Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:38

Tojik qamoqxonasidan qochgan ikki mahbus qo‘lga olindi


Qamoqdan qochgan Zaydulloh Azizov (chap tarafda) Tojikiston telekanali orqali o‘z qilmishidan pushaymon ekanini aytdi.
Qamoqdan qochgan Zaydulloh Azizov (chap tarafda) Tojikiston telekanali orqali o‘z qilmishidan pushaymon ekanini aytdi.

Tojikistonda qamoqdan qochgan yana ikki mahbus qo‘lga olindi. Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tarqatgan xabarlarga ko‘ra, 10 sentyabr kuni Rudakiy tumanida o‘tkazilgan qo‘shma amaliyot chog‘ida tojikistonlik Zaydulloh Azizov va Rossiya fuqarosi Magomed Axmedov qo‘lga olingan.


Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot xizmati boshlig‘i Nozirjon Bo‘riyevning Ozodlikka xabar qilishicha, Zaydulloh Azizov va Magomed Axmedov Rudakiy tuman aholisi ko‘magida qo‘lga olingan.

- Qo‘lga olish chog‘ida ular xodimlarimizga qarshilik ko‘rsatishdi. Lekin hech qaysi tomondan qurbonlar bo‘lgani yo‘q. Qo‘lga olinganlardan qurollar va o‘q dorilar musodara qilindi. Hozircha ular qo‘lga olingan hududda amaliyotlar davom etayapti. Shu sababli qidiruv ishlariga xalaqit bermaslik uchun bundan ortiq tafsilotlar berilmaydi, - deya ma‘lum qildi xavfsizlik xodimi Nozirjon Bo‘riyev.

Zaydulloh va Magomed qo‘lga olinishidan bir kun avval Rudakiy tumanining Aliboy qishlog‘idagi xonadonlarning biriga kirib, oila bekasidan non va pul talab qilgan.

Bu borada o‘zini Hilol deb tanishtirgan ayol mana shunday hikoya qiladi:

- Kechki payt iftordan keyin darvozamiz ochiq ekan, besh kishi kirib keldi. Qo‘llarida armatura va temirlar bor edi. Bizga “Tashqariga chiqinglar”, deb buyurdi. Bolalarim qo‘rqib yig‘lashdi. “Ovozlaringni o‘chiringlar, bizga non, pul olib kelinglar”, deyishdi. Biz ovsinimning hovlisiga qarab qochdik. Ular bizni quvishdi. Hammamiz qiy-chuv ko‘targanimizdan keyin ular ortga chekinib, hovlidan chiqib ketishdi,- deydi Rudakiy tumanlik 25 yoshlardagi Hilol.

Shu kecha bu borada ma‘lumot olgan Milliy xavfsizlik qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi taxminan 300 nafar xodimini Rudakiy tumaniga qarashli Aliboy qishlog‘iga safarbar qilgan. O‘sha qishloq va uning atrofida ikki kun davomida tintuv o‘tkazilib, qishloqqa non va pul axtarib kirgan besh mahbusdan ikki nafari, ya‘ni Zaydulloh Azizov va Magomed Axmedov 11 sentyabr tongda qo‘lga olingan.

Ayni damda ularning uch sherigini tutish bo‘yicha amaliyot davom etmoqda.

Asnoda qo‘lga olinganlar Tojikiston Davlat televideniyasi orqali namoyish qilinib, ularni qo‘lga olishda davlat tegishli idoralariga yaqindan ko‘maklashgan aholiga minnatdorchilik bildirildi.

Qo‘lga olingan Zaydulloh va Magomed esa qilmishlaridan pushaymon ekanlarini aytib, qolgan mahbuslarni ham taslim bo‘lishga da‘vat qilishdi.

Eslatsak, shu yil 23 avgustiga o‘tar kechasi o‘ta xavfli sanalgan 25 nafar mahbus Milliy xavfsizlik qo‘mitasining Dushanbe shahridagi vaqtinchalik saqlash hibsxonasidan qochgan edi.

Ular orasida O‘zbekistonning ikki fuqarosi, 23 yoshli Hamidullo Yo‘ldoshev va 35 yoshli Furqat Xolmetov ham bor.

O‘tgan vaqt mobaynida qochqin mahbuslarning to‘rt nafari ya‘ni Ibrohim Nasriddinov Vahdat tumanida, Abdurasul Mirzoyev Fayzobod tumanida va Zaydulloh Azizov hamda Magomed Axmedov Rudakiy tumanida qo‘lga olindi.

Ayni kunlarda Tojikistonda yana 21 nafar o‘ta xavfli mahbusni qo‘lga olish bo‘yicha amaliyotlar davom etmoqda.
XS
SM
MD
LG