Линклар

logo-print

Qamoqdan yana bir dindorning o‘ligi chiqdi


Rasmiylar bergan guvohnomada yuzi tilka-pora qilingan Shavkat Alimxo‘jayevning "organizmning umumiy qonsizlanishi" sabab bo‘lgani iddao qilinadi.

Rasmiylar bergan guvohnomada yuzi tilka-pora qilingan Shavkat Alimxo‘jayevning "organizmning umumiy qonsizlanishi" sabab bo‘lgani iddao qilinadi.

37 yoshli Shavkat Alimxo‘jayevning jasadi Navoiy qamoqxonasida 22 iyul kuni Toshkentdagi yaqinlariga olib kelindi. O‘lim haqidagi guvohnomada marhumning organizmi umumiy qonsizlanish tufayli vafot etgani aytilgan. Lekin rahmatlik Shavkatjonning onasi Ozodlik bilan suhbatda o‘g‘li qiynoqlar qurboni bo‘lganini gapirib berdi.


Ozodlikka 6 sentyabr kuni ma‘lum bo‘lishicha, Navoiydagi 64/46 sonli qamoqxonadan yana bir dindor mahbusning jasadi kelgan.

Marhum Shavkat Alimxo‘jayevning onasi, Toshkent shahri, Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi Nasiba Alimxo‘jayeva so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘lining tanasida qiynoq alomatlari bo‘lgan.

Marhumning yuzlari ko‘kargan, bir ko‘zi chanog‘idan chiqib ketgan va bosh miya suyagi ochilgan.

Tungi soat 3 lar atrofida marhumning jasadi ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib kelingan va o‘sha zahoti dafn etilishi talab qilingan.

Ozodlik bilan suhbatda Nasiba Alimxo‘jayeva shu vaqtga qadar qo‘rquv bois sukut qilgani, ammo,37 yoshli o‘g‘lini hayotdan olib ketgan qiynoqlar sababini bilish istagi uni xalqaro jamoatchilikka murojaat qilishga majbur qilganini aytdi.

Ozodlik: Demak, kechasi olib kelingan.

- Ha.

Ozodlik: Soat nechada?

- Soat ikki yarimdami shunaqa.

Ozodlik: Kim qanday holatda olib keldi?

- Urgan. O‘ng ko‘zi bu ëqqa chiqib qolgan. Lablari ko‘karib ketgan, boshiga tepgan. Bu qulog‘idan u qulog‘igacha kesilgan va tikilgan. Qo‘lini va oëg‘ini bog‘lab qo‘ygan. Hamma ko‘rdi uni. Mahalladagilar “Damasda ikki kishi edi. Ikkita o‘lik olib kelishgan o‘sha kuni. Bittasini bu ëqqa tushirdi, bittasini olib ketishdi”, deyishdi.

Ozodlik: Sizlardan darrov dafn etishni talab qilishdimi?

- Ha. Srazu chiqarish kerak deyishdi.

Ozodlik: Sizlar o‘zinglar alohida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishga harakat qilmadinglarmi?

- Qilmadik. Yuvg‘ichni, go‘rkovni o‘zlari o‘sha kechasi chaqirib kelishdi. “Ertalab chiqarasiz”, deyishdi. Ertalab soat besh yarimda olib borib ko‘mildi bola. Hech kim, hech narsa qila olmadi. Qo‘shnilar “Butun nimani o‘rab olishgan. Hammasi shu yerda edi”, deyapti.

Ozodlik: Nasiba opa, sizning so‘zlaringizga ko‘ra, qiynoq alomatlari bor edi. Lekin mana o‘limi haqidagi guvohnomada “Organizm umumiy qonsizlanishidan vafot etdi”, deb qo‘yilgan.

- Shunaqa deb ëzilgan. Men tushunmadim bu nima degani? Aprelda ikki soatlikda gaplashib o‘zi bilan, sog‘liqlaring qanaqa yaxshi, keyin men “Bo‘pti mayli. Men 30 avgustda sutkalikka kelaman”, deb ketganman.

Ozodlik: Demak, sizningcha u qiynoqdan vafot etgan.

- Urganda. Ë orqasidan bo‘g‘ganmi. Ko‘zi o‘zidan o‘zi chiqib ketmaydiku to‘g‘rimi? Qiynagani ko‘rinib turibdida. Men rasmga olinglar dedim. Hammasining qo‘lida telefoni bor edi. Qo‘rqishdida bular. Odami turibdi ichida. O‘sha yerdan kelgan odam turibdi.

Ozodlik: Nasiba opa, mana bu musibatdan keyin qanday xulosadasiz o‘zingiz?

- Mening xulosam bizlarga hech kim quloq solmayapti. Men bilmayman, nima savol-javob, nima bo‘lgan, Andijondan Navoiyga nimaga jo‘natgan? Andijonga olib ketganda ham o‘sha yerda qiynoqlar bo‘lgan. Oëg‘ining tagiga urgan, (yig‘lab) qo‘lini kishanga solaverib o‘ng qo‘li ishlamay qolgan bolamning, ëzdim shuni. Hech qaysinisi quloq solmadi. Qo‘rqitishadi. Menga prosto hozir alam qilaëtgani nima uchun o‘ldirishdi? Nima uchun qilishdi bilmayman, deydi Nasiba Alimxo‘jayeva.

Shavkat Alimxo‘jayev 37 yoshda edi.
Navoiy qamoqxonasida qiynoqlardan o‘lgani aytilayotgan 37 yoshli Shavkat Alimxo‘jayev 1999 yilda “Hizbut-Tahrir” partiyasiga a‘zolikda ayblanib, 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. 2008 yilda — ozodlikka chiqishiga 50 kun qolganda — qamoqxona ichkarisida sud qilinib, yana 8 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Shu yil 15 iyun kuni o‘g‘lini ko‘rib qaytgan Nasiba Alimxo‘jayeva uning sog‘lom ekani va sog‘ligidan shikoyat qilmaganini eslar ekan, “Nima uchun dindor mahbuslarga bunchalik qiynoq va o‘lim?”, degan savoliga mamlakat rasmiylaridan javob ololmagani bois O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhiga murojaat qilganini aytadi.

Tashkilot rahbari Sur‘at Ikromovga ko‘ra, bu so‘nggi bir oy ichida ayni mazmunda uning tashkilotiga bo‘lgan to‘rtinchi murojaatdir. Har to‘rt holatda ham jasadlari yaqinlariga topshirilgan mahbuslarning diniy motivlar bilan qamalgani va qiynoqlardan o‘lgani qayd etilgan.
XS
SM
MD
LG