Линклар

Jahon bo‘ylab har yili bir millionga yaqin odam o‘z joniga qasd qiladi. Bu raqamni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 10 sentyabr - o‘z joniga qasd qilish holatlarini bartaraf etish xalqaro kuni munosabati bilan e‘lon qildi. Sana munosabati bilan O‘zbekiston uchun ham fojia bo‘lib qolayotgan muammoga bir nazar tashladik.


Har 40 soniyada dunyoda bir odam o‘z joniga qasd qilmoqda.

Bu haqda bong urgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisob-kitobiga ko‘ra, kuniga million kishi o‘zini o‘ldirmoqda. Ayni tashkilot mutaxassislari ko‘p hollarda suitsidning oldini olish mumkin, deb hisoblaydi.

10 sentyabr o‘z joniga qasd qilish holatlarini bartaraf etish kuni deb joriy qilingan. Aynan shu kuni kurrai zamin fojiasiga aylangan o‘z joniga qasd qilishni bartaraf qilish yo‘llari haqida mashvaratlar o‘tkaziladi, yo‘l-yo‘riqlar izlanadi.

Birov turmush tashvishlariga chiday olmasdan o‘zini o‘ldirgan bo‘lsa, yana birovi badavlat bo‘lsada yashashdan maqsad topmagani uchun joniga qasd qilmoqda. Dunyodagi barcha urush talash va qotilliklar bois o‘lganlardan ko‘ra o‘zini o‘ldirganlar soni ancha ko‘p ekani aniqlangan.

Har 40 soniyada dunyoda 1 kishi o‘zini o‘ldirishi barobarida 20 kishi o‘z joniga qasd qilishga urinadi.


Yer uchun kuygan Halima opa

O‘zbekistonning Narpay tumanidagi 70 yoshdan oshgan Halima opa hukumat yerini olib qo‘ygani uchun o‘tgan yil aprelida o‘ziga o‘t qo‘ydi. 35 foiz tanasi kuyib ketgan Halima opa hayotini vrachlar saqlab qoldi, ammo Halima opaning paymonasini to‘ldirib joniga qasd qilishgacha yetkazgan omillar barham topgani yo‘q.

Narpaylik Halima opa o‘zining 70 yillik hayotida qiyinchiliklarni ko‘p ko‘rdi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi ocharchilik, yetar yetmas kunlarda ham o‘z joniga qasd qilishni xayoliga ham keltirmaganini aytadi. Ammo oila boqaman, deb Rossiyaga ketgan ikki o‘g‘lining birdaniga o‘lgani va bu o‘g‘illar jasadini Rossiyadan keltirib, ko‘mish uchun 7 million so‘m qarz havola qilingani Halima opa jonini xalqumiga keltirdi. Oilani boqib turgan bir parcha yerning Narpay tuman hokimligi tarafidan olib qo‘yilganiga norozilik o‘laroq, Halima opa o‘zini yoqdi.

Men yerimni olib qo‘ygan hokimlarning adolatsizligiga chidamasdan o‘zimni yoqdim, deydi Halima opa.

- Olti oydan beri yuguraman. Bular "eringni chorvachilikka aylantirib beramiz", deb aytishdi. O‘tgan yil kredit olsin, chorvachilik qilsin, deb qarorlar berildi.

10 gektar. Mening oyog‘im singan edi. Optimallashtirish qaroridan so‘ng borib: “Mening yerimni nima qildingizlar, qoldirdingizlarmi?”, desam, “Ketavering, sizning yeringiz qolgan, sizning yeringizga tegmaymiz”, deyishdi.

Shundan keyin olti oy qatnadim. Ertaga keling, indinga keling, dedi. Keyin qayoqqa borsangiz boring, dedi.

Keyin men Toshkentga qatnay boshladim. Deyarli har kun Toshkent-Samarqand o‘rtasida qatnadim. Sovuqlarda sarson-sargardon bo‘ldim.

Buni “Xalq so‘zi” gazetasi ham, boshqasi ham hammasi biladi. Lekin hech kim yordam qilishni o‘ylamadi.

"Xalq so‘zi" gazetasiga, "Hurriyat" gazetasiga bordim. Hamma matbuotga kirib chiqdim. Televideniyega bordim. Hech kim yordam qilmadi. Nima men davlat jinoyatchisimanmi? Ularning yozganining hammasi to‘g‘rimi? Men qayerga boray? U birovning aytganini qilmasa. Rossiyadan ikkita bolamning o‘ligini olib keldim.

7 million qarz ko‘tarib bolalarimning o‘ligini olib kelib ko‘mdim. Boshimda xo‘jayinim bo‘lmasa. E, boshimdan nima savdolar o‘tmadi.

Qarang, hozir ham tuhmat qilib turibdi. Toshkentga: “Kelini bilan urishgan, shuning uchun o‘ziga o‘t qo‘ygan”, deb yozipti.

Nima qildim men? Bu dunyoda haqiqat bormi o‘zi, deydi Halima O‘ljayeva.

Haqiqat yo‘q bo‘lsa, bu dunyoda yashab nima qildim, degan sabab o‘z joniga qasd qilish mexanizmini harakatga keltiruvchi omil sifatida ko‘riladi.


Xorazmlik Saparvoy aka hikoyasi

"Ukamning xotini Rossiyaning Kursk shahriga ishlashga ketdi. O‘zi bilan 4 yashar yolg‘iz o‘g‘lini ham olib ketdi. Kuz oxiri edi. Bola shamollashdan Kurskda o‘lib qolibdi. Ukamning xotini o‘lgan bolasini yelim sumkaga bagaj kabi upakovka qilib poyezdga chiqibdi. Falokatni qarangki, jasad olingan sumkani kelinimiz vokzalda o‘g‘irlatib qo‘yibdi. To‘rt kun yemay-ichmay poyezdda karaxt o‘tirgan kelin uyga sho‘ppayib kirib keldi. Ukam undan "Bola qani?", deb so‘radi. "Bola o‘ldi", debdi kelin. "O‘ligi qani?", dedi ukam. "O‘g‘irlatdim", debdi kelin.

Ana shundan keyin ukam xotiniga bir shapaloq uribdi. Ishonasizmi, bir shapaloqdan keyin kelinning yuragi o‘ynab o‘lib qolibdi. Ana shundan keyin ukam o‘zini shiftga osib qo‘ydi".

Moddiy yetishmovchilik¸ ishsizlik zaminidan o‘sgan bu suitsid bir oila mavjudligiga barham berdi. “Qashshoqlikdan ko‘ra qashshoqsan degan nadomat ostida qolganlar ko‘proq o‘zini o‘ldirmoqda” deydi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligidagi soha mutaxassisi.

2010 yil 14 yanvar kuni ikki bolaning onasi, Xorazm viloyati, Xiva tumani “Al-Xorazmiy” shirkati “Chinobod” qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 1987 yilda tug‘ilgan Nargiza Olloberganova o‘z uyida o‘zini osib qo‘ydi. Nargizaning yaqin tanishlari oiladagi moddiy muammolar va janjallar bois Nargiza o‘zini o‘ldirgan deydi.

2010 yil 29 yanvarь kuni o‘sha Xiva tumani G‘ovuk-ko‘l dahasidagi Mahliyo Rahimboyeva ham qashshoqlik bois o‘zini o‘ldirgani ma‘lum bo‘ldi.

Xiva tumani Mustaqillik ko‘chasida istiqomat qiluvchi 1993 yilda tug‘ilgan Yulduz Ibrohimova ham qashshoqlikka chiday olmasdan o‘zini o‘ldirishga qaror qildi. Yulduz ko‘p miqdorda uyqu dorini ichib qashshoqlik olamidan bira to‘la qutulmoqchi bo‘ldi. Yetib kelgan tez yordam vrachlari Yulduzning hayotini saqlab qolishdi.


Qishloqdagi fojea

Bundan 22 yil muqaddam o‘zbek yozuvchisi Odil yoqubov Moskvadagi “Literaturnaya gazeta” nashrida ana shu sarlavhali maqolani e‘lon qildi. Maqolada o‘zbek ayollarining o‘ziga o‘t qo‘ygani faktlari keltirildi.

Maqolada o‘sha paytda Islom Karimov rahbar bo‘lgan Qashqadaryo viloyatining o‘zida 1987 yil davomida 36 ayol o‘zini yoqib yuborgani aytiladi. Ayni viloyatda 1988 yilning olti oyida 30 nafar jonli mash‘ala lovullab yongani fakti o‘sha paytdagi ko‘p millionlik Literaturnaya gazeta mushtariylarini dahshatga solgan edi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san‘ati” gazetasining 1988 yil 5 avgust sonida yozuvchi Salomat Vafo “Po‘lat izlardagi fojea” maqolasini chop qiladi. Maqoladan iqtibos.

“16 yashar qiz Gulnora norma deb belgilangan 60 kilo paxtani tezgina terib, uyiga qaytib ketmoqchi bo‘ldi, ammo o‘qituvchi Tohirjon uning uyiga ketishiga izn bermadi. Boz ustiga yomon so‘zlar bilan haqoratladi. Bunga chidamagan Gulnora o‘zini poyezd ostiga tashladi”.

“Og‘ir temir g‘ildiraklar o‘n gulidan bir guli ochilmagan qizaloqning navqiron tanasini bosib o‘tdi” deyiladi Salomat Vafoning bundan 22 yil oldingi maqolasida.


Fojeaning davomi

Oradan 22 yil vaqt o‘tdi. O‘zbekistondagi adolatsizliklar bois o‘z joniga qasd qilganlar soni ko‘paysa ko‘paydi, ammo kamaymadi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassisiga ko‘ra, har yili O‘zbekistonda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.

Bu rasman qayd qilingan raqam xolos. Ammo ko‘p holatda o‘z joniga qasd qilib o‘lganlar rasman qayd qilinmaydi.

Urganchning G‘oybu qishlog‘idagi To‘xtajon degan kelin bevafo eriga isyon qilib o‘ziga o‘t qo‘ydi. Obro‘talab qaynota esa, “kelinimiz yog‘ dog‘layman deb kuyib qolibdi”, deya marhumni dafn qildi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari ko‘p xollarda suitsidning oldini olish mumkin deb hisoblaydi.

- Buning uchun esa, mamlakatda bu muammoni ochiq shaffof muhokama qiladigan matbuot, odamlarni o‘zini o‘ldirishga majbur qiladigan mulozimlarni jazolaydigan mustaqil sud tizimi va eng muhimi ehtimoliy hudkushlarni qaroridan qaytaradigan ruhshunoslar markazi lozim, deydi Ozodlik bilan suxbatlashgan soha mutaxassisi.

Gallup tashkiloti tadqiqotiga ko‘ra, suitsid sharqiy Yevropada eng ko‘p kuzatiladi. Islomiy davlatlar xususan Quvaytda hudkushlik eng kam ro‘y beradi.
XS
SM
MD
LG