Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:45

"O‘zbek o‘qituvchisiga etmish hunar oz"


Xalqaro savodxonlik kuni nishonlanayotgan bir paytda, o‘zbekistonlik ustoz va talabalar paxta dalalarida kunda tergan paxtalari kilogrammlarini qo‘shib, "savod" chiqarmoqda.
Xalqaro savodxonlik kuni nishonlanayotgan bir paytda, o‘zbekistonlik ustoz va talabalar paxta dalalarida kunda tergan paxtalari kilogrammlarini qo‘shib, "savod" chiqarmoqda.

8 sentyabr xalqaro savodxonlik kuni sifatida nishonlanadi. BMTning ta‘lim, fan va madaniyat tashkiloti bo‘lmish YuNESKO 1966 yildan beri savodxonlikning insoniyat taraqqiyotidagi ahamiyatini yodda saqlash maqasdida bu sanani nishonlab keladi. Sana munosabati bilan bolalarga ta‘lim berishni o‘zlari uchun kasb etib tanlagan o‘zbek o‘qituvchilari hayotiga bir nazar tashlashga qaror qildik.


Va bu hulosaga keldik. Agar O‘zbekiston maktab o‘qituvchisining hayotiga AQSh kino-industriyasidagilar nazar solsa, yana bir super-qahramon haqidagi filmga tap-tayyor stsenariy oladi. Nimaga deysizmi?

Chunki bugungi kunda o‘qituvchi ta‘lim-tarbiyadan uzoqlashib 70 xunarga ega universal ishchiga aylanib qolgan.

O‘qituvchi – paxtakor

Mustaqillik bayramining ertasiga birinchi qo‘ng‘iroq chalingach o‘zbekistonlik o‘qituvchilarning ko‘pchiligi o‘z shogirdlarini oldiga solib, paxta dalalariga jo‘nab ketdi.
O‘zbekistonda boshlangan paxta terimi mavsumi o‘z qa‘riga birinchi bo‘lib, jamiyatning juda ham beozor qatlami hisoblangan o‘qituvchi va o‘quvchilarni torta boshlaydi.

- Bugun mana 6 sentyabr bo‘ladigan bo‘lsa¸ Sariosiyo tumani bo‘yicha yoppasiga barcha maktablardan 10 tadan¸ 20 tadan o‘qituvchilar soniga qarab Sherobod tumaniga¸ Muzrobod tumaniga jo‘nab ketdi. Avtobuslarga yuklarini ortishib, paxta terimiga. Yangi o‘quv yilining birinchi choragining birinchi oyida darsni endi borib, Xudo xohlasa, paxta dalalarida o‘tishadi, - deydi “o‘qituvchi kasbini paxtakorlikka almashtirgan” Faxriddin Ahmedov (ismi o‘zgartirilgan).

O‘qituvchi – g‘allakor

- Hatto o‘qituvchilar uyma uy yurishib¸ (har10 nafar o‘qituvchiga to‘rt tonna majburiyat) paxta dalasiga ekilgan bug‘doyga sepish uchun go‘ng yig‘ishadi. Tuman hokimligi tomonidan¸ viloyat¸ rayon xalq ta‘limi bo‘limi tomonidan maktablarga go‘ng majburiyati solingan. Uyma uy yurib yig‘amiz. Majburiyatni bajarmasak¸ iloji yo‘q, - deydi sariosiyolik “g‘allakor-go‘ngchi” o‘qituvchi Faxriddin Ahmedov.

G‘allani hosilini ko‘tarishga tashlangan o‘qituvchilar bunungi kunda go‘ng qazuvchi qo‘ngizlarga o‘xshab qolganini ochiqchasiga tan olging kelmaydi-yu, lekin baribir bunday fikr miyangdan yilt etib o‘tadi.

O‘qituvchi – gazchi, svetchi


Energetika bo‘lmish strategik sohada ham bugungi kunda o‘qituvchilarsiz ish yuritilmaydi.
- O‘qituvchining svetchi¸ gazchi bo‘lganida o‘zim ham qatnashganman. Bu yil yoz paytida paxtaning ishi avj olib¸ aytilmay qo‘ydi, o‘qituvchilarga. Lekin mart¸ aprel¸ may oylarida o‘zimiz ham uyma uy yurib gaz hisoblagichlardan yozib¸ knijkalarini tekshirib qarzi bormi yoki yo‘qmi hammasini plyus minusigacha qo‘yib¸ balansini berib yurdik. Shaxsan men o‘zim ham to‘rt-besh marta o‘zimga biriktirilgan mahallani aylanib shuni qilib berdim,-deydi mingbuloqlik “elektrik” o‘qituvchi Ibrohimjon aka.

O‘qituvchi – sanitar


- Mahalladagi obodonlashtirish ishlari ham o‘qituvchilarning zimmasiga yuklatilgan hozir. Har bitta mahallani o‘qituvchilar o‘zi nazorat qiladi. Tozaligini¸ daraxt ekishlarini¸ har bitta o‘qituvchiga bittadan ko‘chani bo‘lib bergan, o‘zi yashaydigan ko‘chani. Masalan, suvga pul yig‘ishga ham o‘qituvchilar yordam beradi¸ gazga pul yig‘ishga ham o‘qituvchilar¸ hamma narsa o‘qituvchilarning bo‘yniga yuklatilgan hozir,- deydi sirdaryolik o‘qituvchi Gulbahor.

O‘qituvchi tom ma‘noda mahalliy hokimiyatlarning mardikoriga aylanib qoldi, Hatto ko‘chalarning tozaligi va obodonchilik ishlari ham o‘qituvchining bo‘ynida, -deydi sirdaryolik o‘qituvchi Gulbahor.

Shunday super-o‘qituvchilari bor O‘zbekistonning rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, aholining 97 foiziga yaqini savodli. Savodxonlik reytingi bo‘yicha dunyo davlatlari orasida O‘zbekiston 63 o‘rinni egallaydi.

Lekin Tojikiston yoki Turkmaniston kabi mamlakatlarda ham aholining qariyb 100 foizi savodli ekani iddao qilinadi. Nima, u yerda bizniklardan ham kuchli super-o‘qituvchilar bormi? Balki ular ko‘p hunarli o‘qituvchilar chiqarar?

O‘qituvchi bugun paxtakor bo‘ldi. Kuni kecha esa g‘o‘za qurtlariga qarshi kurashib yurgan agronom, svetni o‘lchab yurgan elektrik, go‘ng yig‘ib yurgan g‘allakor edi. Darvoqe, bugungi o‘zbek jamiyatida o‘qituvchi yana qanday kasblarni o‘zlashtirib oldiykin? Sizning fikringiz qanday?
XS
SM
MD
LG