Линклар

O‘shliklarga insonparvarlik yordami yetishmayapti


O‘sh mahallalarida tarqatilayotgan insonparvarlik yordamining cho‘g‘i oz.

O‘sh mahallalarida tarqatilayotgan insonparvarlik yordamining cho‘g‘i oz.

O‘sh qirg‘inidan uch oy o‘tgan bo‘lsa ham bu shahar haligacha insonparvarlik yordamiga muxtoj bo‘lib qolmoqda. Voqeaning dastlabki kunlari o‘shlik o‘zbeklar o‘zlariga insonparvarlik yordami yetib kelmayotganidan shikoyat qilgan edi. Bugungi kunda bu boradagi vaziyat qanday?

Maqolaning audosini eshiting:



O‘shda o‘zbek mahallalarini yonib ketgan uylardan tanish mumkin. Bugun mazkur mahallalarda BMT turli loyihalari yordamida tozalash ishlari avj olgan. ACTED yozuvi bitilgan yuk mashinalari yongan mahallalardan ahlatlarni tozalamoqda.

Texnik Hamkorlik va Rivojlanish Agentligi (ACTED) Qirg‘izistonda 1999 yildan beri faoliyat yuritadi. Mamlakatning to‘rt viloyatida ofislari va 80 dan ortiq ishchilari bor.
Qarorgohi Parijda joylashgan Texnik Hamkorlik va Rivojlanish Agentligi (ACTED) uysiz qolgan o‘shliklarga Qochqinlar idorasi bilan hamkorlikda ko‘mak bermoqda. Uning xodimlarini O‘shda yonib ketgan mahallalarda ko‘rish mumkin.

Turli yoshdagi o‘shlik erkaklar mazkur agentlik nomi bitilgan ko‘k jiletkada uysiz qolgan o‘shliklar bilan mahallalarda uchrashib, ularga yordam berishga harakat qilmoqdalar. O‘shning Majrimtol mahallasiga kelgan quruvchilar orasida prorab Asil Maksimov ham bor.

- ASTED bizga oplata qiladi. Biz shuni ishlab, yong‘in bo‘lgan yerlarda uylar solamiz. Yangi quriladigan uylar bir hilda - ikki xonali bo‘ladi. Yo‘llarni ahlatdan tozalab, qurilish bo‘ladigan mahallalarga shag‘al, qum, armatura, taxta olib kelayapti. Pamirskiy trakt, O‘sh rayon... qayerda yong‘in bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha yerda uy qurayapti, - deydi o‘shlik prorab Asil Maksimov.

Qishga qadar qurib bitkazishi rejalashtirilgan uylarga, ma‘lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istondan ham qurilish materiallari kelgan. Ayni paytda bu qurilish materiallari O‘sh meriyasiga topshirilgan.

O‘shning Sun Yat Sen ko‘chasidagi paxsa uylardan biri insonparvarlik yordamini o‘zbeklarga tarqatish maskaniga aylangan.

- Faqat chet el tashkilotari yordam berdi. Aravondagi “Mehr shafqat” tashkiloti berayapti ko‘p yordamni. Belovodskiydagi cherkov berayapti, - dedi insonparvarlik yordamini olayotgan o‘shlik ayollardan biri.

Sojida Ibrohimova ACTED tashkilotining o‘zbek mahallasidagi vakillaridan biri. U O‘sh rayoni mavzesidagi mahallalardan birida to‘shak, ko‘rpa uchun paxta, matolarni tarqatmoqda.

-Alimjon Datqa mahallasidagi 182 xonadonga bo‘lingan narsa. Har bir uyga 6 kilodan paxta, 3 yarim metrdan chit berilayapti. Bu bitta xo‘jalikka, bitta uyga. Menga insonparvarlik yordamini topshirib ketishadi. Men ro‘yxat bilan hammaga tarqatib beraman. Pasport seriyasini yozib, odamlarga beraman, - deydi insonparvarlik yordamini tarqatayotgan o‘shlik Sojida Ibrohimova.

Xayitdan oldin O‘shning Sharq mahallasidagi muhtoj oilalarga katolik cherkovi vakillari yordam tarqatdi.

Shu haftaning oxirida O‘shda yog‘ingarchilik bo‘ldi. Palatkalarda yashayotgan o‘shliklar issiq kiyimga muxtoj. Hozircha bu muxtojlik halqaro yordam bilan ham to‘liq qoplanmagan.
XS
SM
MD
LG