Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:04

Erkin mikrofon - "O‘tmishga qaytuvchi ko‘priklar yoqib tashlangan"mi?


SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 602 612 713 va +420 773 267 230 raqamiga yo‘llang.
SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 602 612 713 va +420 773 267 230 raqamiga yo‘llang.

"Erkin mikrofon"ga qo‘ng‘iroq qilgan o‘zbekistonlik o‘qituvchilardan biri prezidentga murojaat qilib, o‘quvchi va talabalarni paxta dalalaridan o‘quv sinflariga qaytarishni iltimos qildi. "O‘zbekiston yoshlari paxta bilan bog‘liq bo‘lgan og‘ir qiyinchiliklardan qachon qutuladi?", deya savol qo‘ydi bu suhbatdoshimiz.


Bolalarni qiynashni to‘xtating

O‘zbekiston oliygohlaridan birining o‘qituvchisi Bobir Rashidov o‘quvchi va talabalarning bu yilgi paxta mavsumida ham dalalarga haydalayotganiga norozilik bildirar ekan, Ozodlik orqali prezident Karimovga murojaat qilib, bu holatga chek qo‘yishni so‘raydi.

- Hurmatli Prezident Islom Karimov. Mana O‘zbekistonda navbatdagi paxta yig‘im-terim kampaniyasi boshlandi. Butun respublika viloyatlari bo‘ylab maktab o‘quvchilari, kollej, akademik litseylar o‘quvchilari, shu jumladan oliy o‘quv yurti talabalari paxta terimiga jalb qilinayapti. Men Ozodlikning "Erkin mikrofoni" orqali sizga murojaat qilmoqchiman. Mana mustaqillikning 19 yili ham o‘tib bormoqda. Sizning "O‘tmishga qaytuvchi yo‘llarning hamma ko‘priklari yoqib tashlangan", degan gapingiz bor. Ammo, afsuski, mustaqil O‘zbekiston Sovet davridan qolgan paxta yig‘im-terim kampaniyasiga butun O‘zbekiston xalqini, O‘zbekiston yoshlarini jalb qilish tadbirini o‘tmishda qoldirib ketmasdan yangi tuzumga, yangi jamiyatga meros qilib oldi. Men ushbu fursatdan foydalanib sizga aytmoqchi bo‘lgan fikrlarim bunday ommaviy tadbirlardan voz kechish payti yetib kelmadimikan? Qachon O‘zbekiston xalqi, O‘zbekiston yoshlari paxta bilan bog‘liq bo‘lgan og‘ir qiyinchiliklardan qutuladi? Hozir oliy o‘quv yurtlari, kollej talabalari orasida shunday gaplar yuribdiki, paxta yig‘im-terimidan qolish narxi 400 ming so‘m, deb belgilanayapti. Paxta yig‘im-terimiga borgan talabalar esa, bormagan talabalar, o‘quvchilar hisobiga ikki-uch barobar norma bajarishga majbur etilayapti. U yerda juda og‘ir sharoitlar. Suv yetishmovchiligi, oziq-ovqatlarning yetishmovchiligi, buning ustiga o‘quvchilar, talabalar ustidan rahbarlik qilayotgan rahbarlarning to‘ymas nafsi, ularni qiynash, azoblash, men o‘ylaymanki, bularning davri yetdi, janob prezident. O‘zbekiston kelasi yil mustaqillikning 20 yilligini bayram qiladi. Sizdan iltimos qilaman, sizning bosh vaziringiz ham, hokimlaringiz ham xalqni qiynayotganiga chek qo‘yish kerak, deydi Bobir Rashidov.


“Shaytanat” ga qarab namoz o‘qiganmiz

Ozodlik efirida va saytida berilgan Jasliq qamoqxonasi mahbuslariga bu yil Ramazon oyida ro‘za tutish va namoz o‘qishga ruxsat berilgani haqidagi maqolga o‘z fikrini bildirgan sobiq mahbus Sayfulla Zikirov bunday ruxsat berilishiga ishonmasligini aytadi.

- Andijonda ham kritiy rejim bor. U ham juda qattiq tartibdagi rejim hisoblanadi. Andijonda 64/1 da o‘tirganimizda, ro‘za paytida avvalambor hech qanaqa ro‘zaga ruxsat yo‘q. Ovqat yemagan odamga “Sen spetsialno mana shunaqa qilayapsan. Go‘yoki golodovka e‘lon qilding”, degan bahona bilan olib chiqib jazolab yuboraverishadi. Kameradan olib chiqib yerga o‘tqizib qo‘yadi. Yerga o‘tqizganda oyog‘ini uzun qilib to‘g‘riga qaratib o‘tirg‘izib qo‘yadi. Soldat yoki militsiyalardan bittasi oyog‘ini bosib turadi. Bittasi dubinkani mo‘ljallab turib oyog‘ining tagiga uradi. Asosan uch marta uriladi. Spetsialno uriladiki qimirlamay qolsin. Umuman yura olmaydigan qilib qo‘yadi. Ro‘za tutishning umuman iloji ham yo‘q, sharoit ham yo‘q.

Ozodlik: Balki hozir vaziyat o‘zgargandir O‘zbekiston qamoqxonalarida? Bunga ishonmaysizmi?

- O‘sha paytda ham proverkalar kelardi. Yevropaning tashkilotlaridan ham kelishdi. Mingta joydan kelishardi. Undan tashqari inson huquqlarini himoya qilishdan ham kelishardi. U yerga kirganda juda nima savollarni berishardi. Xuddi ko‘rmaganday “Sizlarni qiynashmayaptimi? Sizlarga hech narsa qilmayaptimi?”, desa, orqasida bundoq dubinkani o‘ynatib turadi. Uning oldida hech kim, hech qachon, hech narsa demaydi. Hozir proverka bo‘layapti, deb oldindan aytib qo‘yishadi. “Bittang churq etsang, o‘zingning paykangni yeb olasan”, deydi. Paykasi bu dubinka. Hech kim, hech qachon, hech narsani gapirmagan, gapirmaydi ham. Hech qachon u yerda ro‘zaga ruxsat bo‘lmagan.

Bizlar o‘zimiz ham namoz o‘qiganmiz. Alhamdulilloh bizlar Xudodan qo‘rqamiz. Unda ham namoz o‘qiganimizda tualetning orqasida bekinib o‘qiydigan joy bo‘ladi har bitta kamerada. Tualetning orqasiga bekinib o‘qish mumkin. O‘shanda ham o‘tirgan holatda. U ham juda kamdan kam. Har bitta kamerada informatorlar o‘tiradi. Agent deyiladi. Quloq, deymiz bilzarning tilda. Quloqlar o‘tirgandan kein ularning yonida hech qachon namoz o‘qib bo‘lmaydi. Bu narsalarni ko‘p ko‘rdik. Bizlar namoz o‘qiyotgan paytimizda qo‘limizga kitob olib olardik. "Shaytanat"mi, "So‘nggi o‘q"mi shunga o‘xshagan kitoblar ko‘p bo‘lardi. Lekin diniy kitoblar umuman yo‘q. Tohir Malikning kitoblarini olib, go‘yoki kitob o‘qigan kishi bo‘lib, kitobga qarab turib namoz o‘qirdik. Alohida tahorat qilib chiqqanini birovga sezdirmagan holatda. Tahorat qilib chiqib, turib olib, namoz o‘qishlar hayotda bo‘lmagan. O‘tirib o‘qishga ham sharoit yo‘q. Kitob o‘qiyotganga o‘xshab, non yeb turganga o‘xshab, yoki prosto hayol surib o‘tirgan kishi bo‘lib, o‘qiladi, deydi sobiq mahbus Sayfulla Zikirov.


Kasalmandlar xudojo‘yroq


Tojikistonning So‘g‘d viloyatidan qo‘ng‘iroq qilgan Karima ismli suhbatdoshimiz “Bir savolga besh javob” ruknida ko‘tarilgan “Kambag‘allar xudojo‘yroqmi?”, degan mavzuga o‘z munosabatini bildiradi.

- Menimcha, ko‘proq dardmand, azob tortgan yoki qiynoqdan inson ko‘proq dinga ixlos qiladi. Boylar, hamma narsasi to‘qlar kamroq Xudoni o‘ylasa kerak. Shunday fikrdaman. Ko‘rganim-da endi. Hamma narsasi borlar kamroq Xudo, deydi. Masalan, biror nogiron inson ko‘proq Xudoga ixlos qiladiki, hayotda ham tajribada ko‘p ko‘rganman. Hamma narsasi yetarli inson kamroq Xudo deydimi deymanda, deydi Karima ismli ayol.


Xo‘jayuzdagi eng qari bo‘ydoq


Samarqand viloyati Toyloq tumani Xo‘jayuz qishlog‘ida yashovchi 28 yoshli Xursandmurod Jabborov o‘zini qishloqdagi eng qari bo‘ydoq deb hisoblaydi.

- Mening yoshim 28 ga to‘ldi. Uyimda ikkita uylangan oilali akam bor. Bizlarning sharoitimiz bo‘lmaganligi sababli o‘sha akalarimga uy-joy sotib olib bera ololmayapmiz va ko‘chirib chiqara olmayapmiz. Men uylanib turmush qura olmayapman. Nima qilishim kerak?

Ozodlik: Akalaringiz hech qayerda ishlashmaydimi?

- Yo‘q, ishlamaydi. Ish yo‘q nima qilaylik.

Ozodlik: Uyingizda ikkita akangiz, siz hamma erkaklar ishsiz.

- Ishsiz. Faqat kamroq dehqonchilik qilamiz xolos kun o‘tishi uchun. Bizlar katta oilamiz. Nihoyatda katta oila.

Ozodlik: Uyingizda hozir nechta odam yashaydi?

- 11ta Xudoga shukur.

Ozodlik: Nechta xona?

- To‘rtta.

Ozodlik: To‘rt xonali uyda 11 kishi yashaysizlar?

- Ha.

Ozodlik: Turar-joy o‘rni so‘rab ko‘rmadinglarmi?

- So‘rab ko‘rilgan. To‘rt yil, demasam ham, besh yil bo‘lgan kamida. Pullari ham berilgan xalqdan yig‘ilib. Uchastka o‘lchab beramiz, degani uchun berganmiz u pulni. Fayzulla aka, degan odam bor. Ilgari doktorlik qilgan. Shu odam yig‘ib olgan. Fermer xo‘jaligi Sharob aka, degan fermer bilan birgalikda uchastka o‘lchab beramiz, deb turib, yig‘ib olgan o‘sha pulni oila boshidan.

Ozodlik: Qanchadan bergansizlar?

- Kamida 300 ming so‘mdan yoki bo‘lmasa 400 ming so‘m, undan ham ziyodroq. 500-600 ming so‘mgacha. Hamma har xilda. Na uchastka bor, na pul bor. U pulning qayerga ketganini ham hech kim bilmaydi. Men uylanishim kerak. Uyim yo‘q uylanay, desam. Nima qilay? Tomning ustiga uylanib bo‘lmaydiku.

Ozodlik: Mana pul beribsizlar. Natijasi nima bo‘ldi, deb murojaat qilib ko‘rmadinglarmi?

- Opajon, murojaat qilmagan joyimiz qolmagan. Viloyatgacha chiqqanmiz. Faqat poytaxt Toshkentga chiqishim qolgan. Nima qilay? Borar joyni bilmasam men poytaxtda. Viloyat hokimiyatlarigacha ariza bilan murojaat qilganmiz qishloqning odamlari bilan. Bunaqa oila bizda ko‘p. Lekin aynan ahvoli tang oila bizlarniki. Uchastka yo‘q, men uylana olmayman. Qishloqda eng katta bo‘ydoq men, desam ham bo‘ladi. Otam puldor bo‘lsa edi, Samarqanddan birorta uy sotib olardim. Unaqa 20-30 million pulim yo‘q mening. Ilojim yo‘q. nima qilay? Uchastka bermasa, men shunaqa qilib yuraveramanmi? Men qatori uylanmagan qolmagan hozir, deydi Samarqand viloyati Toyloq tumani Xo‘jayuz qishlog‘ida yashovchi 28 yoshli Xursandmurod Jabborov.

**************************

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 602 612 713 va +420 773 267 230 raqamiga yo‘llang.

“Erkin mikrofon” sizga muntazir!

“Erkin mikrofon” rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas‘ul emas.!
XS
SM
MD
LG