Линклар

logo-print

O‘sh meriyasi yerto‘lasidagi asirlikdan omon qolgan o‘shlik ayol hikoyasi


Lavhamiz qahramoni 61 yashar o‘shlik onaxon O‘sh meriyasi yerto‘lasida kiyimlari olib qo‘yilgach, mebellardan yiritib olingan latta bilan yalang‘och tanasini yashirishga uringan.

Lavhamiz qahramoni 61 yashar o‘shlik onaxon O‘sh meriyasi yerto‘lasida kiyimlari olib qo‘yilgach, mebellardan yiritib olingan latta bilan yalang‘och tanasini yashirishga uringan.

O‘sh qirg‘ini paytida bir guruh quyushqondan chiqqan to‘da tomonidan garovga olinib, qattiq kaltaklangan va O‘sh meriyasi yerto‘lasidan tirik chiqqan o‘shlik o‘zbek ayoli o‘z hayotini qutqarib qolgan qirg‘iz yigitiga minnatdorchilik bildiradi. Uni qutqargan qirg‘iz yigit o‘zbek ayoliga o‘z ismini ham aytmagan.


Maqolaning audiosini quyidagi pleyerda eshiting


O‘rta bo‘yli, qorachadan kelgan suhbatdoshimizning 4 farzandi, qator-qator nevaralari bor. O‘shlik bu ayol uzoq yillar davomida maorif sohasida ishlab kelgan.

Ismini xavfsizlik nuqtai nazaridan sir tutishni so‘ragan 61 yoshli o‘shlik o‘zbek ayoli 12 iyun kuni O‘sh markazida bir guruh qirg‘iz ayollari tomonidan ushlab olinib, O‘sh meriyasi binosiga olib kirib ketiladi.

U yerda keksa ayolni bir to‘da ayollar do‘pposlay boshlaydi.

- Shularni boshlig‘i bir ayol ekan. Ko‘rsam tayniman. U boshimga urayapti, boshimga urib, keyin sudrab olib tushib ketdi. Olib kirib, podvalga qo‘yib, “chechin” dedi. Yechin, qirg‘izchalab “chechin” degani. Yechintirib, qip-yalang‘och qildi. Tez-tez yechinayapman, urib qo‘ymasin deb. Keyin ikkitasi ushlab turdi, qornimni pastiga ayol kishilar tepdi. Keyin uzugimni, brasletimni yechib oldi, tomog‘imni tagini “tsepochka” deb timdalab tashladi. “Tsepochka yo‘q” dedim,- deya eslaydi 12 iyun kungi voqeani suhbatdoshimiz.

O‘sh meriyasidagi ayollar uning qulog‘idagi sirg‘ani sug‘urib olganida quloqlari yirtilib ketgan.

Meni O‘sh gubernatorining keraksiz mebel jihozlari qo‘yilgan yerto‘lasiga qamab qo‘yishdi, deya davom etadi hikoyasini 61 yoshga kirib, bunday tahqirlanishni birinchi marta boshdan kechirgan ayol.

-O‘sha yerda soat uchgacha o‘tirdim. Qarayman, qochib ketishni iloji bormikin desam, xech ham iloji yo‘q. Rosa sovqotdim, uni ichida keyin spisat qilingan mebellardan lattalarni yirtdim. Buyog‘imga bog‘ladim (ko‘krak qismini ko‘rsatadi), dag‘-dag‘, chidamasdan, yerga kreslolarni qismlarini olib joy qilib, ustimga chang polosni olib, yopinib, o‘ranib, yotib oldim. Orada duo qilaverdim, kalima keltirdim. O‘sha paytda Ollohdan so‘rayapman, “Hamma bolalarimni bittadan bolasini ko‘ray”, deb niyat qilgan edim. “Qizim og‘iroyoq edi, shu qizim tug‘sa, bolasini ko‘rsam”, deb niyat qildim. Innankeyin aytdim, “Hech kimga yomonlik qilmagan edim, tirik qolsam yana yomonlik qilmay”, dedim. To‘qsoninchi yilda mana shu eshigimni yarmida o‘ris turar edi. Shunda bitta qirg‘iz bola qolib ketib, mahallani bolalari urgani kelganda, shu qirg‘iz bolani men olib chiqib olganman. "Tegishmeysan, bu ham birovni aziz bolasi", deb, shu bolani esladim. Keyin soat 3dan keyin bir qirg‘iz bola keldi. Qirg‘iz bola kirib, oldin sensirab gapirdi.

Yoshi 25lar atrofidagi, bo‘yi baland, qirg‘iz millatiga mansub yigit harbiy kiyimda bo‘lgan. U yerto‘laga qamalgan o‘zbek ayoliga bir burda non, sharbat, keyinroq suv olib kelib beradi. Bir to‘da qirg‘iz ayollari tomonidan zindonband qilingan ayol bu yigitga o‘zi qutqargan qirg‘iz bola hikoyasini aytib beradi, shundan so‘ng harbiy yigitning onasi tengi ayolga munosabati o‘zgargadi.

- “Siz hijolat bo‘lmang, hozir men sizni boshqa joyga olib chiqib qo‘yaman, bu yerda sizni xotinlar o‘ldirib qo‘yishadi. Boshqa yerga olib chiqib ustingizdan qulflab qo‘yaman, kechasi, tunda xotinlar uxlaganda, men sizni qochirib yuboraman”, dedi,- deya xaloskoriga bo‘lgan minnatdorchiligni yashirmaydi suhbatdoshimiz.

Shundan so‘ng yerto‘laga uni urgan ayollar, ularning orasida suhbatdoshimizni tanigan o‘shlik qirg‘iz ayoli kiradi. Bu ayol tanishining kiyimlari yo‘qligi va latta-puttalarga o‘ranganini ko‘rib, uning kiyimlarini topishga urinadi.

- “Ko‘ylagingiz qanaqa edi?” dedi, “mana bunday” desam, borib hech narsamni topa olmasdan, yangi, etiketkali turk “Adidas” sport kiyimini olib keldi. Haligi maroderstvoda tunalgan, o‘g‘irlangan deb, haligini kiydim. “Boshqa xech narsangizni topa olmadim”, dedi. Haligini kiydim, u xotin yopib qo‘yib ketdi. U bola esa kelib, meni xonadan olib, zinapoya ostida qulflanadigan xonaga olib chiqib qo‘ydi. O‘sha yerda yarim kechagacha o‘tirdim. Yarim kechada haligi bola kelib turib, “Eje, tomoq yeysizmi?” dedi, Men “Yo‘q” desam, “Eje, xafa bo‘lmang, besh qo‘l barobar emas, qirg‘izni hammasi yomon deb o‘ylamang”, dedi. Men ham o‘zbekni hammasi barobar emas dedim. Otingni ayt, kim meni haloskorim ekanligini ayt desam, aytmadi. Men rozi bo‘l qilgan mehnatingga, qo‘yib yuborayapsan, deb duo qildim. Buyoqroqqacha olib kelib qo‘yib: “Ko‘chada otib yuribdi, endi bu yog‘iga extiyot bo‘ling, o‘zbekligingizni birov bilmasin, xech ham gapirmang, uyingizga chiqib ketib qoling”, dedi. Shundek keyin uyga yetib oldim.

Uni uyda kutib o‘tirgan yaqinlari ayolni topa olmay, xavotirladi va shahar kezib uni topolmay qaytishadi. Bir kun davomida quyushqonidan chiqqan olomonning asirasi bo‘lgan ayol uni izlab topa olmagan bolalari oldiga tunda qaytib keladi.

- Qizimni qizi “Buvamni otib yubordi”, deb yig‘lashib, o‘ldiga chiqarishib qo‘yishgan ekan. Soat 12 da keldim, qaramabman. O‘ng tomonim, boshim, oyoqlarim, hamma joyim ko‘karib ketgan. Endi bilinayapti,- deydi suhbatdoshimiz bir umrga tatigulik sarguzashtini yakunlar ekan.

Bir soatga yaqin davom etgan suhbat chog‘ida keksa onaxon uni qirg‘iz ayollardan himoya qilmagan militsiya xodimidan, qirg‘iz ayollar orasida bo‘lgan ba‘zi tanishlari uni tanimaganlikka olganidan xafa bo‘lib gapirdi. 61ga kirgan onaxon uni o‘limdan saqlab qolgan haloskori ismini bilmasa-da, undan minnatdor ekani va duo qilishini aytadi suhbat oxirida.
XS
SM
MD
LG