Линклар

logo-print

O`sh va Jalolobod voqealari boshlanganiga 100 kun bo`ldi


Qonli voqealarni o`rganayotgan komissiya raisiinng o`rinbosari Baxtiyor Fattohov O`shda xavotirli kayfiyat saqlanib qolayotganini e`tirof etdi.

Qonli voqealarni o`rganayotgan komissiya raisiinng o`rinbosari Baxtiyor Fattohov O`shda xavotirli kayfiyat saqlanib qolayotganini e`tirof etdi.

Qirg`iziston janubida yuzlab odamning yostig`ini quritgan, yuz minglab kishini qochqinu ko`chkinga aylantirgan iyun voqealari boshlanganiga 100 kun bo`ldi. Ozodlik Milliy komissiya raisi o`rinbosari, Qirg`iziston respublikasi mahalliy o`z-o`zini boshqarish ishlari bo`yicha milliy agentlik direktori Baxtiyor Fattohovdan bugungi vaziyat haqida so`radi.

Ozodlik
: O`sh voqealariga 100 kun bo`ldi. Davlat komissiyasi qanaqa xulosa chiqardi? Menimcha, 10 sentabrda xulosasi chiqishi kerak edi. Agar chiqqan bo`lsa, asosiy tezislar nimalardan iborat?

- Komissiyaning xulosasi chiqmadi. Ishini davom ettirayapti.


Ozodlik: O`zi aslida xulosa 10 sentabrda chiqishi kerak edi-a?

- Juda qisqa muddat berilgan. 10 sentabrda chiqishi kerak degan, lekin unga xulosa bitgani yo`q. Komissiya ishlayapti hozir.

Intervyuning audiosini eshiting:


Ozodlik: Komissiya raisi Abdug`ani Erkaboyev va boshqalar avgustdayoq ba`zi bir fikrlarni aytishgan edi. Siz komissiya raisining o`rinbosari sifatida biror narsa deya olasizmi? Mana 100 kun o`tdi shu voqealardan beri.

- Biz komissiyaning xulosasi chiqqandan keyin aytamiz deb kelishdik. U kishiga “Bu sizning fikringiz. Komssiyaning nomidan fikr aytmang” dedik.

Ozodlik: Oxirgi xulosa qachon chiqadi?

- Faqat sababini aniqlashmas buning. Keyin bu yana takrorlanmasligi uchun juda ko`p ishlar olib borilayapti. Shuning uchun hozir “mana bu kunga bitiramiz”, degan aniq nimamiz yo`q. Lekin tezlashtirilayapti. Hamma qo`lidan kelgan harakatini qilayapti.

Ozodlik: Sizning o`shlikligingizni ko`pchilik biladi. O`shlik sifatida bugungi vaziyat haqida nima deya olasiz? Mayli komissiya a`zosi sifatida gapirmang.

- Nima masala to`g`risida?

Ozodlik: Umuman “vaziyat barqarorlashib qoldi” deyish mumkinmi?

- Bilasiz, vaziyat avvalgiga qaraganda, endi osoyishtalik boshlandi. Xavotir bor. Odamlarning ichida har qanday provokatsion fikrlar bor. Bunga qarshi ish ketayapti. Mana Hayit kunlari har xil shov-shuv gaplar bo`ldi. Bunga qarshi tushuntirish ishlari olib borilayapti.

Ozodlik: Mana “odamlarda xavotir bor”, dedingiz. 100 kun o`tsa ham shu xavotir saqlanib qolayapti. Buning sababi nimada?

- Buning sababi har xil. Xavotirligi bir marta choy ichayotganda og`zingiz kuyib qolsa, keyin puflab choy ichasiz. Shuning uchun ehtiyotkorlik, har xil vahima. Qandaydir bo`lsa ham o`zining ehtiyotkorlik choralari. Bunga qarshi tushuntirish ishlari olib borildi. Bordik, uchrashdik, “xavotir olmanglar”, deb aytdik. Mening tushunishimcha, ozgina bo`lsa ham yaxshi sharoit boshlanayapti.

Ozodlik: Baxtiyor Avyezovich, men o`shliklar bilan gaplashayapman. O`shlik o`zbeklarning qilgan arizalariga hanuz prokuraturadan yoki boshqa bir idoradan aniq bir javob yo`q. “Sizlarning arizalaringlarni ko`rdik. Mana bu odamni javobgarlikka tortdik”, degan javob yo`q ularning aytishi bo`yicha. Buning sababi nimada deb o`ylaysiz?

- Bunday murojaatlar bizga ham bo`layapti. Pravooxranitelniy organlarga topshirilgan xalqdan tushgan arizalar vaqtida qaralib, shularga javob berilmaganlik faktlari bor. Hozir shuning ustida ishlayapmiz. Bilasiz, Qirg`izistonda fuqarolardan tushgan arizalarni qaraydigan qonun bor. Shu qonun oldida hamma bir xil javob berishi kerak. Shuning uchun kimning arizasiga javob berilmagan bo`lsa, masalan, qaysi organga qachon murojaat qilganligini bersa, u organlardan so`rab olishga bizning qurbimiz yetadi.

Ozodlik: Biz deganda davlat komissiyasini nazarda tutayapsizmi?

- Ha. Nimaga deganda bunday narsa bo`yicha bizga ham murojaat qilishayapti odamlar.

Ozodlik: Uysiz qolganlar qishgacha birorta tomning tagiga kiradimi kirmaydimi?

- Buni Bozorqo`rg`onga, Jalolobodga, O`shga borib o`zim ko`rib keldim. To`rt kunmikan bo`ldi kelganimga. Biz direksiyaning rahbarligi bilan ham uchrashdik. Bu yerga nafaqat davlatdan tushayotgan, mana "ACTED" degan xalqaro tashkilot bor, shu tashkilot ham juda katta yordam berayapti. Harakat ketayapti. Eng asosiy sabablardan bittasi vaqtida tezroq harakat qilmaganligi. Keyin xalqning ichida tushuntiruv ishlarining yaxshi darajada olib borilmaganligi sababli ko`pchilik davlat berayotgan imtiyozlardan, kreditlardan vaqtida foydalanmaganligi. 50 ming so`m olamanmi, 200 ming so`m olamanmi, nima sababdan olsam bo`ladi, degan odamlarda tushunmovchilik borligidan eng kerakli yoz davri o`tib ketdi. Bunga javob beradigan insonlar bor. Hozirgi kunda O`shda ham tozalash ishlari juda tez ketayapti. Asosiy muammo O`sh shahrida bor edi. Qorasuv rayonida odamlarga vaqtida yaxshi tushuntirildi, Bozorqo`rg`onda, Jalolobodda. U yerlarda ishning borishi tezroq ketayapti O`shga qaraganda. O`shda, men ko`rib keldim, katta tozalik ishlari boshlanib, endi qurilish boshlanadi¸ deydi iyun voqealarini o`rganish uchun tuzilgan Qirg`iziston milliy komissiyasi raisi o`rinbosari, Qirg`iziston respublikasi mahalliy o`z-o`zini boshqarish ishlari bo`yicha milliy agentlik direktori Baxtiyor Fattohov.
XS
SM
MD
LG