Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:29

Belarus jurnalisti Bebeninning g‘ayrioddiy o‘limi ko‘pchilikda shubha uyg‘otmoqda


Jurnalist Oleg Babeninning dafn etish marosimi. Safdoshlarining aytishlaricha, Oleg Bebeninning xudkushlikka qo‘l urishi uchun hech qanday asos yo‘q edi.
Jurnalist Oleg Babeninning dafn etish marosimi. Safdoshlarining aytishlaricha, Oleg Bebeninning xudkushlikka qo‘l urishi uchun hech qanday asos yo‘q edi.

3 sentyabr kuni Minsk yaqinidagi dala hovlisida Belarus muxolifat minbari sanalmish “Xartiya-67” sayti asoschisi va rahbari Oleg Bebenin jasadi topildi.Uning safdoshlari Bebenin o‘z joniga qasd qilganiga ishonmasliklarini bildirmoqda.

Umidbek

Belarus Bosh prokuraturasi tarqatgan xabarga ko‘ra, muxolifatchi jurnalist Oleg Bebenin o‘z joniga qasd qilganligi sababli vafot etgan. “Shunga qaramasdan, prokuratura boshqa ehtimoliy vaziyatlarni ham o‘rganib chiqadi”, deyiladi Belorus prokuraturasi ma‘lumotnomasida.

Minsk viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot bo‘limi boshlig‘i Aleksandr Danilchenko Oleg Bebenin jasadi 3 sentyabr soat taqriban 19:00 larda Dzerjinsk tumanidagi dala hovlida topilganini aytdi:

- Bebenin binoning ikkinchi qavatiga eltuvchi yo‘lakda o‘rnatilgan yasama sirtmoqda osilib turgan. Jasad yonida yiqilgan taburetka topildi, - deya ma‘lum qildi Aleksandr Danilchenko.

Uning aytishicha, tergov va prokuratura xodimlari tomonidan 2 shisha “Belarus balzami” spirtli ichimligi topilgan. Jasadda hech qanday jarohat yoki boshqa izlar aniqlanmagan. Shuningdek, dala hovlida Bebenin tomonidan qoldirilgan hech qanday xat yoki boshqa yozuvlar topilmagan.

Ma‘lum bo‘lishicha, yaqindagina Gretsiyadan oilasi bilan dam olishdan kelgan Bebenin 2 sentyabr kuni uyidan dala hovlisiga jo‘nab ketgan, shu vaqtdan boshlab uni hech kim ko‘rmagan va u ham aloqaga chiqmagan.

Oleg Bebeninning safdoshi, “Evropa Belarusi” Fuqarolik harakati yetakchisi, Belarus prezidentligiga nomzod Andrey Sannikov “Xartiya-97” sayti asoschisining o‘limida ko‘p narsa shubha tug‘dirayotganini gapirdi:

- Eng avvalo, hech qanday yozuv yo‘qligi. Men Olegni oxirgi marotaba ko‘rganlarning deyarli barchasi bilan suhbatlashdim, boz ustiga, men shaxsan u bilan o‘limidan oldinroq uchrashgan edim: bu hodisa ro‘y berishiga hech qanday asos yo‘q edi. U katta rejalarni tuzayotgan edi, - dedi Andrey Sannikov.

Oleg Bebenin ilgari ham jurnalistik faoliyati bilan bog‘liq tajovuzga duch kelgan, uni ko‘p marotaba qo‘rqitishga urinishgan, jinoiy ish ochishgan. Shu sababli, Sannikovga ko‘ra, tergov barcha versiyalarni puxta o‘rganib chiqish zarur.

“Xartiya-97” internet nashri bosh muharriri Natalьya Radina fikricha, Oleg Bebenin o‘z joniga qasd qilaolmas edi. Uning guvohlik berishicha, jurnalistning na oilaviy, na sog‘liq bilan bog‘liq muammolari mavjud edi:

- Men ichki ishlar organlari ilgari surayotgan versiyaga ishonmayman. Tibbiy ekspertiza xulosalari e‘lon qilinmasdan qanday qilib biror nima deyish mumkin? Aytishim mumkinki, Oleg Bibenin Sannikovning saylov komandasida asosiy a‘zolaridan edi. Qolaversa, u ajoyib, ochiqko‘ngil inson va o‘z ishining ustasi edi, - dedi "Xartiya-97" nashri bosh muharriri Natalьya Radina.

Prezidentlikka yana bir nomzod, Mizes ilmiy-tadqiqot markazi rahbari Yaroslav Romanchuk ham mashhur jurnalistning o‘limi uning siyosiy-ijtimoiy faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi:

- Bebenin faqat sayt va ayrim axborot loyihalari yuzasidan demokratik harakat bilan bog‘liq faoliyat yuritgan. U tadbirkorlik yoki boshqa yashirin faoliyat turlari bilan shug‘ullanmagan. Shu sababli o‘limining birinchi sababi uning sog‘ligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, ikkinchisi uning axborot-siyosiy faoliyatidir. Shuningdek, u 2010 yilgi prezidentlik saylovi kampaniyasining faol ishtirokchilaridan biri edi, dedi Belarus prezidentligiga nomzod Yaroslav Romanchuk.

Belaruslik jurnalist o‘limiga Yevropa parlamenti ham o‘zining munosabatini bildirdi. Mazkur tashkilot rahbari Yeji Buzek Belarus hukumatini Bebenin o‘limi bilan bog‘liq hodisa yuzasidan ob‘ektiv tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi.

Ayni paytda Belarus sud-tibbiy ekspertizasining e‘lon qilingan xulosasiga ko‘ra, “vafot etgan muxolifatchi jurnalist Oleg Bebeninning tanasida hech qanday zo‘rlik alomatlari aniqlanmagan”. Shunga qaramasdan, jurnalistning yaqinlari ekspertiza uning aniq vafot etgan vaqtiga oid turli taxminlarni keltirayotganini ta‘kidlamoqda.

Oleg Bebeninning dafn marosimi 6 sentyabr kuni Minsk shahrida o‘tkaziladi.

1974 yilda tug‘ilgan Oleg Bebenin Belorus Davlat universitetining jurnalistika fakultetini bitirgan. O‘tgan asrning 90-chi yillari boshida Belarusda “Imya” mustaqil gazetasining bosh muharriri muovini lavozimida ishlagan. 1998 yilda “Xartiya-97” internet saytiga asos solgan va boshqargan.

Oleg Bebenin 2 o‘g‘ilning otasi edi.
XS
SM
MD
LG