Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:02

O‘shda yana mish-mish urchimoqda


Iyun oyidagi dahshatli manzaralar hali o‘shliklarning ko‘z o‘ngidan ketmagani uchun shu kunda ular har qanday shum mish-mishdan cho‘chiydigan bo‘lib qolganlar.
Iyun oyidagi dahshatli manzaralar hali o‘shliklarning ko‘z o‘ngidan ketmagani uchun shu kunda ular har qanday shum mish-mishdan cho‘chiydigan bo‘lib qolganlar.

Ramazon hayiti arafasida O‘shda tarqagan mish-mishlar yana shaharliklarning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solib, ularning ko‘pchiligi bexatarroq joylarga ketish taraddudiga tushib qoldi. Ayni paytda O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi rahbarlari vahimaga o‘rin yo‘qligini ta‘kidlamoqdalar.


Shu yilning iyun oyida O‘shda sodir bo‘lgan qonli voqealar chog‘ida shaharning eng ko‘p talafot ko‘rgan mavzelaridan biri - Cheremushkida istiqomat qiluvchi Xayrullo aka shu kunda tarqagan mish-mishlarni Ozodlikka aytib berdi. Suhbatdoshimiz Cheremushki mavzeining o‘zbeklar va qirg‘izlar aralash istiqomat qiluvchi hududida yashaydi va ikki millat orasida tarqalayotgan turli mish-mishlardan xabardor:

- Mish-mishlarda, go‘yoki “Hayitning uchinchi kuni afg‘on kirarmish, bu yerdan Oloy (qirg‘izlar nazarda tutilmoqda – tahr.) to‘planayapti ekan, Hayitni o‘tkazib, oxiriga yetadigan ishlar bor ekan”, deyiladi. Hozir bir qirg‘iz yigit bilan gaplashdim, u: “Xayrullo aka, to‘g‘rimi, o‘zbeklar rosa qurollanayapti ekan, qurol olib kelayapti ekan”, deydi. “Qurol senga pachkadagi sigaretmas”, dedim. “U yo‘q deganda 1-2 ming dollar tursa kerak, odamlar tirikchiligi gumanitar bilan bo‘lsa2, desam, u: “biz ham hayron qolayapmiz”, deydi. Qirg‘iz tomoni ham shunaqa mish-mishda. Go‘yoki “o‘zbeklar urush boshlarkan”, deyishadi. O‘zbek bolalar bo‘lsa, qirg‘izlar go‘yoki “Qorasuvdagi, O‘shdagi butun do‘ppilarni, xotinlariga hijoblarni sotib olishibdi, go‘yoki kiyishib olib, o‘zbeklar boshladi, degandek qilishar ekan”, degan shunaqa gaplarni gapirishayapti, deydi cheremushkilik suhbatdoshimiz.

Xayrullo akaning aytishicha, shu kabi mish-mishlar oqibatida ko‘plab o‘shliklar o‘z uylarini vaqtincha tashlab, boshqa yerlarga ko‘chib ketishayapti.

O‘shlik huquq himoyasi Ravshan Gapirovga ko‘ra, O‘shda ayrim guruhlar qirg‘iz millati orasida turli mish-mishlar bilan birga “O‘zbek separatistlari qirg‘izlarni vahshiylarcha o‘ldirgan” kabi yozuvlar bilan boshlangan videodisklar va iyun oyida sodir bo‘lgan to‘qnashuv chog‘ida halok bo‘lgan qirg‘izlar ro‘yxatini tarqatmoqda:

- Videoda, o‘lgan, kuygan, morgda chalkash itning o‘ligi qilib irg‘itib yuborilgan o‘liklar, pichoq yegan, so‘yilgan o‘liklar ko‘rsatilgan. O‘liklar ikki kun yotib shishishni boshlaydi. Shishib, ko‘zi yumilib, qirg‘izga o‘xshab qolgan. Xuddi shunaqa o‘liklarni tanlashgan. Yuridik terminda “pocherk prestupleniya” degan narsa bor, o‘sha pocherk prestupleniya biz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgan, so‘yilgan o‘liklar bilan pocherk bir xil. Bu yerdan ko‘rinib turibdiki, maxsus tayyorlangan bir gruppa ishlagan. Lekin qirg‘izlarning ichida unaqa so‘yilgani yo‘q, boyagi o‘liklar o‘zbeklarni o‘ligi, shundoq bilinib turibdi. Bir qancha o‘likni ichida bir qirg‘iz bolaning o‘ligi yotibdi, uning ot-familiyalarini yozib qo‘yishibdi. Undan keyin spiskasida 112 odamdan 64 tasi “neizvestniye” deb ketayapti, deydi Ravshan Gapirov.

Huquq himoyachisi mayyitlar aks ettirilgan disklar qirg‘iz millatini o‘zbeklarga qarshi qayrash maqsadida tarqatilgan, deb hisoblaydi:
- Buni tarqatish bilan ular qirg‘izlarni o‘zbeklarga nisbatan g‘azabini kuchaytirmoqchi bo‘lishayapti, bu aniq ko‘rinib turibdi. Nimaga deganda, bu diskni ko‘rgan, spiskani o‘qigan har qanday qirg‘iz: “Ha, o‘zbeklar iflos, shunchalik ishlar qilishibdi, bu o‘zbeklarni bir chekkadan o‘ldirish kerak ekan” degan xulosaga kelishi ehtimoldan holi emas, deydi Ravshan Gapirov.

Ayni paytda O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasiga ham o‘shliklar tomonidan turli mish-mishlar borasida arizalar kelib tushmoqda. O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi rahbari Qursan Asanovning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, hozircha bu mish-mishlar bo‘yicha tushgan ma‘lumotlarning birontasi tasdiqlanmadi:

- Hozir kuchaytirilgan tartibda, avval komendantlik soati chog‘ida qanday ishlagan bo‘lsak, shunday ishlayapmiz. Avvalgi komendaturalar, “adminstrativniy uchastka” deb ataladi, o‘shalarning barchasi bor. Turli mish-mishlar so‘nggi 2-3 kunda rostdan ham ko‘payib ketdi. Har qanday gap bo‘lsa, biz mish-mish deb o‘tirmaymiz, informatsiya tushgan bo‘lsa, 5-10 minut ichida operativ ravishda aytilgan joyga boramiz. Borib tekshiramiz, hozircha bizga tushgan ma‘lumotlar o‘z tasdig‘ini topmadi, dedi Qursan Asanov.

Uning aytishicha, turli mish-mishlar ko‘paygani sababli Asanovning o‘zi televideniye orqali chiqish qilgan va o‘shliklarga turli mish-mishlarga ishonmaslik lozimligini aytib, ularni tinchlantirgan.

Qursan Asanov O‘shning turli mavzelarida oqsoqollar, hududiy kengash raislari bilan birgalikda aholi orasida tushuntirish ishlari olib borilayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Aytib o‘tish joizki, shu yilning 11-14 iyun kunlari sodir bo‘lgan qonli voqealardan avvalroq ham Qirg‘iziston janubida millatlararo nizo chiqishi mumkinligi haqida turli mish-mishlar tarqagandi. Qonli voqealar chog‘ida va undan keyinroq ham mish-mish aholi o‘rtasida axborot almashishning asosiy shakllaridan biri bo‘lib qolgandi.
XS
SM
MD
LG