Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 05:06

Tojikistonda Demokratik kuchlar milliy harakatini ta‘sis etmoqchilar


Tojikiston sotsial-demokratlari lideri Rahmatullo Zoirov yangi xalq harakatining asosiy tashabbuskorlaridan biridir.
Tojikiston sotsial-demokratlari lideri Rahmatullo Zoirov yangi xalq harakatining asosiy tashabbuskorlaridan biridir.

Tojikiston Sotsial-demokratik partiyasi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan yangi milliy harakat mamlakatdagi siyosiy partiyalar, nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va alohida shaxslarni o‘z atrofiga to‘plab, haqiqiy demokratik qadriyatlarni jamiyatga integratsiya qilishni maqsad qilgan.


Tojikistonda fuqarolik jamiyati institutlarining har ikkala oyog‘i bilan oqsayotganini da‘vo qilayotgan Sotsial-demokratlar lideri Rahmatullo Zoirov tojik jamiyatida demokratik kuchlar milliy harakatini ta‘sis etishga qaror qilganini aytadi.

- Bu harakat o‘z nomidan ma‘lumki, xalq harakatidir. U davlat qaydidan o‘tmaydi va yuridik shaxs sifatida ham faoliyat yuritmaydi. 2001 va 2002 yillardan keyin Tojikistonda fuqarolik jamiyatini shakllantirish va uni takomillashtirish masalasi boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Nodavlat tashkilotlar ko‘p jihatlari bilan siyosatdan yiroqlashdi, aniqrog‘i, yiroqlashtirildi. Shu yillar davomida deyarli birorta muxolifat partiyasi maydonga chiqmadi. Shuni nazarga olgan holda, bugun nafaqat siyosiy partiyalar, balki nodavlat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, alohida shaxslarni o‘z ichiga olgan demokratik kuchlar milliy harakatini tuzishga va haqiqiy demokratik jamiyat barpo etishga qaror qildik, deydi Rahmatullo Zoirov.

Sotsial-demokratlar liderining bildirishicha, milliy harakat shu yil sentyabr oyi oxirlarigacha faoliyatni boshlaydi. Ayni paytda, Zoirovga ko‘ra, bu harakatga a‘zo bo‘lishni istovchi tojikistonliklar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

- Biz hozircha vaqtni g‘animat bilib, xalq harakati sifatida faoliyatimizni boshlayveramiz. Qonunchiligimizda foliyatimizga to‘siqlar yo‘q. Kelgusida esa Adliya vazirligiga hujjatlarimizni topshiramiz. Tashkilotimizni qaydga olish yoki olmaslik shu vazirlik mas‘ullari himmatiga bog‘liq. Niyatimiz beg‘araz. Bizning xalq siyosiy va ijtimoiy madaniyatini o‘stirishdan boshqa maqsadimiz yo‘q. Vazifamiz faqat tushuntirib berishdan iborat. Qator seminar va anjumanlar o‘tkazib, tojik jamiyati so‘nggi yillarda nima uchun rivojlanmayotganini fuqarolarga tushuntirib boramiz, deydi Sotsial-demokratlar partiyasi raisi Rahmatullo Zoirov.

Muxolifat partiyasi lideri Tojikiston hukumati kelgusi bir yil davomida o‘z siyosatini o‘zgartirmasa, mamlakatda siyosiy beqarorlik vujudga kelishi mumkinligi haqida ham ogohlantirdi.

- Agar Tojikiston hukumati siyosati shu tarzda davom etaversa, bir yildan so‘ng mamlakatdagi siyosiy barqarorlik izdan chiqishi aniq. Bu beqarorlik eng avvalo hukumat ichida boshlanadi. So‘nggi bir necha kun davomida Xo‘jand va Dushanbeda sodir bo‘lgan hodisalar, ya‘ni mahbuslarning hibsxonadan qochishiyu, qator portlashlar – bularning hammasi huquqiy va siyosiy e‘tirozlar belgisidir. Hozir vaziyat shu qadar taranglashganki, agar Tojikiston hukumati demokratik jamiyat barpo etishni tezlashtirib, mamlakat iqtisodiyotini monopolistlar qo‘lidan ozod etmas ekan, ishontirib aytamanki, Tojikistonda siyosiy beqarorlik vujudga kelishiga sanoqli kunlar qolgan, deydi Rahmatullo Zoirov.

Tojikistonda milliy harakat ta‘sis etish rejasi atrofida qarashlar turlicha.

Tojikiston prezidenti qoshidagi strategik tadqiqotlar markaz mas‘uli Sayfullo Safarov fikricha, bugun jamiyatda shunday bir harakatning faoliyat boshlashiga mutlaqo zarurat sezilmaydi. Chunki, Safarov mulohazasicha, shusiz ham Tojikiston hukumati demokratik printsiplarga asoslangan holda siyosat yurgizayotir.

Mustaqil tahlilchi Hurinisso G‘afforzoda esa bu fikrlarga qo‘shilmas ekan, “shunday bir milliy koalitsiya kuchlari Tojikistonda 2000 yillar boshida tuzilishi lozim edi”, deydi.

- Lekin masalaning boshqa tomoni shundaki, bu harakatga kimlar a‘zo bo‘ladi? Ular orasida xalq e‘tiborini qozongan, haqiqatan xalq g‘ami bilan yashayotgan shaxslar bormi? Chunki tojikistonliklar har qanday nodavlat tashkilotlari, oqimlar va jarayonlarga ergashishdan cho‘chib qolgan. Ammo, har holda, Tojikistonda shunday bir milliy harakatning tuzilishi bugungi kun talabidir, deydi Hurinisso G‘afforzoda.

Eslatib o‘tamiz, bundan ikki yil avval Moskvada taniqli tojik jurnalisti Dodojon Atoulloyev tashabbusi bilan “Vatandor” harakati tuzilgan edi. Garchi Atoulloyev bu harakatga Tojikiston va undan tashqarida tanilgan shaxslar a‘zo bo‘lganini aytgan esa-da, u jamiyatda e‘tibor qozona olmadi va Tojikistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga o‘z ta‘sirini o‘tkaza olmadi.
XS
SM
MD
LG