Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:39

O‘sh voqealarida o‘g‘li yoqib yuborilgan ota hikoyasi


Hotamjon akaning o‘g‘li Farhodjon halok bo‘lgan yuzlab, balki minglab o‘shliklardan biridir.
Hotamjon akaning o‘g‘li Farhodjon halok bo‘lgan yuzlab, balki minglab o‘shliklardan biridir.
Iyun oyidagi O‘sh va Jalolobod voqealarida halok bo‘lganlar soni rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 400dan oshiq odam halok bo‘ldi. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari va voqeaning bevosita guvohlari ikki mingdan oshiq odam halok bo‘lganini aytmoqda. E‘tiboringizga havola qilayotganimiz maqola qahramonining o‘g‘li o‘sha qurbonlardan biridir.

Xotamjon aka Sotvoldiyev iyun voqealarigacha O‘shning Ashurov ko‘chasidagi hovlisida yashab kelgan. Qonli voqealarda uyining kuli ko‘kka sovurilgan Xotamjon akaning 29 yoshli o‘g‘li Farhodjon ham yoqib yuborildi.

O‘g‘lini yo‘qotgan Xotamjon aka bugun Sharq mahallasida tashkil etilgan “palatka” mahallasida yashaydi.

11 iyun kuni O‘sh qirg‘ini boshlangan paytda Farhodjon Sotvoldiyev uylanganiga hali bir oy ham bo‘lmagan edi.

- Bu birinchi farzandim, eng kattasi shu edi. Lekin bolalarimni ichida eng yaxshisi ham shu edi aslida. Prostoy bola edi, novvoy edi. Yana bitta narsani sizga aytsam bu bola invalid edi, deydi Xotamjon aka.

12 iyun kuni O‘shda o‘zbek mahallalari, o‘zbeklarga qarashli restoranlarga o‘t qo‘yilgan, ayolu bolalarning ko‘pchiligi O‘zbekiston tomonga qochayotgan payt edi.

Farhodjon boshqa erkaklar qatori o‘zining Sharq mahallasidagi uyini qo‘riqlash uchun qolgandi.

29 yoshli Farhodjon tug‘ma ruhiy kasal bo‘lgan. Shunga qaramasdan, u yoshligidan novvoychilikka shogird turgan.

12 iyun kuni ota va o‘g‘il orasidagi yo‘l to‘siq bo‘lgan.

- Asfaltni narigi tomonida men bo‘lganman, bular bu tomonida. U tomondan bu tomonga o‘tishni iloji bo‘lmagan. O‘tganimda bu bola bunaqa bo‘lmas edi. Yetalab olib ketgan bo‘lar edimda. Otishma bo‘layapti, kuyyapti, yonayapti, o‘ldi-o‘ldi. Shu uchun men uni qutqarib qola olmadim. Bu o‘zi yolg‘izlik qildi-da. Har kim o‘zi bilan o‘zi bo‘ldi bu yerda. Otasi bolasiga, bolasi otasiga qaraydigan bo‘lmadi, deya ichidagi dardini aytadi Xotamjon aka.



O‘g‘lini chalajon qilib yoqib yuborishganini u voqea guvohlaridan eshitgan. Ko‘rganlarning aytishicha, o‘limidan oldin Farhodjon ikki qirg‘iz yigitini o‘limdan saqlab yashirib oladi. Keyin ularni millatdoshlari, ya‘ni qirg‘izlarga topshirish uchun chiqadi va quyushqonidan chiqqan olomon qo‘lida qolib ketadi. Chalajon qilib tepilgan yigitni belidan pastiga o‘t qo‘yib tirikligicha yoqishib yuborishdi. Yarmi yonib ketgan Farhodjonni topgan mahalladoshlari uni shahid ketganlar qatorida yerga qo‘yadi.

Xotamjon aka o‘g‘lini oyog‘idagi va qoshi ustidagi belgisidan taniganligini aytadi. O‘g‘lini yo‘qotgan ota shu paytgacha Farhodjonni vahshiyona o‘ldirgan qotillarni tushuna olmaydi.

- Inson bunchalik xayvongarchilikka borishi kerak emas. O‘ldirsa, mayli o‘ldirsin, otib o‘ldirsin, chopib o‘ldirsin. Yoqib ham o‘ldiradimi odamni, a?,- deydi shahib ketgan Farhodjonning dadasi.

O‘sh qirg‘inida o‘g‘li vahshiylarcha o‘ldirilgan ota xolidan mahalliy xukumat vakillari xabar olishmagan.

- Endi hozir bu yerda qanday bo‘layapti? Kimda vlast, o‘sha xaqli bo‘layapti. Mening gapim ikki pul. Mendan birov kelib so‘ramaydi, bolang qanday o‘ldi, nima kerak senga yordam? Qaysi ahvolda yashayapsizlar? Yo‘q unday gap. Selsovet berdi ikki ming som pul. Shu bolani o‘lganiga ikki ming som pul. 500 som berganida olmay keldim. Bu qanaqa endi? Bizning bolalarimizning o‘ligi 500 som pul turar ekan-da,- deydi Xotamjon aka.

Xotamjon aka bugun o‘g‘lining o‘limidan so‘ng kasal bo‘lib qolgan ayoli bilan Sharq mahallasida boshqa mahalladoshlari kabi palatkada yashamoqda.

O‘g‘li Farhodjonning rasmi ana shu palatka mahallasida o‘rnatilgan taxtga - O‘sh voqealarida qurbon bo‘lgan mahalladoshlari suratlari orasiga osib qo‘yilgan.
XS
SM
MD
LG