Линклар

logo-print

Olmaotadagi o‘zbek qochqinlari O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi mumkin


Hibsda qolayotgan O‘zbekistonlik qochqinlarning ayollari prokuratura binosini piket qildi.

Hibsda qolayotgan O‘zbekistonlik qochqinlarning ayollari prokuratura binosini piket qildi.

Qozog`iston bosh prokuraturasi Olmaota hibsxonasida saqlanayotgan 29 nafar o‘zbek qochqinini O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishini ma‘lum qildi. Bunga javoban hibsdagi o‘zbek qochqinlari ochlik e‘lon qildi. Ularning ayollari esa, o‘z erlarining ozod etilishi talab qilib, dushanba kuni Olmaota prokuraturasi binosini piket qildi.


Uch oydan buyon Olmaotadagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan o‘ttizga yaqin o‘zbek qochqinining ayollari 13 sentabr kuni Olmaota shahar prokuraturasi binosi oldida yig‘ildilar. Ular o‘z erlarining ozod etilishini talab qilib, Qozog‘iston bosh prokurori nomiga yozilgan murojaatnomani topshirish maqsadida keldilar. Ammo prokuratura binosini qo‘riqlab turgan militsiya xodimi, qochqin ayollarga tushlik vaqti bo‘lib qolganini aytib, ularni bino ichukarisiga kiritmadi.

Shu yilning 9 iyunidan 11 iyuniga qadar qozoq huquq-tartibot organlari va maxfiy xizmatlari tomonidan o‘tkazilgan “Migrant” reydi chog‘ida Olmaota shahrida 32 nafar o‘zbek qochqini qo‘lga olingandi.
Oradan biroz o‘tgach, yigirmadan ziyod qochqin ayol oldiga Olmaota shahar prokurorining bosh yordamchisi Toshkenboy Aubakirov chiqdi. Prokuratura rasmiysi joriy yilning 31 avgust kuni BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha Olmaota vakolatxonasi 29 nafar o‘zbek qochqiniga avval berilgan qochqinlik maqomini bekor qilgani, so‘ngra Olmaota shahar migratsiya departamenti o‘zbekistonlik qochqinlarning Qozog‘iston hududida qochqinlik maqomi taqdim etilishiga oid arizalariga rad javobini berganini qayd etdi.

Shundan so‘ng Aubakirov Qozog‘iston Bosh prokuraturasining tergov hibsxonasida saqlanayotgan 29 nafar o‘zbek qochqini borasida chiqargan qarorini e‘lon qildi.

- Qozog‘iston Bosh prokuraturasi hibsda saqlanayotgan o‘zbek qochqinlarini O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish haqida qaror qabulqildi. Ammo shu bilan birga, Bosh prokuratura jinoyat-ijroiya tizimi qo‘mitasi va milliy xavfsizlik qo‘mitasiga o‘zbek qochqinlariga Olmaota shahar migratsiya departamenti chiqargan qaror yuzasidan shikoyat arizasini topshirish uchun imkon yaratib berish bo‘yicha topshiriq berdi,- dedi prokuratura rasmiysi Toshkenboy Aubakirov.



O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi ularning barchasini O‘zbekiston hududida og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda ayblab, qozoq hamkasblaridan ularni ekstraditsiya qilishni so‘ragan.

Uch oydan beri hibsxonada saqlanayotgan bu qochqinlarni ekstraditsiya qilish bo‘yicha hibsda saqlash muddati shu yil 9 sentyabrida tugaganiga qaramasdan, ulardan bir nafarigina hibsdan ozod qilindi.

2010 yil yanvar oyidan boshlab Qozog‘iston davlat migratsiya departamenti boshpana izlab yurgan insonlarga qochqin maqomini berish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Undan oldin bu ish bilan BMT qochqinlar ishi bo‘yicha Qozog‘istondagi vakolatxonalari mas‘ul edi.
Hibsda saqlanayotgan boshqa o‘zbek qochqinlarining ayollari esa, hibsxonada qolayotgan boshqa qochqinlar Qozog‘istondan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishlariga qarshi ochlik e‘lon qilganliklari va to‘rt kundan beri ovqat yeyishdan bosh tortayotganlarini Ozodlikka ma‘lum qildilar.

- Rozimasmiz biz bunga, qarshimiz”, deb ochlik e‘lon qilishdi. Hozirgacha biz ularga peredacha bermadik. Bilmayman, nima yeyishayapti ular (yig‘lab). “O‘zbekistonda o‘lgandan ko‘ra, shu yerda ochdan o‘lganimiz yaxshi”, deyishyapti, - deydi uch oydan beri tergov hibsxonasida saqlanayotgan o‘zbek qochqinlaridan birining ayoli.

Ayni paytda o‘zbek qochqinlari ishi bo‘yicha shug‘ullanayotgan Olmaotadagi inson huquqlari xalqaro byurosi vakili Denis Jivaga qozoq prokuraturasi advokatlarning hibsdagi o‘zbek qochqinlari yoniga kirishlari uchun hozircha ruxsat bermayotganini aytdi.

Huquq faoliga ko‘ra, Olmaota shahar migratsiya departamentining hibsdagi 30 nafar o‘zbekistonlikka boshpana berish bo‘yicha rad javobi yuzasidan shikoyat arizasini topshirish muddati sentyabr oyi oxirida tugaydi.

Hibsdagi o‘zbek qochqinlariga shikoyat arizasi topshirish bo‘yicha berilgan muddatning tugashi tobora yaqinlashayotgani qochqinlarning yaqinlarini ham, mahalliy huquq himoyachilarini ham tashvishlantirmoqda.
XS
SM
MD
LG