Линклар

O‘zbek militsiyasi ochlik aksiyasiga yo‘l qo‘ymadi


Ikki yil avvalgi avtohalokatda Yulduz Isomovaning turmush o‘rtog‘i halok bo‘lgan, Jamila Jovliyevaning eri bir umrga nogiron bo‘lib qolgan.

Ikki yil avvalgi avtohalokatda Yulduz Isomovaning turmush o‘rtog‘i halok bo‘lgan, Jamila Jovliyevaning eri bir umrga nogiron bo‘lib qolgan.

Qashqadaryolik o‘qituvchi Yulduz Isomova va uning ovsini Jamila Jovliyevaning o‘z farzandlari bilan 23 sentabr kuni soat 10.00 da Qashqadaryo viloyat jinoiy ishlar sudi binosi oldida o‘tkazishni rejalashtirgan ochlik aksiyasi mahalliy militsiya xodimlarining qarshiligi bois amalga oshmadi.

Bu ikki ayol adolat qaror topishini talab qilib 1 sentabr kuni bolalari bilan birgalikda o‘zlariga o‘t qo‘yishni rejalashtirgan paytda ham huquq-tartibot xodimlari ularni to‘xtatib qolgan edilar.

Qashqadaryoning Chiroqchi tumani Hamid Olimjon shirkat xo‘jaligida yashovchi 47 yoshli o‘qituvchi Yulduz Isomova o‘zi va ovsini, ikklasining o‘n nafar farzandi bilan birgalikda ochlik aksiya boshlashni rejalashtirganini, biroq chiroqchilik militsiya xodimlari ularni uylaridan chiqarmasdan poylab o‘tirganliklari haqida Ozodlikka gapirib berdi.

Yulduz Isomova: Biz 23 sentabr kuni soat 10.00 da ochlik e‘lon qilamiz dedik. Ovsinim va men bolalarimiz bilan ...

Ozodlik: Siz to‘rtta bolangiz bilan, ovsiningiz ham bolalari bilanmi?

Yulduz Isomova: Ha. Ovsinim oltita bolasi bilan birgalikda ochlik e‘lon qilamiz degan edik. Militsiyalar, boshqalar kelib, mahallaga qo‘riqchilik qilib uydan chiqqani qo‘ymadi.

Ozodlik: Nechta odam bor uyingizni oldida?

Yulduz Isomova: Hamma joyga qo‘yib tashlagan. O‘nlab odam bor.

Ozodlik: Kimlar ular, qaysi organ xodimlari?

Yulduz Isomova: O‘zimizning Chiroqchi militsiyasining zamnachalnigi bor.

Ozodlik: Uning o‘zi ham kelib o‘tiribdimi?

Yulduz Isomova: Ha, Solih degan yana bir tergovchi bor, yana mayda militsiyalar. Bizni taksiga mingan joyimizdan tushirib olib qoldi. Taksistning qo‘lidan dokumentini olib qo‘yib, bizlarni ketgani qo‘ymadi. Hamma taksistlarga “mashinangga chiqarmaysanlar”, dedi. Bizga ham “Hozir kuch ishlataman. U qilaman, bu qilaman”, deyapti.

Ozodlik: Buni kim aytdi sizga?

Yulduz Isomova: Chiroqchi tuman militsiyasining zamnachalnigi aytdi. “Ishlat kuchingni. Bor, qo‘lingdan kelganini qil”, dedim. Meni qo‘rqitdida u. “Kuch ishlataman”, degani qo‘rqitganimi? Men qo‘rqmadim. Lekin baribir bizni ketishimizga yo‘l qo‘ymadi. Uyda o‘tiribmiz hozir.

Ozodlik: Sizlar o‘zinglaringizga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgan paytda, viloyat hokimligidan sizlarga va‘dalar berishgan edi. Nima bo‘ldi shu va‘dalarning natijasi?

Yulduz Isomova: Hech qaysisi bajarilgani yo‘q. Hech narsa bo‘lmadi. Hammasi qanday bo‘lsa, shundayligicha turibdi. Va‘da quruq, va‘daligicha qolib ketdi.

Ozodlik: Endi nima qilasizlar?

- Prezidentga kiramiz Toshkentga borib. Ëtib bo‘lsa ham prezidentning ëniga kiramiz, deydi Yulduz Isomova.

O‘qituvchi ayol Isomova 2008 yilning 9 dekabr kuni ro‘y bergan avtohalokatda turmush o‘rtog‘i Amir Abdunazarov va yana bir yo‘lovchining halok bo‘lishi va ikki kishining butun umrga nogiron bo‘lib qolishida aybdor bo‘lgan ichki ishlar xodimi javobgarlikka tortilmagani uni bunday qadamga majbur bo‘lganini aytadi.

Ikki yil avvalgi avtohalokat oqibatida to‘rt farzandi bilan beva qolgan Yulduz Isomova o‘sha paytda mashina rulida bo‘lgan militsiya xodimi Nodir Xolboyev suvdan quruq chiqib, aybsiz, deb topilganiga norozilik bildirib, turli tashkilotlarga shikoyat qilgan, lekin haqiqat qaror topmagach, o‘zi va farzandlariga o‘t qo‘yishga ahd qilgandi.

Mahalliy militsiya xodimlari bunga yo‘l qo‘ymadi. Endi esa ularga ochlik e‘lon qilishiga ruhsat berilmadi.

Ikki yil avvalgi ro‘y bergan avtohalokatda Yulduz Isomovaning qayinog‘asi O‘ktam Abdunazarov umrbod nogiron bo‘lib qolgan. Erining qiynalib yashaganiga chiday olmayotgan Jamila Jovliyeva ham adolat qaror topishiga ishonmagani bois ovsinining norozilik aksiyalariga qo‘shilgan.

Yuqorida tilga olingan avtohalokat yuzasidan ochilgan jinoiy ish Shahrisabz shahar sudi tomonidan ko‘rib chiqlib, 2009 yil 18 may kungi qaroriga ko‘ra, ehtiyotsizlik oqibatida avariya sodir qilgan, deya “Neksiya” haydovchisi Obidjon Xolov sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Biroq o‘sha paytda “Niva” mashinasida bo‘lgan O‘ktam Abdunazarov voqeani eslarkan avtohalokatga “Niva” rulini boshqarayotgan militsiya xodimi sababchi bo‘lganini aytadi.

- GAI ushladi Xolboyev Nodir. Keyin dokumentlarni ko‘rdida, “bir kun srogi o‘tgan pravangizning,” dedi. “Jarima maydoniga qamayman,” deb protokol tuzmay, passajirni tushirmasdan rulga o‘tirdida olib ketdi bizlarni. Keyin yo‘lda 50-60 metrda ko‘rdik shu voqeani. Qiz bola chiqayapti. “To‘xta, chekkaga ol,” desak, bizlarning gapimizni e‘tiborga olmadi. Keyin mashina kelib turib, bizlarga urildi. To‘xtatib qolsa ham bo‘lardi. Tezligimiz tez emas edi. Chekkaga olib qo‘ysa ham bo‘lardi mashinani. Shu yerda ikki kishi o‘lib qolayaptida. Akam Abdunazarov Amir bilan Ro‘ziyev Toyir. Keyin Shahrisabz sudida jinoiy ish ochildi. GAI xodimini jabrlanuvchi qildi. Keyin oblastda bo‘ldi sud. Ikkita mutaxassis aybi bor deyapti, Toshkentdan kelgani aybi yo‘q, deyapti. Shunaqa qilib sarson qilayaptida bizlarni. Uyushtirganda shunaqa qilib o‘zlaricha,- deydi O‘ktam Abdunazarov.

Bir umrga nogiron bo‘lib qolgan O‘ktam Abdunazarov Shahrisabz shahar sudi hukmidan norozi bo‘lib, Qashqadaryo viloyat sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat arizasi kiritadi. Ushbu mahkamada ham militsiya xodimi Nodir Xolboyev foydasiga hukm chiqariladi.

Qashqadaryo viloyat sudi xodimi Ozodlik bilan suhbatda sud hukmi mutlaqo qonuniy bo‘lganini ta‘kidladi.

Jabrlanuvchilar o‘zlarining O‘zbekiston prezidenti, Oliy sud va Bosh prokuraturaga yo‘llagan shikoyatlarining barchasi besamar bo‘lganini aytishdi.

Biz mavzuni o‘rganish davomida Qashqadaryo viloyat xokimligiga ham murojaat qildik. Xokimlik xodimi bu masala xususida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari Inobat Karimovaga murojaat qilishimiz lozimligini aytdi. Inobat Karimova bilan telefon orqali bog‘langanimizda u Yulduz Isomova bilan Jamila Jovliyevalarning norozilik aksiyalaridan bexabarligini, biroq ularning shikoyatlarini o‘rganib, vaziyatni o‘z nazoratiga olishini bildirdi.
XS
SM
MD
LG