Линклар

Vladikavkazdagi portlash ortida kim turibdi?


Russia -- The site of a bomb blast near the central market of Vladikavkaz, 09Sep2010

Russia -- The site of a bomb blast near the central market of Vladikavkaz, 09Sep2010

Shimoliy Osetiya poytaxti Vladikavkazning markaziy bozori oldi ro‘y bergan portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 19 kishiga yetdi, 140-qa yaqin odam jarohatlandi. 10 sentyabr Shimoliy Osetiyada motam kuni deb e‘lon qilindi. Tahlilchilar portlash ortida kim turganiga oid turli taxminlarni ilgari surmoqda.


9 sentyabr kuni Vladikavkazning markaziy bozoriga kiraverish joyida xudkush hujumchi bomba joylangan mashinasini portlatib yubordi. 30 kilogramm trotilga teng bomba portlashi oqibatida 19 kishi nobud bo‘ldi, 140 yaqin odam jarohatlandi. Halok bo‘lganlar orasida turli millat vakillari, nasroniylar va muqaddas Ramazon Hayitini nishonlash uchun bozor qilgani chiqqan musulmonlar ham bo‘lgan.

Payshanba kungi hujumni Rossiyadagi barcha din ulamolari va siyosiy yetakchilari qoraladi.

Rossiya Muftiylar kengashi raisi Ravil G‘aynuddin xazratlari amalga oshirilgan hurujni qoralab bunday dedi:

- Kimda-kim qon to‘ksa, begunoh odamni o‘ldirsa, bu Ka‘bani vayron qilish bilan barobardir – bunday jinoyat Yaratuvchi oldida ana shunday gunoxi azimdir. Men bugun o‘z birodaru singillarimga eslatib qo‘ymoqchimanki, biz tinchlikni saqlashimiz kerak, mavjud illatlarga qarshi kurashishimiz kerak, dedi Rossiya Muftiylar kengashi raisi bosh vazir Vladimir Putin bilan uchrashuv chog‘ida.

Rossiya huquqni muxofaza qilish idoralari qo‘poruvchilik hurujiga aloqadorlikda gumonlangan 3 kishini qo‘lga oldi. Bu haqda Shimoliy Osetiyaga prezident Medvedevning maxsus topshirig‘i bilan yetib kelgan FSB direktori Aleksandr Bortnikov ma‘lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, portlashni sodir etgan xudkushning shaxsi aniqlangan. Familiyasi Archiyev, deb aytilayotgan shaxs portlashdan 20 daqiqa oldin GAZ-3110 rusumli avtomobilda Ingushetiyadan Shimoliy Osetiyaga kelgan.

Rasmiylar portlash ortida kim turganiga oid taxminlarni berishdan hozircha tiyilib turibdi. Rossiya prezidentining Shimoliy Kavkaz bo‘yicha maxsus vakili Aleksandr Xloponin tergovchilarning portlashga aloqador shaxslar to‘g‘risida ma‘lumot to‘plagani, lekin tergov manfaatlari bois sir saqlanayotganligini bayon qildi.

Ayni paytda, “Moskovskiy Komsomolets” gazetasida e‘lon qilingan “G‘alabaning bahosi” nomli maqolada Vladikavkazdagi portlash ortida “osetinlarning eng asosiy dushmani” – Gruziya turganini taxmin iddao qilinadi. “Agar Afg‘onistonda amerikalik o‘ldirilsa – bu toliblar, Isroildagi hurujlarda – arablar, Osetiyada portlash sodir bo‘lsa – bunda Tbilisining qo‘li borligiga ishonish mumkin, deya xulosa qiladi maqola muallifi Vadim Rechkalov.

Bu ayblovlarga javoban Gruziya Ichki ishlar rasmiysi Shota Utiashvili jurnalistlarning o‘ydirmasi, deya baholadi:

- Jabr ko‘rganlarning ro‘yxatiga e‘tibor bering. O‘lganlar orasida ikki gruzin, jarohatlanganlar orasida besh nafar gruziyalik bor. Bu terrorchi huruji natijasida ham gruzin, ham osetinlar qurbon bo‘ldi. Shuning uchun mening bunday taxminlarni men tasavvurimga sig‘dira olmayapman, dedi Gruziya Ichki ishlar rasmiysi Shota Utiashvili.

Gruziya Tashqi ishlar vazirligi halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik va Rossiyaga kerakli yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirdi.

Ba‘zi tahlilchilar portlash ortida Shimoliy Kavkaz mintaqasidagi vaziyatni izdan chiqarishga urinayotgan islomiy jangarilar turibdi degan fikrni bildirmoqda.

Rossiya Fanlar Akademiyasi Etnologiya va antropologiy institutida Kavkaz xalqlari bo‘limini boshqarayotgan Sergey Arutyunov Vladikavkaz portlashi Rossiyada so‘nggi paytlarda aksilterrorchilik amaliyotining kuchaytirilgani va natijada ko‘plab jangarilar o‘ldirilgani bilan bevosita bog‘liqdir, degan fikrda:

- Menimcha buni Vagabov va boshqa bir qator terrorchilikka aloqador shaxslarning yo‘q qilinishiga bo‘lgan javob, deb tushunish kerak. Islom ideologiyasini qurol qilib olganlar keyingi paytda duch kelayotgan omadsizlik va mag‘lubiyatlar ularni sindirmaganligini, ularda kuch yetarli ekanligini namoyish etmoqchi, deya ta‘kidladi tahlilchi Arutyunov.

Rossiya Fanlar Akademiyasi qoshidagi Xalqaro xavfsizlik markazi direktori Aleksey Arbatov Shimoliy Kavkaz mintaqasidagi beqarorlik birinchi navbatda hokimiyat tizimlarining samarasiz faoliyati bilan bog‘liqdir, deydi. Kavkaz mintaqasida boshqaruv tizimini to‘la isloh qilish zarur deya davom etadi siyosatshunos:

- Shimoliy Kavkazda korruptsiya, mahalliychilik, o‘z lavozimini suiiste‘mol qilish, hatto ba‘zi respublikalarda shariat qonunlarining amal qilishiga yo‘l qo‘yildi... Bu hududlarda Rossiya federal qonunlar amal qilmayotir! Bu mintaqada boshqaruv usulinin puturi ketdi. Hokimiyatdan, huquq-tartibot organlari bedodliklaridan aziyat chekkanlar, arazlaganlar soni ko‘payib bormoqda. Natijada aynan aholi orasida qurollangan muxolifatni qo‘llab quvvatlayotganlar soni oshmoqda, deydi Arbatov.

“Vremya novostey” gazetasi tahlilchisi Ivan Suxov Vladikavkazdagi portlash ortida bir nechta sabab bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi:

- Bu Shimoliy Osetiyaning hal etilmagan ichki siyosiy masalasi bo‘lishi mumkin. Portlash mahalliy guruhlar tomonidan hokimiyat organlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan bo‘lishi ham mumkin. Masalan, Xloponinning Federal okrugga tayinlanganiga qarshi bo‘lganlar ham kam emas. Shuningdek, portlash butun Shimoliy Kavkazda ketayotgan diversiya harakatining bir qismi ham bo‘lishi mumkin. Yana bir taxmin: so‘nggi paytlarda Shimoliy Kavkazda Markazdan kelayotgan dotatsiya pullari kamayib bormoqda. Shu sababli qolgan mablag‘lar uchun talash boshlandi va menimcha, mavjud vaziyat taranglishishda davom etadi, deydi “Vremya novostey” gazetasi tahlilchisi Ivan Suxov.

Vladikavkaz portlashi ortida kim turibdi degan taxminlar qatorida Osetiya va Ingushetiya o‘rtasidagi qaramaqarshilik ham ommaviy axborot vositalari e‘tiboridan chetda qolgani yo‘q.

Yaroslavlda chiqish qilgan prezident Dmitriy Medvedev “Rossiyada terrorchilik yo‘qotiladi, terrorchilar esa yo‘q qilinadi”, deya bayonot berdi. “Bizda bundan boshqa ilojimiz ham, maqsadimiz ham yo‘q”, dedi prezident.
XS
SM
MD
LG