Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:23

Nega Amerikada muqaddas kitoblarni yoqish mumkin?


Pastor Jounz Qur‘onni yoqaman¸ deb chiqqanidan beri dunyo bo‘ylab musulmonlarning norozilik namoyishlari tinmayotir.
Pastor Jounz Qur‘onni yoqaman¸ deb chiqqanidan beri dunyo bo‘ylab musulmonlarning norozilik namoyishlari tinmayotir.

Amerikalik bor-yo‘q 50 nafar muridi bor bir pastorning Qur‘onni yoqaman¸ deb bayonot berishi shu kunlarda qavmi bir milliarddan oshgan musulmon dunyosini larzaga solib turibdi. Ko‘pchilik musulmonlar¸ xususan o‘zbekistonliklar¸ nega endi AQSh huquq-tartibot idoralari bunday telbani bunday axmoqona harakatdan to‘xtatib qo‘ya qolmaydi¸ degan sodda bir savolni o‘rtaga qo‘ymoqda.


Bu savol javobi esa¸ o‘ta jo‘n – pastor Terri Jounz bo‘ladimi¸ yoki yana boshqa istalgan amerikalik¸ AQSh Konstitutsiyasiga 1791 yili kiritilgan 1-tuzatish yoxud Huquqlar haqidagi bandga muvofiq¸ istalgan ilohiy kitob¸ xususan musulmonlar muqaddas kitobini yoqishga haqli.

“Kongress¸ biror diniy tizimni qonuniylashtirishtiruvchi¸ yoki e‘tiqod erkinligini taqiqlovchi¸ so‘z yoki matbuot erkinligi yoki odamlarning tinch yig‘inlar o‘tkazish¸ yoxud o‘z shikoyatlarini qondirish uchun hukumatga murojaat qilish erkinligini cheklovchi qonun qabul qila olmaydi”¸ deyiladi Amerika demokratiyasining tamali hisoblanmish bu tuzatishda.

Shu bois Amerikada¸ dunyoning aksar mamlakatlaridan farqli¸ dinni haqoratlash¸ diniy tuyg‘ularga hurmatsizlik yoki nafratni targ‘ib qiluvchi chiqishlarni taqiqlovchi qonun-qoidalar yo‘q.

Aynan 1-tuzatish asosida AQSh Oliy sudi 1952 yili ayrim shtatlarda amal qilib kelgan shakkoklik haqidagi qonunlarni ham bekor qildi. “Bizning davlatda qandaydir diniy ta‘limotga nisbatan uyushtirilgan real yoki faraz qilingan hujumlar¸ ular matbuotdagi chiqishlar¸ nutqlar yoki kinofilm ko‘rinishi bo‘lishidan qat‘iy nazar¸ bunday hujumlarni bostirish bilan shug‘ullanish hukumatning ishi emas”¸ deyiladi Nyu York shtatidagi shakkoklikni taqiqlovchi qonunni bekor qilgan Oliy sud qarorida.

Shu tarzda¸ Amerikada istalgan shaxsning istalgan din yoki muqaddas kitobga nisbatan qiladigan istalgan shakldagi hujumi uning konstitutsiyada kafolatlangan so‘z va e‘tiqod erkinligi ifodasi hisoblanadi.

Shu bois¸ AQSh konstitutsiyasiga kiritilganidan beri o‘tgan 220 yil davomida sobit qolayotgan 1-tuzatish qarshisida dunyoning eng qudratli prezidenti sanalmish Barak Obamadan tortib¸ eng qudratli armiyaning eng qudratli generali bo‘lmish Devid Petreusgacha ojiz - hech kim pastor Jounzni qonun yoki kuch vositasida Qur‘onni yoqish rejasi ijrosidan to‘xtata olmaydi – zotan bu uning konstitutsiyada belgilangan haqqi. Konstitutsiya esa¸ Amerikada¸ hatto prezidentlar ham daxl qila olmaydigan muqaddas qonundir.

Shu bois¸ qudratli prezidentdan tortib uning qudratli Mudofaa vaziriga qadar¸ yaqingacha borligini sanoqli odamgina bilgan bir pastorga murojaat qilib¸ sim qoqib¸ uni o‘z rejasidan qaytishga ko‘ndirishga urinmoqda. Va hozircha besamar urinmoqda. Zotan Jounz¸ Qur‘onni yoqish rejasidan butunlay qaytgani yo‘q¸ uning ijrosini faqat kechiktirdi¸ xolos.

Ayni paytda¸ ayrim huquqshunoslarga ko‘ra¸ Vashington hukumatining floridalik ekstremist pastorni Qur‘onni yoqishdan to‘xtatishiga huquqiy asoslar ham yo‘q emas.

Ulardan biri¸ garchi zaif bo‘lsa-da¸ 1931 yili Oliy sud qabul qilgan qaror bo‘lishi mumkin. Near versus Minnesota ishi ko‘rilgan bu sudda¸ “jamoa hayoti xavfsizligini zo‘ravonlik harakatlari va qonuniy hukumatni kuch vositasida ag‘darish urinishlaridan himoyalash mumkin”¸ degan hukm chiqarildi. Ana shu qaror asosida bugun AQSh hukumati¸ mamlakat qo‘shinlari Iroq va Afg‘onistondagi urushga tortilgan hozirgi paytda¸ Qur‘onni yoqish musulmon davlatlaridagi qo‘shinlar xavfsizligiga tahdidni kuchaytiradi¸ degan asosda uni to‘xtatishi mumkin¸ deydi Oksford Bruks universiteti professori Devid Nash.

Ammo¸ deb davom etadi professor¸ bunday tahdid mavjudligini mutlaq isbot qilish qiyin bo‘lgani bois¸ hukumat Qur‘onni yoqishni to‘xtatish uchun bu harakatni jamoat tartibiga tahdid sifatida taqdim etishi lozim.

- Qur‘on nusxalari yoqilgan taqdirda¸ darhaqiqat jamoat tartibiga tahdid tug‘iladi¸ Amerika ichkarisida ham norozilik namoyishlari o‘tkaziladi. Shu bois hukumat¸ ana shu huquqiy asosni o‘z strategiyasi qilib tanlasa bo‘ladi¸ deydi professor Nash.

Ayni paytda¸ huquqshunoslarga ko‘ra¸ AQSh Oliy sudining 1942 yilgi “haqorat so‘zlariga oid doktrinasi” ham hukumatga pastor Jounz tanobini tortib qo‘yish imkonini berishi mumkin.

Chaplinsky versus New Hampshire ishi bo‘yicha chiqarilgan hukmda¸ Oliy sud hakamlari bir ovozdan “ifoda qilinishi bilan ziyon yetkizadigan yoxud tinchlikning darhol buzilishiga olib keladigan haqorat so‘zlari” oldini olish yoki ularni jazolash konstitutsiyaga zid emas¸ degan to‘xtamga keldilar. Garchi 70 yilga yaqin o‘tgan vaqt davomida qabul qilingan boshqa qarorlar¸ bu hukmdan foydalanish imkonini cheklagan bo‘lsa-da¸ huquqshunoslar Vashington hukumati bu hukmni pastor Jounzning so‘z va e‘tiqod erkinligini qisman cheklash va uni Qur‘onni yoqishdan to‘xtatish uchun ishlatishi mumkin¸ demoqdalar.

Ayni paytda¸ Ozodlik suhbatlashgan mutaxassislarning ko‘pchiligi¸ birgina pastorning dunyodagi dinlar o‘rtasida shundoq ham yupqalashib qolgan tinchlik va muvozanatni bitta axmoqona harakat bilan izdan chiqarish ehtimolini¸ Amerika jamoatchiligi uchun ogohlantiruv signali¸ deb atamoqdalar. Ular fikricha¸ jamoatchilik bugun so‘z va e‘tiqod erkinligini toptamagan holda¸ nafratga asoslangan jinoyatlar va dinlarni bir-biriga qarshi gij-gishlashni to‘xtatishning huquqiy asoslarini birgalikda izlashi lozim.
XS
SM
MD
LG