Линклар

logo-print

Jahongirning yaqinlari uning qotil emasligiga ishonishadi


Qizini turmushga berish uchun O‘shga kelgan Jahongir Bozorov qotil sifatida 23 yilga qamaldi.

Qizini turmushga berish uchun O‘shga kelgan Jahongir Bozorov qotil sifatida 23 yilga qamaldi.

27 avgust kuni O‘sh viloyati Qorasuv tuman sudi 42 yoshli Jahongir Bozorovni 23 yilga hukm qildi. Jahongir Bozorov qirg‘iz millatiga mansub fuqaroni vaxshiylik bilan o‘ldirganlikda ayblanmoqda. Uni taniganlar esa Jahongir Bozorovning qotillik sodir etmaganligiga ishonishadi.


O‘shning Pomir ko‘chasi Sharq mahallasiga qaraydi. Bu yerda yashovchilarning ko‘pchiligi o‘zbeklar. 23 yilga hukm qilingan Jahongir Bozorov ham mana shu mahalladan. Bugun Sharq mahallasida yonib kulga aylangan hovlilarnig ko‘pchiligi huvillagan. Ba‘zi kuygan uy egalari hovlini kuyundidan tozalab, yangi imorat qurishga harakat qilmoqda.

12 iyun kuni Sharq mahallasidagi o‘zbeklarning uylari yonayotgan paytda mahallani ko‘pchilik tark etgan. Jahongir Bozorov ham onasi va bolalari bilan mahalladan jon saqlash uchun chiqib ketgan. Aynan shu mahalla joylashgan hududda 12 iyun kuni qirg‘iz millatiga mansub va Sharq mahallasida istiqomat qilmagan Umarov ismli shaxsni o‘ldirib, uning qo‘l telefonini olganlikda Jahongir Bozorov ayblangan.

Jahongirning onasi Sharifaxon aya o‘g‘li qotil emasligini aytadi.
Uning 64 yoshli onasi Sharifaxon aya Bozorova o‘g‘lining nohaq ayblanganligini qanday isbotlashni bilmaydi. Qo‘llari qaltirab turgan onaxon yurak dorisini ichib, yig‘isini zo‘rg‘a ushlab gapiradi:

- Bolam men bilan birga yurgan. Men og‘riqchanman. Meni olib yurgan. Yo‘ldan o‘tib ketayotganimda ham odamlar ko‘rgan, bolam men bilan o‘tib ketganini. Shu nohaqlik bilan, bolam noto‘g‘ri ishlar qildi, deb mana shu ishlarga kirib qoldi. Oilada ikkita farzandim bor-bir o‘g‘il, bir qiz. O‘g‘lim yolg‘iz. Oddiy, yaxshi, tartibli, chiroyli yurar edi. Hammadan so‘ranglar, xech kim yomon demayapti.O‘zini-o‘zi eplab shu to‘rt bolasini boqib yurar edi. Bu yerda emas edi u. Men qizingni bergin deb chaqirgan edim. Keyin shu ishlar bo‘lib ketib, bolam ayblanib qolayapti, deydi 23 yilga qamalgan Jahongir Bozorovning onaizori.

Jahongir aka boshqa o‘shlik o‘zbeklar qatori, O‘shdan ish topa olmay 7 yildan buyon Rossiyaning Novosibirsk shahrida kiyim-kechak sotib kelgan. Uning to‘rt bolasi O‘shda, buvisi bilan birga bo‘lgan. To‘ng‘ich qizini to‘yini qilish niyatida kelgan Jahongir aka qizining to‘yini ko‘rmasdan, qotillikda ayblandi.

Jahongir Bozorovga uning qidiruvda emasligi haqida berilgan ma‘lumotnoma.
O‘sh qirg‘inidan so‘ng, uyidagi bor jihozlari noma‘lum kimsalar tomonidan o‘g‘irlab ketilganidan so‘ng, Jahongir Bozorov Rossiyaga qaytmoqchi bo‘lib hujjatlar yiqqan. O‘sh viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, O‘sh ma‘lumot - tahliliy markazi 19 iyul sanasi bilan unga qidiruvda emasligi haqida ma‘lumotnomalar berishgan. Biroq oradan 3 kun o‘tib, uni qotillikda ayblab hibsga olishgan.

Jahongir Bozorovning yaqinlari 27 avgust kuni Qorasuv tumanida sud mahkamasiga borishgan. Uning qarindoshlaridan biri gapiradi:

- Biz bordik. Bizni sudga qo‘ymadi. Kennayam ikkovimiz borgan edik. Xayron bo‘ldik, nega kirgizmayapti deb.Endi hozir bunday bo‘lganiga xafa bo‘layapmiz-da. Nohaq bo‘layapti, deb o‘ylayapmiz, - dedi JahongirBozorovning yaqinlaridan biri.

O‘sh viloyati Qorasuv tuman sudi hukmiga ko‘ra, Jahongir Bozorov 23 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Ayni paytda uning yaqinlari O‘sh viloyat sudga appelyatsiya shikoyati bilan murojaat qilishgan. Agarda O‘sh viloyat sudi hukmni o‘z kuchida qoldirsa, Jahongir Bozorovning uy-joyi musodara qilinishi mumkin.
XS
SM
MD
LG