Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:31

Imom Faysal: "Islomiy markaz amerikaliklarga obro‘ keltiradi"


Nyu Yorkdagi Islomiy markaz loyihasi tashabbuskori Imom Faysal Abdul Rauf.
Nyu Yorkdagi Islomiy markaz loyihasi tashabbuskori Imom Faysal Abdul Rauf.

Nyu Yorkning 2001 yil 11 sentabr voqealari ro‘y bergan hududiga yaqin joyda Islomiy markaz qurish g‘oyasi tashabbuskori Imom Faysal Abdul Rauf jamoatchilik uni noto‘g‘ri tushunganini aytmoqda. Nyu Yorkda Tashqi aloqalar kengashida gapirgan Imom Faysal Islomiy markaz qurish rejalari atrofidagi ehtiroslarni tinchlantirishga urindi.


“Agar islomiy markazni qurish taklifi bunchalik siyosiylashtirilishini bilganimda uni boshqa joyga qurdirardim”, dedi "Ground Zero"ga yaqin joyda Islomiy markaz va uning qoshida masjid qurish loyihasi tashabbuskori, dushanba kuni qilgan chiqishida.

Imom Faysal Abdul Rauf 1948 yil Quvaitda tug‘ilgan. Amerika fuqarosi va 1983 yildan beri Nyu Yorkda al-Farah masjidida imomlik qiladi.
Nyu Yorkdagi Tashqi munosabatlar kengashida qilgan chiqishida Imom Faysal shaharning 11 sentabr voqealari ro‘y bergan hududiga yaqin joyda Islomiy markaz qurish loyihasi buncha janjalga sabab bo‘lishini bilganida uni boshqa yerga qurdirishni taklif qilgan bo‘lishini aytar ekan, jamoatchilik mazkur loyihani noto‘g‘ri tushunganini ta‘kidladi.

Islomiy markaz, dedi imom, faqat Islom emas, balki barcha din vakillari uchrashadigan makon bo‘ladi.

- Bu markaz barcha e‘tiqod vakillarining o‘zaro hurmat va mushtarak manfaatlari yo‘lida uchrashib, hamkorlik qiladigan joyga aylanadi. Bu markaz Nyu York shahriga, amerikalik musulmonlarga va butun dunyodagi amerikaliklarga obro‘-e‘tibor keltiradi, dedi imom.

U shuningdek markzani tanqid qilayotganlarga murojaat qilib, "Ground Zero", ya‘ni 11 sentabr voqealari ro‘y bergan joyga ba‘zilar aytayotganidek muqaddas ziyoratgoh sifatida munosabatda bo‘linmayotganini ham qo‘shimcha qildi.

"Ground Zero" - 2001 yil 11 sentabrda terrorchilar ikkita samolyot bilan urib, yiqitgan Jahon Savdo Markazi binolari turgan joy
Imom Islomiy markaz qurilishi taklif etilayotgan – Al-Qoida a‘zolari ikkita samolyot bilan urib, yiqitgan Jahon Savdo Markazi binolari turgan joydan ikki kvartal naridagi binoda hozirda qimorxona va striptiz bar ishlab turgani negadir loyiha tanqidchilarini tashvishga solmayapti, deya ta‘kidladi.

11 sentabr voqealari qurbonlarining qarindoshlari "Ground Zero" yaqinida masjidning qurilishini o‘zlari va halok bo‘lgan yaqinlari xotirasi uchun haqorat bo‘lishini aytib, unga qarshi chiqib kelmoqda.

Markaz qurilishini AQSh Prezidenti Barak Obama va Nyu York rasmiylari qo‘llab-quvvatlaganiga qaramasdan, o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, nyu-yorkliklarning 60 foizi unga qarshi chiqmoqda.

Lekin nyu-yorkliklarning ko‘pchiligi agar Islomiy markaz va uning qoshidagi masjid 11 sentabr voqealari ro‘y bergan joydan 10 kvartal nariroqda qurilsa, unga qarshi chiqmasliklarini aytgan.
XS
SM
MD
LG