Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:20

Azimjon Asqarov bir umrlik qamoqqa hukm etildi


Qirg'izistonlik huquq himoyachisi Azimjon Asqarov
Qirg'izistonlik huquq himoyachisi Azimjon Asqarov

Jalolobodlik taniqli huquq himoyachisi Azimjon Asqarov O‘sh qirg‘ini paytida militsiya xodimlarini kaltaklash va o‘ldirishda aybdor, deb topilib bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilindi. Huquq himoyachisi bilan bir qatorda sudlangan o‘zbek millatiga mansub 4 nafar fuqaro ham bir umrga ozodlikdan mahrum qilindi.


Azimjon Asqarov va boshqa yetti nafar sudlanuvchi ishi yuzasidan Novken tuman sudida 2 sentabrdan beri davom etayotgan mahkama nihoyasiga yetdi.

Mahkamada sudya Azimjon Asqarovga qo‘yilgan ayrim ayblovlar bo‘yicha aybdor, ba‘zilari bo‘yicha ayibsiz deb topdi. Jumladan, Azimjon Asqarovdan diniy –ekstremistik guruhga aloqadorlik aybi olib tashlandi. Biroq u militsya xodimini o‘ldirishda aybdor deb topildi.

- Azimjon Asqarov, Rasulov, Ro‘ziboyev, Abduraimov, Qo‘chqorov. Beshalasiga barchasining mol-mulkini musodara qilish bilan umrbod qamoq jazosi berildi. Mirzaliyev Shukurjonga 20 yil, Mamadaliyev Minuraga 20 yil, Mullaxunov Sanjarbekka 9 yil ozodlikdan mahrum qilish va jazoni kuchaytirilgan tartibdagi qamoqda o‘tash belgilandi,- dedi Azimjon Asqarovning advokati Abdumutalib Ablakimov.

Advokatga ko‘ra, ular sud qaroridan norozi va tez kunda yuqori instantsiya sudiga apellyatsiya berishmoqchi

Ayni paytda Azimjon Asqarovning o‘zi sud jarayonlaridan birida o‘zini aybsiz hisoblashini bildirgan.

Huquq himoyachisining aytishicha, suda guvoh sifatida ishtirok etgan militsiya xodimlari unga nisbatan yolg‘on ko‘rsatma berib, 2006 yildan beri huquq-tartibot tuzilmalari faoliyatidagi noqonuniy hatti-harakatlarni oshkor qilib kelgani uchun o‘ch olmoqdalar.
Azimjon Asqarovning aytishicha, Jalolobodda yuz bergan to‘palonlar paytida u oilasini xavfsiz joyga ko‘chirish bilan ovora bo‘lgan. U mashinada oilasini olib ketayotganida unga telefon qilib, bo‘lgan voqeani aytib berishgan.

- Aslida bunday harakatlar 2006 yildan boshlangan. Bozorqo‘rg‘on tuman prokuraturasi va militsiyasining meni yo‘q qilish uchun boshlagan harakati. Ular mening faoliyatimni to‘xtatmoqchi bo‘lishayapti, - dedi Azimjon Asqarov.

Ayni paytda bir qator xalqaro tashkilotlar va mahalliy huquq himoyachilari Azimjon Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilgani haqida bayonot bermoqdalar.

Bosh qarorgohi Nyu Yorkda joylashgan Jurnalistlar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ( JHHQ) Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunboyevaga maxsus maktub bilan chiqib¸ qamoqdagi o‘zbek jurnalistlari Azimjon Asqarov va Ulug‘bek Abdusalomovlar taqdiridan havotir bildirdi.

Ekstremizm¸ separatizm va militsiya xodimini o‘ldirishda ishtirok etganlikda ayblanayotgan bu ikki jurnalist tergov paytida qiynoqlarga solingani ta‘kidlangan maktubga ko‘ra, Ulug‘bek Abdusalomov va Azimjon Asqarovlar kasbiy faoliyati uchun tazyiq va tuxmat bilan yuzma yuz qolgan.

Qo‘mita o‘tkazgan mustaqil tekshiruvga ko‘ra, har ikkala jurnalistga qo‘yilayotgan ayblovlar hech qanday asosga ega emas.

Aytib o‘tish kerakkki, shu yilning 17 sentabr kuni Ulug‘bek Abdusalomovga nisbatan qo‘yilayotgan ayiblovlar yuzasidan sud maxkamasi boshlanadi.
XS
SM
MD
LG