Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:41

Koreyada o‘zbek-qirg‘iz muhojirlari o‘zaro mushtlashdi


Voqea guvohlariga ko‘ra¸ mushtlashuv muhojirlar ishdan qaytgach¸ katta yo‘l yoqasidagi bekatda boshlanib ketgan.
Voqea guvohlariga ko‘ra¸ mushtlashuv muhojirlar ishdan qaytgach¸ katta yo‘l yoqasidagi bekatda boshlanib ketgan.

O‘zbek va qirg‘iz muhojirlarining Ozodlikka bildirishicha¸ 11 sentabr kuni Janubiy Koreyaning Baran shaharchasida ikkala millatga mansub mehnat muhojirlari o‘rtasida mushtlashuv yuzaga chiqqan. Arzimagan bahona bilan boshlangan bu janjal ortida¸ O‘sh va Jalolobod qirg‘inidan so‘ng ikkala jamoa o‘rtasida yuzaga chiqqan keskinlik sabab ekani aytilmoqda.


13 sentabr kuni Ozodlik Janubiy Koreyaning Baran shaharchasida mehnat qilayotgan o‘zbek muhojirlaridan biri bilan bog‘lanib, 11 sentyabr kungi janjal tafsilotlarini surishtirdi.

Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan iyun oyi voqealaridan keyin chet o‘lkalarga chiqib ketgan qirg‘iz-o‘zbek millatidagi ishchi migrantlarning bu kabi o‘zaro to‘qnashuvlari birinchi marotaba bo‘lishi emas.
Suhbatdoshning aytishicha, mojaroga shanba kuni muhojirlar ishga jo‘nash oldidan to‘planadigan bekatda o‘zbek va qirg‘iz yigitlarining bir-birini turtib ketgani bahona bo‘lgan.

- Koreyada Baran degan shaharda bo‘lgan. Janjal, qirg‘izlar bilan o‘zbeklar turtishishib ketgan. Ko‘chada uchrashib, bir biriga yelka bilan yelka tegishib ketdi. Qirg‘izlar qo‘pol gapirishib yubordi. O‘zbeklar ham gap qaytarib qo‘ydi. Shu bilan to‘planishib, bir birini urishib ketishdi, deydi Koreyaning Baran shaharchasida mehnat qilayotgan muhojirlardan biri.

Kechki soat 6 lar atrofida, ertalab har joyga ishga tarqab ketgan muhojirlar yotoqlariga qaytgach, ertalab boshlangan mojaro endi katta mushtlashuvga aylandi, deb davom etadi suhbatdosh.

Ayni voqea tafsilotlarini Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga hikoya qilib bergan Koreyadagi qirg‘iz migrantiga ko‘ra, mushtlashuvga aralashgan 30 nafar o‘zbek va 8 nafar qirg‘iz muillatiga mansub muhojirlar bir zavodda ishlashgan. Qirg‘iz xizmati xabarida aytilishicha, mushtlashuv oqibatida qirg‘iz muhojirlaridan biri kasalxonaga yotqizilgan.

Ammo Ozodlik suhbatlashgan Koreyadagi muhojir, bundan xabari yo‘qligini aytadi.

- Bolnitsaga yotganlarni bilmadigu, lekin qirg‘iz bolalar yaxshigina kaltak yeb qolishdi. O‘zbeklar ko‘proq urdi¸ ular ko‘pchilik edi, deydi Koreyaning Baran shaharchasida ishlayotgan o‘zbek muhojirlaridan biri.

Barandagi o‘zbek-qirg‘iz muhojirlari o‘rtasidagi mushtlashuv xabarini tasdiqlagan Qirg‘iziston Mehnat va migratsiya vazirligining Koreyadagi rasmiy vakili Baqit Isayev ham voqea tafsilotlariga oydinlik kiritadi:

- Biz voqea sodir bo‘lgan joyga borganda, u yerda 50 ka yaqin qirg‘iz millatiga mansub fuqarolarimiz to‘planib qolibdi. O‘zbeklar o‘zlarining kafesida to‘planganini aytishdi. Biz ularni hammasini to‘plab tinchlikda yashashga chaqirdik, deydi Isayev.

26 iyul kuni tungi soat 10 larda Moskvaning Profsoyuznaya metrosi ënida o‘zbek va qirg‘iz millatiga mansub yigitlar o‘rtasida mushtlashuv bo‘lib, 40 nafarga yaqin odam ishtirok etgani aytilgan bu janjalda, Moskva militsiyasi xabariga ko‘ra, bir kishi og‘ir tan jarohati olib, 5 kishi qo‘lga olingan edi.
– Biz ularga¸ Qirg‘izistonda vaziyat yaxshilanib turgan bir paytda sizlarning bu yerda urushib turishingiz to‘g‘ri emas, deb tushuntirdik. Biz u yerga tong sahar 5:30da bordik. Undan so‘ng politsiya bilan xabarlashsak, ular bizga mamlakatning har hil joylarida odamlar to‘planayotganini aytishdi. Biz qirg‘izlarning ham, o‘zbeklarning ham liderlari bilan uchrashib, tinchlikka chaqirdik. Ikki taraf ko‘l berib ko‘rishishdi. Ular o‘zlarining bari tanishlariga qo‘ng‘iroq cholishib tinchlik ekanini aytishdi¸ degan Koreyadagi Qirg‘iziston rasmiysi, voqea sodir bo‘lgan joyda ayni paytda mahalliy politsiya xodimlari ishlaëtgani va hozirda asosan o‘zbek-qirg‘iz muhojirlari yashovchi rayonlarda tinchlik hukm suraëtganini aytadi.

Koreyadagi Bishkek hukumati namoyandasi, bu yerda ishlayotgan o‘zbek va qirg‘iz mehnat muhojirlari o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashib ketganini bilvosita tasdiqlasa, Ozodlik suhbatlashgan muhojir ayol ikki jamoa o‘rtasidagi keskinlikni o‘z tanasida his qilib yashayotganini aytadi.

-Albatta, bu O‘shdagi voqealardan kelib chiqqani yo‘q. Lekin O‘shdagi voqealar hammamizga qattiq ta‘sir qildi. Prosto bu yerda o‘zbeklar bilan qirg‘izlar o‘rtasida bir-biriga nisbatan yomon munosabat paydo bo‘ldida O‘shdagi voqealardan keyin. Bu endi qasdlashib, uyushtirilgan bo‘lgani yo‘q. Prosto yo‘l-yo‘lakay ketishayotib, o‘zbeklar bilan qirg‘izlar yelkama yelka urishib ketgan, deydi o‘zaro mushtlashuvga sabab bo‘lgan chuqurroq omillar haqida gapira turib Koreyadagi muhojir ayol.
XS
SM
MD
LG