Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:50

O‘zbekistonda yuk poyezdi ag‘darildi


Toshkent yaqinidagi halokatda yuk poyezdi yo‘ldan chiqib ketdi.
Toshkent yaqinidagi halokatda yuk poyezdi yo‘ldan chiqib ketdi.

8 sentyabrga o‘tar kechasi Toshkent viloyatining Nurobod shahri yaqinida ko‘mir yuklangan poyezd vagonlari izdan chiqib ketdi. Ozodlik olgan ma‘lumotlarga ko‘ra, ko‘mir ortilgan 48 vagon ag‘darilib, temir yo‘l yaqinidagi Toshkent-Qo‘qon avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan.


Temir yo‘l halokati haqida Ozodlik radiosiga angrenlik inson huquqi faoli Dmitriy Tixonov xabar berdi:

- Kecha tunda Angren shahridan 30 kilometr uzoqlikda bo‘lgan Nurobod shahrida yuk poyezdi halokati ro‘y berdi. Men olgan ma‘lumotlarga ko‘ra, ko‘mir yuklangan 48ta vagon izdan chiqib ketib, ag‘darilgan. Qurbonlar yo‘q. Teplovoz va undan keyingi ikki vagon ag‘darilmay qolgan,- deydi Dmitriy Tixonov.

Huquq faoli so‘zlariga ko‘ra, poyezd elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi Yangi-Angren GRESi uchun ko‘mir olib ketayotgan bo‘lgan:

- Hozircha rasman tasdiqlanmagan ma‘lumotlarga ko‘ra, yuk poyezdi halokatiga teplovoz tormozlarining ishlamay qolganligi sabab bo‘lgan. Shuningdek, boshqa bir manbaga ko‘ra, yuk poyezdi bu uchastkada tezlikni normadagidan ancha oshirgan va natijada vagonlar izdan chiqib ketgan ,- deydi Dmitriy Tixonov.

Yuk poyezdi halokati temir yo‘l yaqinidagi gaz quvuriga ham jiddiy shikast yetkazgan ko‘rinadi. Dmitriy Tixonovning aytishicha, bir sutkadan buyon Angrenda aholiga gaz uzatish to‘xtatib qo‘yilgan.

Toshkent-Qo‘qon avtomobil yo‘lida kirakashlik qilayotgan Muhammadjon akaning aytishicha, yaqin bir sutkadan buyon yo‘l yopib qo‘yilgan. Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari avtomobillarni aylanma yo‘llarga yo‘naltirmoqda:

- Ko‘rdim. Yo‘lning ho‘o‘o‘v narigi chekkasida ekan. Vagonlar bir birining ustiga chiqib ketib, yo‘lgacha ko‘mirlari to‘kilib ketibdi. U ëqdan mashinalarni yurgizmayapti. Tog‘ning tagidagi yo‘ldan yurgizayapti. Angrendan chiqaverishda to‘sib qo‘ygan. “Yo‘l berk” deb katta yo‘lga KamAZni ko‘ndalang qo‘yibdi. Qo‘qonning yo‘li bor ediyu Olmaliqdan chiqadigan. Ana shu yo‘lga burib tashlayapti Angrenning chekkasidan. Bugun yo‘lning bir tomonini ochishibdi. Ko‘mir to‘kilib ketgan. Sekin tozalab, vagonlarni olaëtgan ekan, -deydi haydovchi Muhammadjon aka.

Angren shahar hokimiyati mulozimi temir yo‘l halokati ro‘y berganini tasdiqladi, lekin telefon orqali bu haqda batafsil ma‘lumot berolmasligini aytdi. O‘zbekiston temir yo‘llari hissadorlik kompaniyasidan esa, bu haqda ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.
XS
SM
MD
LG