Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:05

O‘shlik Ibrohim o‘zbekistonlik shifokorlardan minnatdor


O‘sh qirg‘inida oyog‘idan yarador bo‘lgan Ibrohim Yo‘ldoshev.
O‘sh qirg‘inida oyog‘idan yarador bo‘lgan Ibrohim Yo‘ldoshev.

O‘sh qirg‘inida yarador bo‘lganlarning ayrimlari Andijon viloyati shifoxonalarida davolandi.Ulardan biri O‘shga qaytgan Ibrohim Yo‘ldoshev to‘shakdan tura olmayotgan bo‘lsada, jonini saqlab qolgan o‘zbekistonlik shifokorlardan minnatdor ekanligini aytadi.


O‘shlik Ibrohimjon aka uch oydan buyon o‘rnidan tura olmaydi. U O‘sh voqealari avj olgan 12 iyun kuni o‘q tegib yaralangan mahalladoshini olib chiqayotganda snayper otgan o‘qdan yaralandi.

- 12-kuni otishma bo‘lib ketganda, qochib ketayotgan edik. Yonimda bir ukamiz bor edi, mahalladan.Unga o‘q tegdi.Uni ko‘tarib mahallamizga olib kirib ketayotgan paytda orqamdan snayperlar otishdi. Keyin men ham yiqilib tushdim. Chap oyog‘imni uzib-uzib yuborganga o‘xshab ketdi. Chap oyog‘imda yuraman desam yura olmay qoldim,- deya xotiralaydi 44 yoshli o‘shlik Ibrohimjon Yo‘ldoshev.

Chap oyog‘idan qon tirqrib oqib yotgan Ibrohim aka bilan yaralangan boshqa yigitlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, mashinada O‘zbekiston chegarasiga ketishadi.

Suhbatdoshimiz yo‘lda ketayotganlarida o‘q yomg‘iri ostida qolgani, daydi o‘qlar uning kiyimlarini teshib o‘tgani, yaralangan sherigiga esa yana uch o‘q tekkanini esladi. Andijon tez tibbiy yordam mashinalari o‘zbek-qirg‘iz chegarasidan yaradorlarni klinikaga eltadi.



- “Hech narsamiz tayyor emas”, deganiga, “Mayli, qaychingizni bering tishlab turaman. O‘qini olib tashlang”, deb tishlab turdim qaychini. Narkozsiz o‘qini olib tashlashdi. Keyin ertasi kuni operatsiyaga tayyorlashdi. “Sendan ham og‘ir kasallar keldi, o‘g‘lim. Sabr qilib turasan”, dedi. “Sabr qilaman”, dedim.

O‘shlik Ibrohim akani oyog‘iga andijonlik jarrohlar maxsus temir moslamani qo‘yishgan. Ibrohim aka o‘sha kunlari uning jonini saqlab qolgan shifokorlardan minnatdor. Xayolida faqat yarador sherigini qutqarish bo‘lgan o‘shlik o‘zbek Andijon kasalxonasida vahimali tushlar ko‘rganini haligacha unuta olmaydi.

Ilgari, O‘sh qirg‘inidan oldin Ibrohim Yo‘ldoshev sport kiyimlarini tikish bilan uch farzandi, oilasini boqqan. 44 yoshida to‘shakka mixlanib qolgan Ibrohim aka O‘sh kasalxonasiga murojaat qilgan.

- “Dori-porilardan yordam qilinglar”, desak, “Biz yordam qila olmaymiz, bolnitsamiz to‘la”, degan javobni oldim, deydi u.

Ibrohim akaning hozir yagona orzusi, qolgan o‘shlik o‘zbeklar kabi, vatanlariga tinchlikning qaytishi. Uning yana bir orzusi tezroq oyoqqa turib yana oila ro‘zg‘orini tebratish.
XS
SM
MD
LG