Линклар

logo-print

O‘sh rasmiylari xalqaro tashkilotlarni ayblamoqda


Roza O‘tunbayevani O‘shda kuchishlatar tizimlar rahbarlari "qisuv"ga oldi.

Roza O‘tunbayevani O‘shda kuchishlatar tizimlar rahbarlari "qisuv"ga oldi.

13 sentabr kuni prezident Roza O‘tunbayeva bilan uchrashgan O‘shdagi kuchishlatar tizimlar rahbarlari mamlakat janubidagi vaziyatning barqarorlashuviga xalqaro tashkilotlar halaqit berayotganini aytishib, "g‘oyaviy diversantlarga" qarshi keskin choralar qo‘llashni talab qilishdi.


Qirg‘iziston Prezidenti Ro‘za O‘tunbayeva 13 sentabr kuni O‘shga qilgan tashrifi chog‘ida O‘sh viloyat va shahar Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar boshqarmasi va sud tizimi rahbarlari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘sh viloyat va shahar Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Turat Asanbayev, xalqaro tashkilotlarning Qirg‘iziston ichki ishlariga aralashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kuchli chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini, xalqaro tashkilotlarning vaziyatga bir tomonlama yondashuvi millatlararo yangi nizolar tug‘ilishiga zamin yaratayotganini ta‘kidladi:

- Ayni paytda asossiz provakatsion ma‘lumotlarning xalq orasida tarqalib ketishi ayrim siyosiy kuchlarning qilgan ishlaridir. Shuningdek, ommaviy axborot vositalarining, ayniqsa, ayrim xalqaro tashkilotlarning iyun voqealarini bir tomonlama yoritishi va ayrim mahalliy nodavlat tashkilotlarining ularni quvvatlayotgani vaziyatga salbiy ta‘sir ko‘rsatyapti. Ularning bir yoqli ish olib borishi oxir-oqibatda millatlararo yangi nizolarga sabab bo‘lishi mumkin,- dedi Turat Asanbayev.

Biroq O‘shdagi ayrim mahalliy nodavlat tashkilotlari O‘shning bosh "chekisti" so‘zlariga qo‘shilmaydi. Ularga ko‘ra, hozirda ham turli mahalliy ommaviy axborot vositalarida millatlararo nizoga sabab bo‘luvchi maqolalar chiqmoqda, biroq kuch tizimi vakillari bunday hollarga e‘tibor berishmayapti:

- Ayrim gazetalar “Novqat tumanida o‘zbek-qirg‘iz urishi qachon boshlanadi?” deb yozishibdi. Shunday ig‘vogar gazetalarni o‘qigan odamlarda, “ikki millat yana urishadi ekan”, degan qo‘rquvlar bor. Hukumat bo‘lganidan keyin shunday narsalarni tekshirsa bo‘lmaydimi,- deydi Novqatdagi “Qonuniylikni himoya qilish” fondi rahbari Nabijon Karimberdiyev.

Ayrim o‘shliklar esa, eng avalo O‘sh voqealarining oldini ola bilmagan huquq-tartibot tizimlari rahbarlari va boshqa rasmiylarni javobgarchilikka tortish kerak deb hisoblaydilar.

- 10 iyun kuni to‘polon boshlanib, 11 iyunda tartibsizliklar, talonchilik va o‘t qo‘yishlar kuchaydi. Bunga davlat darajasida chora ko‘rilmadi. 12-13 kuni uch kun O‘sh xo‘jayinsiz qoldi. Shuning uchun bunga sharoit yaratib berishga aralashgan odamlar, bir guruh amaldorlar, jumladan, kuch tizimidagi bir guruh rasmiylar lavozimidan bo‘shatilishi kerak. Ular javobgarchilikka ham tortilishi kerak, aks holda hozirgiday voqealar yana takrorlanishi mumkin. Turli millatlarda qurollangan armiyalari paydo bo‘ldi. O‘shalar hozirgi hukumatga katta ta‘sir ko‘rsatmoqda,- deydi o‘shlik To‘lo‘gen Keldiboyev.

13 sentabr kungi uchrashuvda prezident ma‘muriyati xavfsizligini ta‘minlash xizmati boshlig‘i Busurmanqul Tabaldiyev “uchinchi kuch”larning harakatini g‘oyaviy diversiya sifatida baholadi.

- Mish-mishlar bu ideologik diversiya hisoblanadi. Barchamiz bilamiz, Ulug‘ Vatan urushida nemislar Moskvaga yaqinlashib qolganda Stalin “yutqazishga sabab bo‘lgan mish-mishlarni tarqatgani uchun tergov va sudsiz joyida otish” to‘g‘risida qaror chiqargan. Bu mish-mishlar odamlarni tinchsizlantirib, qancha odamlar shahardan ketishyapti. Bunday mish-mishlarni tarqatayotgan odamlarni topib javobgarchilikka tortish kerak,- dedi Busurmanqul Tabaldiyev.
XS
SM
MD
LG