Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:39

Qirg‘izistonlik sobiq amaldorlar uchun parlament saylovi najot halqasimi?


Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi raisi Aqilbek Sariyev turli jinoyatlarda gumonlanayotgan deputatlikka nomzodlar yuzasidan sud qarori chiqmaguncha, ularni ro‘yxatga olmaslik bo‘yicha MSKda vakolat yo‘qligini aytdi.
Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi raisi Aqilbek Sariyev turli jinoyatlarda gumonlanayotgan deputatlikka nomzodlar yuzasidan sud qarori chiqmaguncha, ularni ro‘yxatga olmaslik bo‘yicha MSKda vakolat yo‘qligini aytdi.

Qirg‘izistonda shu yil 10 oktyabriga belgilangan parlament saylovlari arafasida avvalroq ta‘qib tufayli mamlakatdan chiqib ketgan, endilikda mazkur saylovlarga qatnashish niyatida bo‘lgan sobiq amaldorlar asta-sekin yurtga qaytmoqda.


Bishkek shahrining sobiq meri Narimon Tyuleyev apreldagi davlat to‘ntarishidan so‘ng ko‘plab jiddiy jinoyatlarda ayblangan va Qirg‘izistondan qochib ketgan edi. U 6 sentyabr kuni hech qanday to‘siqlarsiz Qirg‘izistonga qaytib keldi. Uning nomzodi “Ota yurt” siyosiy partiyasi tomonidan deputatlikka ko‘rsatilgani Narimon Tyuleyevga nisbatan jinoyat ishining vaqtincha to‘xtatilishi va mamlakat ichkarisida erkin faoliyat yuritishiga imkoniyat yaratib berdi.

Ayni paytda “Ota yurt” partiyasi hamraisi Sadir Japarov Narimon Tyuleyevning mamlakatga qaytishi amaldagi hukumatni tashvishga solib qo‘ygani haqida gapiradi:

- Hozirgi kunda siyosiy tazyiq davom etmoqda. Masalan, Narimon Tyuleyevni bugun tergovchi so‘roqqa chaqirdi. Holbuki, Qirg‘iziston qonunchiligida biror shaxs deputatlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olingach, unga nisbatan ochilgan jinoyat ishlari to‘xtatilishi kerakligi belgilab qo‘yilgan, - dedi Sadir Japarov.

Biroq Sadir Japarov siyosiy tayziq deb atayotgan ko‘rinishning mavjudligiga qaramay, deputatlikka nomzodlar ro‘yxati turli jinoyatlarda ayblanayotgan sobiq amaldorlar nomlari bilan to‘lib bormoqda. Masalan, o‘z lavozimini suiistemol qilishda ayblangan sobiq Favqulodda holatlar vaziri Qamchibek Tashiyev, sobiq Transport vaziri Nurlan Sulaymonov va sobiq amaldor Roman Shinlar ham deputatlikka nomzodlar sifatida qaydga olingan.

Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi raisi Aqilbek Sariyevning aytishicha, mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlarining ochilgani ularni deputatlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olinishiga to‘sqinlik qilolmaydi.

- Saylovda ishtirok etishni istagan siyosiy partiyalar deputatlikka nomzodlar ro‘yxatiga jinoyatlarda ayblanayotgan odamlarni ham kiritgan. Qonun ularni ro‘yxatga olmasligimizga yo‘l qo‘ymaydi. Chunki ularning jinoyatchi ekani haqida sud qarori hozircha yo‘q. Lekin bu odamlar deputatlikka saylanib qolsa, sud qarori chiqmaguniga qadar ularga deputatlik mandatlari topshirilmaydi, - dedi Aqilbek Sariyev.

Siyosiy tahlilchi Tabildi Akerovning aytishicha, saylovdan keyin sud tomonidan deputatlikka nomzodlar yoki deputat bo‘lib saylangan shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha ob‘ektiv qarorlar chiqishi dargumon. Chunki har qanday holatda ham bu qarorlar jamoatchilik tomonidan siyosiy buyurtma sifatida qabul qilinishi mumkin.

- Avvallari ham jinoyatlarda ayblangan amaldorlar deputatlikka saylanib olib, javobgarlikdan qutilib ketgan. Bu kabi harakatlar hozir ham davom etmoqda. Jinoyat ishlari bekordan-bekorga ochilmaydi, jingoyat ishini ochish juda og‘ir jarayon. Biroq bu jinoyatlarda ayblanayotganlar buni “siyosiy ta‘qib” deb jar solishadi. Shuning uchun ham bu ishlar yuzasidan muayyan qaror chiqarilishi dargumon, - deydi Tabildi Akerov.

Qirg‘izistonda parlament saylovi 10 oktyabrda o‘tkazilishi e‘lon qilingan.

Qirg‘iziston yangi konstitutsiyasiga ko‘ra, parlament saylangach, mamlakatda parlament boshqaruvi joriy etiladi. Bu bilan Qirg‘iziston sobiq postsovet hududidagi birinchi parlament respublikasiga aylanadi.
XS
SM
MD
LG