Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:50

Ta‘lim kreditini olmoqchi bo‘lsang - tillalarni tayyorla


Bugun O‘zbekiston oliygohlariga qabul qilinayotgan talabalarining aksariyati shartnoma asosida o‘qiydi.
Bugun O‘zbekiston oliygohlariga qabul qilinayotgan talabalarining aksariyati shartnoma asosida o‘qiydi.

O‘zbekiston oliygohlarida shartnoma asosida o‘qiyotgan talabalar uchun imtiyozli kredit ajratilish tizimi jori qilinganiga o‘n yil to‘ldi. Biroq bunday kreditni ololmagani bois, shartnoma pulini tololmasdan, o‘qishdan haydalayotgan talabalar safining siyraklashgani kuzatilgani yo‘q.


Toshkentdagi Sharqshunoslik institutining uchinchi kursida tahsil olayotgan Nargiza shartnoma asosida o‘qiydi. U ikki yildirki, “ta‘lim krediti”dan foydalanadi. Nargiza bankdan kredit olib o‘qish qulay ekani va o‘tgan yili bir kursdoshi ham kredit yordamida o‘qishdan haydalishdan qutilib qolganini aytadi.

- Bir kursdoshim Qashqadaryodan. U ikkinchi kursning boshida kontrakt to‘lmagani uchun bir-ikki oy o‘qishga kelmadi. Keyin u o‘qishni tashlab ketmoqchi ham bo‘ldi. Lekin dadasi bir amallab bankdan kredit olib to‘ladi, deydi Nargiza.

Nargiza hozircha olgan kreditining foizini ota-onasi to‘layotgani, institutni tugatgach, o‘zi ishlab kreditni qaytarish niyatida ekanini aytadi.

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlarida o‘qiyotgan bakalavr va magistrlar uchun mo‘ljallangan “Ta‘lim krediti” bakalavrlarga 10 yilgacha, magistrlarga 5 yilgacha bo‘lgan muddatlarga beriladi.

Kredit olish uchun talab qilinadigan mashina, turar joy bo‘lmagan binolar yoki qimmatbaho buyumlarni topshning iloji bo‘lmagani bois aksar talabalar bankdan kredit olish imkonsiz ekanidan gapirishadi.

Samarqandlik A‘zamjon To‘raqulov ham shartnoma pulini to‘lay olmagani bois, akademik ta‘til olishga majbur bo‘lgan. Samarqand Davlat chet tillar instituti talabasi A‘zamjon ayni paytda Rossiyada mardikorlik qilayapti.

A‘zamjonning otasi Pardaqul To‘raqulov o‘g‘lining shartnoma pulini to‘lash uchun bankdan kredit olish shartlarining qiyinligi bois o‘g‘li akademik ta‘til olishga majbur bo‘lganini aytadi.

- Zalogim yo‘q. Mening mashinam yo‘q, biror gramm ham tilla narsalarim yo‘q. Nimani qo‘yishim kumkin? Bizlar pensioner odammiz. Pulini bera olmadik. Shu bilan chiqdi ketdi. Hozircha Moskvada yuribdi, deydi Pardaqul To‘raqo‘lov.

Toshkentlik Nigora opaning ikki qizi ham shartnoma asosida o‘qiydi. Nigora opa qizlarining shartnoma pulini to‘lashga qiynalishiga qaramasdan, bankdan kredit olish niyatida emas.

- Kredit olgandan keyin u kreditni berish ham kerakda. Kreditning birinchidan juda ham protsenti katta. Ikkinchidan, unga qo‘yiladigan zalog ham katta deyishayapti. Keyin yana qanaqadir ishlab berish shartlari ham bor deyishayapti. Shuning uchun kredit olmaslikka harakat qilaman. Qarz olib tursam ham shuni bir amallab o‘zim to‘lasam, asta-sekin o‘sha olgan qarzimni beraman. Kredit olsam, bu kreditning tagidan chiqishimga men ishonmayman to‘g‘risi, deydi Nigora opa.

“Asaka” bankning viloyat bo‘limlaridan birining xodimiga ko‘ra, “Ta‘lim kreditining foizi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan miqdorda, ya‘ni yillik 14 foiz qilib belgilangan.

- 14 foizdan beriladi yillik. Zalogga nimadir qo‘yiladi mol-mulk.

Ozodlik: Masalan nima qo‘yish mumkin?

- Turar-joy bo‘lmagan binolar, savdo do‘koni, omborxona yoki transport vositasi qo‘yiladi.

Ozodlik: Uyni qo‘yish mumkinmas-a?

-Yo‘q, uy mumkin emas. Turar-joylar garovga bo‘lmaydi.

Ozodlik: 14 foiz dedingiz. Foizi qanday qaytariladi keyin?

- Foizi har oyda qaytariladi. Asosiy qarz o‘qishni bitirgandan keyin uchinchi oydan boshlab qaytariladi.

Ozodlik: Masalan 2 million 400 mingni oldi deylik. Buning foizi har oyda qancha bo‘ladi?

- Har oyda 28 ming so‘m.

Ozodlik: Mabodo foizini to‘lay olmasachi?

- Chora ko‘riladi. Sudga berilib, garovdagi mol-mulk hisobidan undiriladi. Sudga, prokuraturaga beriladi. Institutga xabar beriladi, deydi “Asaka” bankning viloyat bo‘limlaridan birining xodimi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, chin yetimlar va mehribonlik uyida tarbiyalangan talabalar, bolalikdan birinchi va ikkinchi guruh nogironlariga ta‘lim krediti 0 foizlik stavkada beriladi.

Talaba oliy o‘quv yurtini bitirganidan 3 oy o‘tgach kreditni qaytarishni boshlashi shart.

Qashqadaryodagi oliy o‘quv yurtlaridan birining xodimiga ko‘ra, talabalar orasida shartnoma pullarini to‘lay olmaydiganlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, talabalar aksar hollarda bankdan kredit olishga imkon topa olmay o‘qishdan haydalib ketmoqda.

Ozodlik: Talabalar orasida shartnoma pullarini to‘lay olmaslik holatlari bo‘ladimi?

- Uchrab turadi. Bo‘ladi endi. Misol oilasida bir yetishmovchilik bo‘lishi mumkin, boshqa bo‘lishi mumkin. To‘lay olmaydida. Ayrim sabablarga ko‘ra, to‘lay olmaydida. To‘lay olmagandan keyin o‘qishdan ozod qilinadi. Ma‘lum muddatga bo‘lsada, haydaladi. Bir yil yoki bo‘lmasa ikki yil. Yana o‘qish pullarini to‘lagandan keyin o‘qishni davom ettiraveradi.

Ozodlik: Bunaqa holatlar bo‘ladimi?

- Bo‘ladi, ha bo‘ladi. Tabiiy holatku.

Ozodlik: Siz tabiiy deyapsiz, masalan, bir yilda qancha bo‘ladi shunaqa holat?

- O‘nlab bo‘ladi. O‘nlab to‘lay olmaydigan bolalar bo‘ladi. Aniq bu.

Ozodlik: Demak, o‘sha talabalarning hammasi o‘qishdan haydaladi?

- Shunday bo‘ladi ha. O‘qish xarajatlarini to‘lay olmagandan keyin haydaladida, deydi oliygoh xodimi.

Toshkentdagi “Veritas” yosh huquq himoyachilari tashkiloti vakili Sanjar Saidov bankdan kredit olish tizimining to‘la korruptsiyalashgani bois talabalar o‘zlariga yaratilgan imtiyozdan foydalana olmayaptilar, deydi.

- Aynan ta‘lim kreditidan foydalanish ham avvalo o‘quv muassasasining, ikkinchi navbatda bank tashkilotlarining korruptsiya tizimi, umuman byurokratik tizimining bir ko‘rinishi hisoblanadi. Bu hammasi korruptsiyalashgan tizim hisoblanadi. Talaba kreditni olish uchun eng avalo oldindan “haq” to‘lashi kerak yoki bo‘lmasa tanish-bilishingiz bo‘lishi kerak. Yoki bo‘lmasa qo‘shtirnoq ichidagi bir qop hujjat to‘g‘irlaganingizdan keyin shunaqangi ijtimoiy yordam olishingiz mumkin. Eng katta to‘siq qiladigan narsa shular hisoblanadi. Nafaqat ta‘lim kreditidan foydalanish, masalan armiyaga borib kelgan talabalar kontraktining 35 foizini “Kamolot” to‘lab berishi kerakda. Lekin buning uchun “Kamolot” tashkilotida yaxshi tanishingiz bo‘lishi yoki bo‘lmasa shunga qaysidir ma‘noda shapka puli berish orqali kontrakt pulining to‘lab berishadi, deydi Sanjar Saidov.

O‘zbekiston oliygohlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta‘lim kreditlari berish O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining 2001 yilning 26 iyundagi qaroridan keyin yo‘lga qo‘yilgan.
XS
SM
MD
LG