Линклар

logo-print

O‘zbekiston va Qirg‘iziston asirlarni almashtirdi


O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi o‘tish punktlari oddiy fuqarolar uchun yopiq qolayotgan bo‘lsa ham, asirlar almashish uchun asqatyapti.

O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi o‘tish punktlari oddiy fuqarolar uchun yopiq qolayotgan bo‘lsa ham, asirlar almashish uchun asqatyapti.

Yakshanba kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston rasmiylari o‘tgan oyda hibsga olingan ikki davlatning chegarachilari va bojxona xodimlarini almashdi. Qirg‘iz chegarachilari 21 avgust kuni O‘zbekistonning uch bojxonachisi va bir MXXchisini hibsga olganidan 10 kun o‘tib o‘zbek chegarachilari ham qirg‘iz hamkasblarini qo‘lga olgan edi.


5 sentyabr kuni soat 22:00 da “Qadamjoy- avtoyo‘l” chegara punktida O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston hibsdagi chegarachilarni almashdilar.

Qirg‘iziston tomoni 21 avgust kuni hibsga olingan O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatining bir xodimi va Bojxona qo‘mitasining uch nafar zobitini O‘zbekistonga topshirdi.

O‘zbekiston esa buning evaziga 31 avgust kuni ushlangan to‘rt nafar qirg‘iz chegarachisini Qirg‘izistonga qaytardi.

2 sentyabr kuni ikkala tomon ham ushlangan chegarachilarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida ma‘lum qilgan edi.

Qirg‘izistonning Botken viloyati hokimligi mudofaa va xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i Toshtemir Eshaliyev Ozodlik bilan suhbatda 21 avgust kuni O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatining bir xodimi va Bojxona qo‘mitasining uch nafar zobiti jinoyat ustida ushlanganini aytgan edi.

- O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati vakili bizning hududdan 150 ming qirg‘iz so‘mi miqdordagi tovarni chegaradan noqonuniy olib o‘tayotgan paytda qo‘lga olindi. Uning yonida O‘zbekiston bojxona qo‘mitasining uch xodimi bo‘lgan. Ular Qirg‘iziston hududiga noqonuniy kirgani yetmaganday, qirg‘iz chegarachilariga qarshilik ham ko‘rsatganlar,- deya ta‘kidlagan edi Toshtemir Eshaliyev.

O‘zbekiston rasmiylari esa, bir chegarachi va uch bojxonachi o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan paytda noqonuniy ravishda qo‘lga olinganini aytgan.

O‘zbekiston MXXsiga ko‘ra, 31 avgust kuni Qirg‘iziston maxsus xizmatlarining kontrrazvedka bo‘limi boshlig‘i polkovnik Ziyodilla Begmatov va Aydarkon chegara punkti boshlig‘i podpolkovnik Ismatilla Anarboyev Farg‘ona tumaniga qarashli Vodil aholi yashash punktidagi "Yaxshi niyat" choyxonasiga tushlik qilgani kirgan va alkogol ichimliklarini ist‘emol qilib, mast holatda mahalliy fuqarolar bilan mushtlashgandan keyin qo‘lga olingan edi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, 31 avgust kuni yana bir qirg‘iz leytenanti va oddiy askar ham ushlangani aytiladi.

Qirg‘iziston tomoni bu chegarachilar o‘zbek chegarachilari tomonidan Vodil bilan Pulgon qishloqlari o‘rtasidagi neytral hududga muzokara qilgani telefon orqali aldab chaqirib, qasddan qo‘lga olishganini bildirgan edi.
XS
SM
MD
LG