ra, ayni paytda unga nisbatan bosim va tazyiqlar kuchaygan.

- Telefonlarimiz tinglanayapti, orqamizdan odam qo‘yilgan. Kuzatishayapti, bilayapmiz. Internetdagi xatlarimiz ochib o‘qilayapti. Kimdir bizlarni tekshirayapti. Mana shularning o‘zi tazyiq emasmi? S‘yomkaga chiqarishmayapti, masalan. Har kuni boraman kelaman, boraman kelaman. Nimaga ishga chiqarishmayapti? Kecha Shayhontohur ichki ishlar bo‘limidan kelishdi uyga, deydi Saodat Omonova.

O‘zbekiston Milliy teleradiokampaniyasi jurnalisti Yoqubjon Xo‘jamberdiyev ikki hamkasbi iddaolarining ayrimlarini inkor qilib, ba‘zilarida jon bor, degan fikrni bildiradi.

- Men Saodat Omonova bilan ham, Malohat bilan ham shaxsan tanish emasman. Lekin ularni ko‘rsatuvlari orqali taniyman. Ularning bevosita – Yoshlar televideniyesi haqida chiqishlariga kelganda shuni aytish kerakki, mening nazarimda shamol bo‘lmasa, daraxtning bargi ham qimirlamaydi. Ularning aytgan gaplarida qandaydir jon borki, o‘sha yerda mana shunday nimalar bo‘layapti. Agar Saodat Omonovaning aytgan gaplari yolg‘on bo‘lsa, ularga qarshi bir chora ko‘rilsin. “Sening gaping unaqa emas bunaqa”, deb tushuntirib berilsin. Tushuntirib berilmasa, bularning chiqishlariga munosabat rasmiylar tomonidan aytilmasa, mana shunday gap-so‘zlar ko‘payaveradi.

Ozodlik: Yoqubjon aka, aynan siz ishlayotgan redaktsiyada tsenzura bormi?

- Tsenzura yo‘qku o‘zi. Tsenzura allaqachon olib tashlangan. Bizning o‘zimizning ichimizda tsenzura bor. Jumladan mening o‘zimning ichida ham, ko‘rayotgan materialimni qarab, “Bugungi siyosatga to‘g‘ri keladimi kelmaydimi?”, deb taroziga solib ko‘rasiz. Hamma fojia shundaki, hamma narsaning bugunga to‘g‘ri kelish kelmasligiga qarab, baho berayotganimizda. Hamma fojia shunda, deydi Yoqubjon Xo‘jamberdiyev.

XS
SM
MD
LG