Линклар

O`shni tozalayotgan o`zbeklarning kunlik maoshi tortib olinmoqda


O`shni varonalardan tozalash uchun o`zbeklarga berilayotgan 300 som pul ham tortib olinyapti.

O`shni varonalardan tozalash uchun o`zbeklarga berilayotgan 300 som pul ham tortib olinyapti.

Iyun voqealaridan keyin vayronalarga aylangan O`shning o`zbek mahallalarini tozalayotgan o`zbeklarga xalqaro tashkilotlar kuniga 300 somdan pul to`lamoqda. Biroq ular bu pulni ishlatib ulgurmay, qirg`iz askarlariga oldirib qo`ymoqda.


Ortiqcha chang kirmasin uchun og`zini doka bog`ich bilan to`sgan, boshidan oyog`igacha changga burkangan o`shlik o`zbeklar ertalabdan kechga qadar yonib ketgan uylarni axlatlardan tozalamoqda. Ular kuyib bitgan uylarini tiklab olishga umid qilmoqda.

Xavfsizlik maqsadida Ozodlik bilan ismi sir tutilishi sharti bilan gaplashgan o`shlik yigitlar harbiy kiyimdagi kishilar ularga to`lanayotgan 300 somni tortib olayotganini gapirib berdi.

Texnik Hamkorlik va Rivojlanish Agentligi (ACTED) Qirg‘izistonda 1999 yildan beri faoliyat yuritadi. Mamlakatning to‘rt viloyatida ofislari va 80 dan ortiq ishchilari bor.
- Ko`rishdi pul olganimizni. Ko`rib, poylab turgan ekan. Marshrutkadan tortib olganidan keyin, qanday tushunsa bo`ladi? Harbiy kiyimdagi ikki kishini jo`natib, nariroqda mashinada poylab o`tirishdi. Chertib qo`ysangiz, bitta tugmasi uzilib qolsa nimalar qilib tashaydi. Bo`lmasa, biz piypalab tashlaymiz ularni. Harbiy-da u, qo`rqamiz. Oborib tiqib qo`yadi, tegib qo`ysangiz. Bularni kattasiga aytdik, “chora ko`ramiz”, deyishayapti. Chorasi ham bo`lmayapti-da, deydi harbiylarga pulini oldirib qo`ygan o`shliklardan biri.

O`sh viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i birinchi o`rinbosari Marat Orozbayev “Ozodlik” bilan suhbatda qirg`iz harbiylari o`zbeklarning pullari olib qo`yyayotgani haqidagi xabarlarni oddiy mish-mish deya atadi.

- Bu fakt bo`yicha hech kim, hech qanday ariza bilan murojaat qilgani yo`q. Bunday mish-mishlar militsiya xodimlarini qoralash uchun tarqatilmoqda. Bunday xodisalar bizda qayd etilmagan, dedi O`sh viloyati ichki ishlar boshqarmasi rasmiysi Orozbayev.

Biroq Ozodlik bilan gaplashgan o`shlik ayollardan biri qirg`iz harbiylarining o`zbek yigitlaridan pullarini tortib olayotganiga shaxsan guvoh bo`lganini aytadi. O`shlik o`zbeklar suhbatdoshimizning mahallasida ham vayronaga aylangan xovlilarni tozalamoqda.

- Ular soat 8dan 5gacha ishlayapti. Orasida 15 yashari ham bor, 60ga kirgani ham bor erkaklarimizni. Kunligini kunda olishadi. “ACTED”dan 300 som oladi changga bulanib. Keyin soldatlar do`pposlab turib, pulini olib, quvlashayapti. Masalan, mening o`zim guvohi bo`ldim. Ikkita soldat bola bizning uyimizni tozalab chiqqan bolalarni ushlab olgan edi. Men baqir-chaqir qilib olib qoldim. Soldat bolalarga “nima uchun bunday qilding?” desam, “vazifamiz” dedi. Undan keyin ketdi. Nariyoqda xo`jayinlari mashinasini qo`yib qo`yapti skvyerni chekkasiga. Ular [soldatlar] pulni yig`ib kelishayapti. Keyin mana bu yerda lo`lilar temir yuklagan edi “Tiko” ga. Shoferidan pulni olib eltib berayapti, deydi harbiylarning bedodliklariga guvoh bo`lgan ayol.

“ACTED” - “Texnik hamkorlik va rivojlanish agentligi” o`zbek mahallarida insonparvarlik yordamini tarqatib kelayotgan xalqaro tashkilotlardan biridir. “ACTED”ning O`shdagi vakolatxonasi mavzu xususida bergan savollarimiz izohlamadi.
XS
SM
MD
LG