Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:12

Dushanbe diskoklubidagi portlash endi "bezorilik", deya baholanmoqda


"Do‘sti" diskoklubida sodir bo‘lgan portlash terrorchilik xuruji bo‘lgani taxmin etilmoqda.
"Do‘sti" diskoklubida sodir bo‘lgan portlash terrorchilik xuruji bo‘lgani taxmin etilmoqda.

Tojikiston poytaxtidagi “Do‘sti” diskoklubida dushanbaga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan portlash oqibatida, mahalliy ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, 7 tagacha kishi tan jarohati olgan, 2 kishining ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda.


Dushanbening Sino tumanidagi “Do‘sti” bozori yaqinida joylashgan “Do‘sti” diskoklubi binosi portlashdan jiddiy zarar ko‘rmagan. Binoning tashqi ko‘rinishidan tunda bu binoda portlash ro‘y berganiga ishonish qiyin, chunki devorlari ham, deraza oynalari ham joyida.

Tungi portlash Ramazon oyining Laylatul-qadr kechasiga to‘g‘ri keldi. Hodisa sodir bo‘lgan mahallada yashaydigan dushanbeliklarning ko‘pchiligi bu tunda bedor bo‘lganlari tufayli haqiqatan ham 6 sentyabrga o‘tar kechasi “Do‘sti” bozori atrofidagi portlash ovozini eshitganini aytishdi.

Ulardan biri Alouddin ota portlash ovozini voqea joyidan 500 metrlar naridagi mahalla masjidida eshitganini aytadi.

- Masjidda bir necha nafar chol bilan o‘tirgan edik. Soat taxminan 12 lar edi. Birdan nimadir portladi. Avvaliga transformator deb o‘yladik. Chollardan biri esa: “Masjidga qo‘shni bo‘lgan uylardan birining darvozasi qattiq yopildi”, dedi. Bomdod namozidan keyin bilsak, “Do‘sti” diskotekasida portlash ro‘y beribdi. Bir necha nafar jarohat olib, kasalxonaga olib ketilgan ekan, deydi Alouddin ota.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi dastlab bu voqea terrorchilik xususiyatiga egaligini bildirib, mazkur hodisa Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan o‘rganilayotgani bayon qilgan edi.

6 sentyabr kunining ikkinchi yarmida Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tungi klubdagi portlash "terrorchilik emas, bezorilik" bo‘lganini ma‘lum qildi. Tojikiston MXQsiga ko‘ra, disko-klub zalida "pirotexnik moslamadan tayyorlangan va katta kuchga ega bo‘lmgan portlovchi moslama harakatga keltirilgan."

Rasmiylar mazkur voqeaga aloqadorlikda gumon qilinib, ikki kishi qo‘lga olinganini ma‘lum qildi.

Mustaqil tahlilchilar esa, “Do‘sti” diskoklubidagi portlashda axloqiy va siyosiy omillar qorishib ketganini aytishmoqda.

- Bu portlashning ikki xususiyati bor. Birinchidan, “Do‘sti” diskoklubi boshqa diskoklublarga qaraganda xalq orasida salbiy jihatlari bilan tanilgan edi. Ramazon oyida ham bu klub o‘z faoliyatini to‘xtatmagani ayrim diniy-ekstremistik tashkilotlar tarafdorlarining g‘ashini keltirgan bo‘lishi mumkin. Ikkinchidan esa, Tojikiston hukumati har gal Islom bilan bog‘liq barcha masalalarga bir tomonlama qarab, musulmonlar diniy erkinligini poymol qilayotgani shunday hodisaning ro‘y berishiga turtki bo‘lgan, deb o‘ylayman, deydi siyosiy tahlilchi Abdug‘ani Mamadazimov.

Tahlilchi fikricha, hukumat mamlakatda fuqarolarning din erkinligini hurmat qilishi zarur.

Boshqa bir tahlilchi Parviz Mullajonov mulohazasicha esa, bu hodisa shu yil 3 sentyabrida Xo‘jandda ro‘y bergan portlashning davomidir.

Uningcha, bu portlashlar ortida Al-Qoida va O‘zbekiston Islomiy harakati tarafdorlari turibdi.

- Bu Tojikistondagi, qolaversa, Markaziy Osiyodagi barqarorlikni izdan chiqarish uchun qaratilgan seriyali portlashlarning bir qismi, desam xato bo‘lmas. Bunday portlashlar yana ko‘plab qaytarilmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Shuni nazarga olgan holda, mintaqa davlatlari bir yoqadan bosh chiqarib, bu terrorchi tashkilotlarga qarshi birgalikda kurashishi uchun vaqt yetgan, deydi mustaqil tahlilchi Parviz Mullajonov.

Aytish joizki, Dushanbedagi tungi portlash So‘g‘d viloyat ichki ishlar boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi binosi yonida 3 sentyabr ertalab xudkushlik hujumi sodir etilganidan ikki kun o‘tib ro‘y berdi.

Tojikistonda bir oyning ichida ketma-ket ro‘y bergan portlashlar tojikistonliklar orasida turli shov-shuvlarga sabab bo‘layotgani kuzatiladi.
XS
SM
MD
LG