Линклар

O`zbekiston rahbarining BMTdagi nutqi qirg`izlarga yoqmadi


Qirg`iz siyosatchilari O`sh voqealari yuzasidan xalqaro tekshiruv o`tkazishni talab qilgan Karimovga Andijon voqealarini ro`kach qilmoqda.

Qirg`iz siyosatchilari O`sh voqealari yuzasidan xalqaro tekshiruv o`tkazishni talab qilgan Karimovga Andijon voqealarini ro`kach qilmoqda.

O`zbekiston Prezidenti Islom Karimovning BMT Bosh Assambleyasi minbaridan Qirg`izistonda ro`y bergan voqealar yuzasidan mustaqil tekshiruv o`tkazishga chaqirgani qirg`izistonlik siyosatchilarning noroziliklariga sabab bo`ldi. Oddiy o`shliklar esa, Karimov bu masalani avvalroq ko`tarishi kerak edi, demoqda.

O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov BMT Bosh Assambleyasining Mingyillik rivojlanish masalalariga bag`ishlangan sammitida qilgan chiqishida Markaziy Osiyo mintaqsi uchun dolzarb bo`lib turgan masalalar qatorida Qirg`izistonda ro`y bergan voqealarga alohida to`xtaldi.

Maqolaning audiosini eshiting:


Prezident Karimov, Qirg`iziston janubida ro`y bergan xunrezliklar yuzasidan xalqaro tekshiruv o`tkazish va ommaviy qirg`in uchun mas`ullarni javobgarlikka tortishga chaqirdi.

Qirg`izistonlik bir qator siyosatchilar, 2005 yildagi Andijon qirg`ini yuzasidan mustaqil tekshiruv o`tkazishga ruxsat bermagan Islom Karimov, O`sh voqealari yuzasidan tergov o`tkazilishini talab qilishga ma`naviy huquqi yo`q, degan fikrdalar.

Tursunbek Aqun Qirg`iziston Ombudsmeni:

- Agarda Karimov tekshiruvni talab qilsa, unda xalqaro tekshiruvchilarni faqat 2010 yilgi O`sh voqeasini emas, Andijon voqeasini tekshirish uchun ham, ikki taraflama yuborish kerak. Karimovning buni talab qilishga ma`naviy huquqi yo`q. Biz qo`shni davlatning ichki ishiga aralasha olmaymiz. Karimov ham bizning ichki ishimizga aralasha olmaydi,- deydi Qirg`iziston Ombudsmeni.

Uning aytishicha, O`sh voqealarini tekshirish uchun Qirg`izistonga xalqaro komissiyaning kelishi masalasi Islom Karimov nutqidan avval hal qilib bo`lingan. Hozirda Skandinaviya mamlakatlari tashabbusi bilan mustaqil komissiya tuzilishi va uning Qirg`izistonga kelishi kutilmoqda.

Qirg`izistonlik siyosatchi Bektemir Murzaubraimov ham Islom Karimovning O`sh voqealari bo`yicha mustaqil tekshiruv o`tkazish talabi o`rinsiz bo`ldi deydi:

- Karimov O`sh voqealari paytida bironta ham fuqarosini Qirg`izistonga chiqarmay, “Biz bu ishlarga aralashmaymiz, bu Qirg`izistonning ichki ishi” deb, o`zining O`rta Osiyodagi liderlik sifatini, pozitsiyasini yaxshi ko`rsatgan edi. Karimov o`sha pozitsiyada qolishi kerak edi. Agar Karimov “O`sh voqeasida nima uchun o`zbek qardoshlar ko`proq jabirlandi?” degan ma`noda gapirsa, to`g`riroq bo`lardi,- dedi Bektemir Murzaubraimov.

Ayni paytda qirg`iz rasmiylari ham O`sh voqealari yuzasidan mustaqil tekshiruv o`tkazilishiga qarshi emasliklarini bildirib kelishmoqda:

- Bizning prezidentimiz: “Mustaqil komissiyaning kirishiga qarshi emasmiz”, degan. Xalqaro komissiya kelib, bu voqealarni tekshirsin, deb chaqiryapmiz. Bu masala ko`pdan beri aytib kelinmoqda,- dedi Qirg`iziston xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imankulov.

Biroq ayrim o`shlik o`zbeklar mahalliy rasmiylar va boshqa davlat rahbarlarining O`sh voqealarini mustaqil tekshiruvdan o`tkazish borasidagi so`zlarini quruq safsata sifatida baholashadi.

- Bu gaplar 11-14 iyundan beri aytib kelinyabdi. Biroq bu safar ham natijasiz qolib ketadi, degan fikrdaman. Bungacha O`shga OBSE politsiyasi kiritiladi, deyildi, xalqaro mustaqil tekshiruvchilar kiradi, dedi. Juda ko`p va`dalar berildi. Biroq dunyo hamjamiyati tomonidan xech qanday harakat qilinmayapti. Karimovning aytgan gapi ham natijasiz, e`tibordan chetda qolib ketadi,- dedi ismi sir qolishini istagan suhbatdoshimiz.

O`shlik Xayrullo aka esa Karimov bu masalani bemavrid ko`tardi, degan fikrda.

- Bu masalani 1-2 oy oldin ko`tarish kerak edi. Hozir, hammayoq tinchib, hayot o`z iziga tushayotganida Karimovning bu gapi noto`g`ri deb o`ylayman,- deydi o`shlik Xayrillo aka.

Biroq Ibroximjon aka O`sh voqealarini mustaqil tekshiruvdan o`tkazish masalasini Karimovgina emas, Markaziy Osiyo davlatlarining boshqa rahbarlari ham ko`tarishi kerak, degan fikrda:

- Vaziyat izga tushayotgani yo`q, ichki ahvol o`zimizga, odamlarga sezilyapti, lekin davlat vaziyatni izga solish o`rniga ko`zini yumib turibdi. Qo`shni davlatlar ham ko`zini yumishayapti, bu yaxshimas. Agar Markaziy Osiyoda O`sh voqealariga o`xshash holatlar takrorlanishini istashmasa, bu masalaga qo`shni davlatlar ham aralashib, tez kunda xalqaro tekshiruv masalasi hal qilishi kerak, - dedi o`shlik Ibroximjon aka.

BMT Bosh Assambleyasining Mingyillik rivojlanish masalalariga bag`ishlangan sammiti 22 sentbrgacha davom etadi.

Ma`lumotlarga ko`ra, Nyu Yorkda bo`lib o`tayotgan BMT yig`iniga borgan Qirg`iziston Prezidenti Roza O`tunbayeva O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan uchrashgan.

Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakatdagi siyosiy vaziyat va barqarorlikni saqlab qolish mavzusini muhokama qilganlari aytilmoqda.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG