Линклар

logo-print

Jalolobodlik militsionerlar Azimjon Asqarovga qarshi guvohlik berayapti


Novkendagi sud qilnayotgan Azimjon Asqarov va u bilan qora kursida o‘tirgan yigitning ko‘zlari ko‘kargani sezilib turibdi.

Novkendagi sud qilnayotgan Azimjon Asqarov va u bilan qora kursida o‘tirgan yigitning ko‘zlari ko‘kargani sezilib turibdi.

Qirg‘iziston janubidagi etnik to‘qnashuvlar tashkilotchilaridan biri sifatida ayblanayotgan jalolobodlik huquq himoyachisi Azimjon Asqarov va boshqa yetti nafar odam ustidan Novken tumanida sud jarayoni davom etmoqda.


Azimjon Asqarov va boshqa yetti nafar sudlanuvchi ishi yuzasidan 2 sentyabrdan beri davom etayotgan sud jarayonida guvoh sifatida ishtirok etayotgan militsiya xodimlarining barchasi bir xilda ko‘rsatma bermoqdalar:

- Azimjon Asqarov: “Militsiya rahbarini garovga olinglar, qolgan yugur yetimlarini yo‘q qilinglar, o‘ldiringlar” degan gapini eshitganman. Shundan so‘ng u yerga to‘plangan odamlar bizga hujum qildi. Mana bu sudlanuvchilarning hammasini o‘sha yerda ko‘rganman, - dedi guvohlardan biri bo‘lgan militsiya xodimi Emilbek Montiboyev.

Ayni paytda Azimjon Asqarovning o‘zi sud jarayonida bu kabi guvohliklarni rad etdi. Uning aytishicha, garovga olish va boshqa hodisalar paytida u voqea joyida bo‘lmagan.

Azimjon Asqarovning aytishicha, bu paytda u oilasini xavfsiz joyga ko‘chirish bilan ovora bo‘lgan. U mashinada oilasini olib ketayotganida unga telefon qilib, bo‘lgan voqeani aytib berishgan.

Huquq himoyachisining aytishicha, militsiya xodimlari unga nisbatan yolg‘on ko‘rsatma berib, 2006 yildan beri huquq-tartibot tuzilmalari faoliyatidagi noqonuniy hatti-harakatlarni oshkor qilib kelgani uchun o‘ch olmoqdalar.

- Aslida bunday harakatlar 2006 yildan boshlangan. Bozorqo‘rg‘on tuman prokuraturasi va militsiyasining meni yo‘q qilish uchun boshlagan harakati. Ular mening faoliyatimni to‘xtatmoqchi bo‘lishayapti, - dedi Azimjon Asqarov.

Ayni paytda bir qator xalqaro tashkilotlar va mahalliy huquq himoyachilari Azimjon Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilgani haqida bayonot bermoqdalar. 8 sentyabr kuni AQShning Qirg‘izistondagi elchixonasi ham bu borada o‘z bayonotini tarqatdi.

“AQSh elchixonasi Qirg‘iziston hukumatini Azimjon Asqarov ishini holis va adolatli o‘rganishga, uning xavfsizligini ta‘minlashga chaqiradi. Biz, bundan tashqari, Azimjon Asqarov qarindoshlari va advokatlariga nisbatan hujumlar hamda tahdidlar qilinayotgani haqidagi bayonotlarni ham chuqur o‘rganishni qattiq iltimos qilamiz”, deyiladi AQSh elchixonasi tarqatgan bayonotda.

Aytib o‘tish lozimki, sud jarayonida Azimjon Asqarov va u bilan birga qora kursida o‘tirgan bir necha sudlanuvchining ko‘zlari zarbdan ko‘karib ketganini kuzatish mumkin edi. Azimjon Asqarov advokatlarning qiynoqlar haqidagi da‘volariga qaramay, bu haqda boshqacha ma‘lumot berdi:

- Sudlanuvchilar xavfsizligini ta‘minlash maqsadidida bizni melisaxonadan tor yo‘lak orqali olib chiqishayapti. Bu tor yo‘lakdan yugurtirib olib chiqadi. Sudlanayotganlarning asosiy qismi yoshlar bo‘lgani uchun ikki kishiga bitta kishan urishayapti. Mana shu tor yo‘lakdan yugurib o‘tayotganimda bir botinkam yechilib ketdi. Shunda munkib ketib, oldimda ketayotgan odamning boshiga ko‘zimni ikki marta urib oldim. Qiynoq bo‘lgani yo‘q. Oltmishga kirgan odamni melisa urmaydi-ku, - dedi Azimjon Asqarov.

Ayni paytda Asqarovning advokati Nurbek To‘qtaqunov o‘ziga nisbatan bosimlar bo‘layotganini sud jarayonida ochiq e‘lon qildi:

- Men og‘zimni ochishim bilan uni yopishga harakat qilayapsizlar. Meni gapirtirmaslikka urinayapsizlar. Shundan keyin qanday ishlash mumkin? - dedi Nurbek To‘qtaqunov.

Xalqaro hamjamiyatning chaqiriqlariga va Azimjon Asqarovning o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovni rad etayotganiga qaramasdan, davlat qoralovchisi 8 sentyabr kungi sud yig‘ilishida sudlanuvchini bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etilishini talab qildi. Sud jarayonining 9 sentyabr kuni ham davom etishi kutilmoqda.
XS
SM
MD
LG