Линклар

logo-print

“Gazprom” ortidan Markaziy Osiyo neft-gaz bozorida faollashib borayotgan Rossiyaning “Lukoyl” shirkati O‘zbekistondan gaz transporti hajmini oshirishga kirishdi. Buning uchun 2010 yilning o‘zida “Lukoyl” O‘zbekistondagi geologik qidiruv va uglevodorod manbalarini o‘zlashtirishga 480 mln dollardan ortiq mablag‘ sarflashini bildirgan.


Bugungi kunga kelib “Lukoyl” shirkati O‘zbekistonda 4 loyihada - Orol, Qo‘ng‘irot, Qandim-Hovzak-Shodi va Janubiy-G‘arbiy Hisor loyihalarida ishtirok etmoqda. Shirkatning faollashishi, birinchi navbatda, olib borilgan geologik qidiruv va qazish ishlari natijasida O‘zbekistonda yangi gaz konlari ochilishi bilan bevosita bog‘liq, deydi “Lukoyl”ning matbuot kotibi Dmitriy Dolgov:

- Darhaqiqat, biz yaqin oylarda O‘zbekistondan gaz transportiga oid yangi kelishuvlarni imzolashga tayyorlanayapmiz. Bu shartnomalar yangi loyihalarimizni O‘zbekistonda amalga oshirish uchun imkoniyat yaratadi. Nima uchun yangi shartnoma ekanligini tushuntiraman: biz O‘zbekistonda yangi gaz qatlamlarini, konlarini aniqladik. To‘g‘ri, bu konlarning qanchalik gazga boy ekanligi to‘g‘risida oldindan biror-bir raqamlarni keltirish noo‘rindir - bu bizning taxminlarimiz, xolos. Nima bo‘lganda ham, shu yilning yozida Shimoliy Ustyurtning neft va gazga boy Ko‘sbulog‘ida 3300 metr chuqurlikda quduq kovlandi. Litsenziyaga muvofiq, “Lukoyl” shirkatiga tegishli Ko‘sbuloq bukilishi kontrakt hududi Qoraqalpog‘istonda joylashgan bo‘lib, mazkur quduq debeti sutkasiga 580 ming kub metrni tashkil etadi, deydi Dmitriy Dolgov.

Yangi konlarni ochayotgan “Lukoyl” bu gazni trasport qilish muammosi bilan duch kelmoqda, chunki oldin ular “Gazprom” gaz transporti tarmog‘i orqali o‘z gazini O‘zbekistondan eksport qilgan. “Lukoyl” vitse-prezidenti Leonid Fedunning Moskvada o‘tkazilmish matbuot anjumanida bergan ma‘lumotiga ko‘ra, hozirda shartnoma imzolanishidan oldin O‘zbekistonda ochilgan barcha kon zahiralari hisobga olinmoqda.

Bugungi kunda “Lukoyl” oz miqdorda gaz transporti bilan ham shug‘ullanayapti. Lekin Dmitriy Dolgovning aytishicha, “Lukoyl” qazib olayotgan gaz transporti va sotilayotgan narxi to‘laligicha “O‘zbekneftgaz” korxonasi nazorati ostida:

- Shu sababli biz qazib olayotgan gaz qaysi narxda sotilayotganligi haqida men sizga ma‘lumot bera olmayman. Biz qancha gaz olayotganimizni bilamiz, lekin qaysi narxda, kimga sotilayotganini bilmaymiz. O‘zbek gazining asosiy qismi “Gazprom” gaz-transporti tizimi orqali to‘liq eksportga o‘zatilayotgani aniq. Qandimdan olinayotgan 12 ming tonna gaz kondensatini hisobga olmasak, masalan, Hovzak-Shodi konidan o‘tgan 2009 yilda 2,23 milliard metr kub gaz olingan. Shuningdek, bu konda qazish ishlari davom etmoqda, demakki, gaz qazib olish hajmi faqat oshirib boriladi. Barcha aniqlangan quduqlar ishga tushirilgan taqdirda, “Lukoyl” yiliga 12-14 milliard kub metr gaz eksport qilishni rejalashtirmoqda, deya ma‘lum qildi “Lukoyl” shirkati vakili Dmitriy Dolgov.

Shirkat rasmiysidan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, olib borilayotgan qazish ishlari Hisor konida 2012 yilda tabiiy gaz oqimini olish imkoniyatini beradi. “Lukoyl” shirkati gazdan tashqari O‘zbekiston hududida neftni qazib olmoqda. Janubiy-G‘arbiy Hisorda 2009 yilda 38 ming tonna neft olingan.

“Lukoyl”ning bergan rasmiy ma‘lumotiga ko‘ra, imzolangan tegishli shartnomalarning amal qilish muddati davomida kompaniyaning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyalarining umumiy miqdori 5,5 mlrd. AQSh dollardan oshdi.

US GAAP standartlar bo‘yicha hisobot ma‘lumotiga binoan, “Lukoyl” neft shirkatining 2010 yilning birinchi yarmidagi sof daromadi 24 % , ya‘ni 4 mlrd dollarga yetgan. Kompaniyaning neft qazib olish hajmi 1%, ya‘ni sutkasiga qariyb 2 mln. barrelga qisqarganiga qaramasdan , eksport hajmi 6,5 foizga oshgan.

“Lukoyl”ning chet mamlakatlardagi sarf-xarajatlari oshib borishini “Milliy strategiya muammolari” jurnali bosh muharriri, Rossiya strategik tadqiqotlar instituti eksperti Ajdar Qurtov kompaniyaning chet el neft va gaz bozorida ekspansiv harakatlarini kuchayayotgani bilan izohlaydi:

- Ha, ular istiqbol uchun ishlamoqda. Ular nafaqat Markaziy Osiyo, balki Afrika va hatto Lotin Amerikasida ayni siyosatni yurgizayapti. Ular aktivlarni sotib olmoqda, xom ashyo bozorida mamlakat hukumatlari bilan shartnomalarni imzolamoqda. Axir kon‘yunktura o‘zgaruvchanlik xususiyatiga ega, uglevodorod zahiralariga bo‘lgan talab tobora oshib boradi. “Lukoyl” kompaniyasi esa vaziyatdan foydalangan holda hozirdan manfaatli shartnomalarni imzolab qo‘ymoqda. Shu sababli O‘zbekistonda “Lukoyl” konsortsium tarkibida emas, balki o‘zining shaxsiy loyihalari tashabbusi bilan chiqmoqda, deydi Ajdar Qurtov.

Aytish joyizki, bevosita O‘zbekistonda geologik qidiruv, qazish ishlari va gaz transporti xizmatini amalga oshirayotgan “Lukoyl Oversiz” shirkati deyarli barcha qazish ishlarini boshqa kompaniyalar konsortsiumida amalga oshirmoqda.

Orol litsenziya bloki bo‘yicha Mahsulotni taqsimlash haqidagi kelishuv (MBK) 2006 yil avgustida imzolangan va 2007 yil yanvarida kuchga kirgan. Loyihani teng ulushli (har biri 20 foizdan) "O‘zbekneftgaz" Milliy xolding kompaniyasi, "LUKOYL Oversiz", "SHIIC International" (Xitoy), "KHOS Aral" (Koreya) va "Petronas Sarigali Overseas" (Malayziya) tarkibida investorlar konsortsiumi amalga oshirmoqda. "Aral Sea Operating Company" operatsion kompaniyasi ofisi Toshkentda joylashgan.

O‘zbekiston hududidagi “O‘zbekneftgaz” shirkati tomonidan ajratilgan 47 sarmoya blogidan 26 tasi qazish va qidiruv ishlarini olib borish uchun allaqachon xorijiy kompaniyalarga litsenziya bo‘yicha topshirilgan.

Tabiiy gaz qazib olish bo‘yicha bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” shirkati jahonda 11-o‘rinni egallab kelmoqda.
XS
SM
MD
LG