Линклар

logo-print

Olmaota hibsxonasidagi o‘zbek qochqinlariga rad javobi berildi


Turmush o‘rtoqlari Olmaota hibsxonasida tutib turilgan qochqin ayollar shahar migratsiya departamenti qaroridan karaxt ahvolga tushganlarini aytmoqdalar.

Turmush o‘rtoqlari Olmaota hibsxonasida tutib turilgan qochqin ayollar shahar migratsiya departamenti qaroridan karaxt ahvolga tushganlarini aytmoqdalar.

Olmaota shahar migratsiya departamenti uchinchi davlatdan boshpana topish niyatida Qozog‘istonda vaqtincha yashab kelgan hamda iyun oyi o‘rtalarida qozoq maxfiy xizmatlari tomonidan qo‘lga olinib, tergov hibsxonasida saqlanayotgan 30 qochqinning 24 tasiga qochqinlik bo‘yicha rad javobi berilgani ularning yaqinlari xavotirlarini oshirmoqda.


Joriy yil iyun oyida qozoq politsiyachilari tomonidan hibsga olinib, 3 oy davomida Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi Olmaota departamentining tergov hibsxonasida saqlanayotgan o‘zbek qochqinlaridan birining rafiqasi 7 sentyabr kuni Olmaota shahar migratsiya departamentiga eriga qochqinlik maqomi berilish-berilmasligini surishtirish uchun borgani, departament rahbari esa ayolning eriga qochqinlik bo‘yicha rad javobi berilganini aytgani haqida Ozodlikka ma‘lum qildi.

Qochqin ayolning aytishicha, migratsiya departamenti bu haqdagi qarorni 27 avgust kuni chiqargan, ammo bu borada hibsdagilarning yaqinlariga ma‘lum qilmagan. Qochqin ayol tergov hibsxonada o‘tirgan boshqa o‘zbek qochqinlarining ko‘piga ham Olmaota shahar migratsiya departamenti qochqinlik maqomi berish bo‘yicha rad javobi berganini aytadi.

- Sluchayno borib, bildik bu ishni. Bo‘lmasa, xabar bermas ekan bular, uyda o‘tiraverar ekanmiz. Endi esa juda ham qisqa, deydi, vaqtlaring. Lekin juda ko‘piga otkaz, hammasining qog‘ozini o‘qib berdi. Delosini ochib qaradi, “znachit, sening eringga ham otkaz”, dedi, - deydi o‘zbek qochqin ayoli.

Bu xabar Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi Olmaota shahri departamentining tergov hibsxonasida saqlanayotgan 30 dindor qochqinning yaqinlarini qattiq xavotirga solib qo‘ydi.

- Endi hozir otkaz bersa, biz O‘zbekistonga borsak, bilmaymiz nima bo‘lishini, ro‘molimizni yechishimiz kerak. Tiqib qo‘yadi-da hozir borsak, bilmaymiz, boshimiz qotib o‘tiribmiz hozir. Mazam yo‘q, cho‘zilib o‘tiribman hozir, bu yerdagi xotinlar kvartira pulini to‘lay olmayapti, uy egalari chiqarib yuborayapti kvartiralardan. Juda qiyin ahvolga qoldik, - deydi o‘zbek qochqin ayoli.

Eslatib o‘tsak, 9 iyundan to 11 iyunga qadar Olmaotada qozoq politsiyachilari va maxfiy xizmati xodimlari uchinchi davlatdan boshpana olish niyatida Qozog‘istonda yashab kelayotgan 30 nafar o‘zbek qochqinini qo‘lga olgandi. Shu paytgacha bu dindor qochqinlar Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi Olmaota shahar departamentining tergov hibsxonasida saqlanmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi bu 30 kishini mamlakatda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda ayblab, xalqaro qidiruvga e‘lon qilgani ma‘lum. O‘zbekiston huquq-tartibot organlari vakillari qozoq hamkasblaridan bu dindor qochqinlarni yurtiga ekstraditsiya qilishni so‘ragan.

Ma‘lum bo‘lishicha, o‘zbek qochqinlari qo‘lga olingach, Qozog‘istondagi inson huquqlari xalqaro byurosi hibsda saqlanayotgan 30 qochqinning 24 tasiga advokat yollagan, qolgan 6 nafar o‘zbek qochqiniga esa advokatlarni ularning yaqinlari yollaganlar.

Mazkur byuroning qochqinlar ishi bo‘yicha mutaxassisi Denis Jivaga Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Olmaota shahar migratsiya departamenti avgust oyi o‘rtasi va oxirida advokat yollangan 24 ta o‘zbek qochqiniga qochqinlik maqomi berish bo‘yicha rad javob berganini ma‘lum qildi.

- Ayni paytda men Olmaota shahar migratsiya departamenti tergov izolyatorida saqlanayotgan 30 nafar o‘zbek qochqinning 24 tasiga qochqinlik maqomi berish bo‘yicha rad javob berganini aniq ayta olaman. Aslida, 30 nafar o‘zbek qochqinining 29 tasi qochqinlik maqomi berilishi bo‘yicha rad javobi olgan, biriga qochqinlik maqomi berilgan. Ammo 30 qochqinning olti nafarining vaziyati bo‘yicha to‘liq va aniq ma‘lumot berolmayman, sababi ularning advokatlari boshqa. Endi 24 nafar o‘zbek qochqiniga yollagan advokatlarimiz 3 kun davomida tergov izolyatoriga kirish uchun prokuraturadan ruxsat olib, migratsiya departamenti qarori yuzasidan tuman sudiga shikoyat arizasini topshiradilar. Tuman sudi ham bu qarorni o‘zgarishsiz qoldirsa, advokatlar shikoyat arizasi bilan Olmaota shahar sudiga, undan so‘ng esa mamlakat Oliy sudiga murojaat qiladilar, - deydi Denis Jivaga.

Bu masalaning eng xavotirli jihati shundaki, tuman prokurori advokatlarning 3 kun davomida Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi Olmaota shahri departamenti tergov izolyatoriga kirishlari uchun ruxsat bermasligi mumkin. Bu esa, Denis Jivaganing aytishicha, advokatlarning migratsiya departamenti qarori yuzasidan tuman sudiga shikoyat arizasini topshirish ishlarini qiyinlashtirib yuboradi.

Ozodlik muxbirining 30 nafar o‘zbek qochqinidan 24 tasiga Olmaota shahar migratsiya departamenti tomonidan qochqinlik bo‘yicha rad javobi berilgani sababi haqidagi savoliga Denis Jivaga quyidagicha javob berdi:

- Ular sodir etgan jinoyatlar bo‘yicha dalillar o‘z isbotini topdi. Qochqinlik maqomi berish bo‘yicha komissiyada ko‘pgina o‘zbek qochqinlari O‘zbekistonda jinoyat sodir etganliklari, portlash va terrorchilik hujumlarida ishtirok etganliklarini tan oldilar. Bunga o‘zlari iqror bo‘ldilar, bunday jinoyatlar sodir etganliklarini tan olishlari uchun ularni hech kim qiynagani yoki zo‘rlagani yo‘q. Shuning uchun migratsiya departamenti ularga Qozog‘iston hududida qochqinlik maqomi berish bo‘yicha arizalariga rad javob berdi, - dedi Denis Jivaga.

Ayni paytda, ma‘lum bo‘lishicha, BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha Jenevadagi qarorgohidan kelgan vakil Olmaota shahar migratsiya departamenti tomonidan hisbda saqlanayotgan 30 o‘zbek qochqiniga qochqinlik maqomi berish bo‘yicha o‘tkazilgan komissiyada shaxsan ishtirok etgan va departament qarorini ma‘qullagan. Shuningdek, Jenevadan kelgan vakil BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha Olmaota vakolatxonasiga avvalroq bu qochqinlarga qochqinlik maqomi berilgani yuzasidan vakolatxona xodimlariga e‘tiroz bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 9 sentyabr kuni Olmaotadagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan 30 nafar o‘zbek qochqinini ekstraditsiya bo‘yicha tutib turish muddati tugaydi.

Hozirda mahalliy huquq himoyachilari bu qochqinlarning “boshpana izlovchi” maqomidan mahrum etilishi qozoq huquq-tartibot organlariga qo‘l kelishiyu bu hodisa ularning O‘zbekistonga badarg‘a qilish ishlarini osonlashtirishi mumkinligi yuzasidan xavotir bildirmoqdalar.
XS
SM
MD
LG