Линклар

Paxta termagan talaba o‘qishdan haydaldi


Paxta terimida asosiy ish kuchi bo‘lgan oliy o‘quv yurtlari ma‘muriyatlari terim sur‘atini oshirishning radikal usulini topdi: kunlik normani bajarmagan talabalar o‘qishdan haydalmoqda.

Paxta terimida asosiy ish kuchi bo‘lgan oliy o‘quv yurtlari ma‘muriyatlari terim sur‘atini oshirishning radikal usulini topdi: kunlik normani bajarmagan talabalar o‘qishdan haydalmoqda.


18 sentabr kuni Sirdaryo viloyati Oq oltin tumanida paxta terayotgan Guliston davlat universiteti agroiqtisodiyot fakulteti 4 kurs talabasi Javlon Tog‘ayevning talabalar safidan chiqarilishi haqida buyruq chiqdi.

Maqolaning audiosini eshiting:


Javlonning ota-onasi bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyatining Sirdaryo viloyati bo‘limiga ma‘lum qildi. Isroil Rizayev tashkilotning Sirdaryodagi faoli.

- Rektorning xonasida ham bo‘ldim, kadrlar bo‘limida ham bo‘ldim. “Haydaladi, bugun buyruq chiqaramiz” deyishdi. Hatto “biz e‘lon qilib qo‘ydik, qaytmaymiz”, deb rektor ham aytdi, prorektor, dekan, domlalari ham aytdi. “Olib ketinglar” dedi, ota-onasi olib keldi hozir uyiga. Ikki kundan beri uyda o‘tiribdi, paxtaga chiqishni ham, institutga borishni ham bilmaydi. Yuribdi, kayfiyati, ruhi tushib ketgan, deydi huquq faoli Rizayev.

Javlon Tog‘ayev Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani G‘alaba jamoa xo‘jaligidan. Yangiyer tumanidagi gimnaziyani a‘lo baholar bilan tugatib, Guliston davlat universiteti agroiqtisodiyot fakultetiga grant asosida o‘qishga kirgan. Oldingi yillar paxta terimi mavsumida Javlon Tog‘ayev xo‘jalik ishlariga biriktirilar edi, ammo bu yil uni ham paxta terishga majbur qilishgan.

- Oq oltin tumaniga borsak, u paxtazorga borsa, haydab yuborishayotgan ekan. Shaxsan men agroiqtisodiyot fakulteti dekani Odil Oltmishev bilan suhbatlashdim. Kulib turib aytayaptiki, “Mana to‘g‘ri qildik. Bu to‘rtinchi kurs, kam teradi, me‘yorni bajarmaydi. Mana ertalab e‘lon qilgan edik, ikki kundan beri terim sur‘ati juda yuqori bo‘ldi. Studentlar yaxshi terayapti, buni haydaganimiz uchun”, deb mamnuniyat bilan menga gapirib berdi,- deydi Isroil Rizayev.

Javlon Tog‘ayev paxta mavsumida Guliston davlat universitetidan haydalgan yagona talaba emas, deya davom etadi inson huquqlari faoli.

- 2010 yil paxta mavsumida terim sur‘atini ko‘tarish maqsadida qolganlarga ta‘sir qilish uchun boshqa fakultetlardan ham 9 ta talaba haydalibdi. Men rektoratning rasmiy buyrug‘ini ko‘rganim yo‘q. Talabalar aytishdi.

Guliston davlat univyersitetining o‘quv bo‘limi boshlig‘i Anvar Aralov “Ozodlik” ning paxta terish me‘yorini bajarmagani uchun haydalgan talabalar haqidagi so‘roviga bunday javob berdi:

- Endi hozircha bizda bunday ma‘lumotning o‘zi yo‘q. Aynan paxta xususida bunday gapning o‘zi bo‘lgan emas. Haydalish haqida xech qanday gap yo‘q. Bo‘lsa, bilishimiz kerak,- dedi Guliston davlat univyersiteti mas‘uli Anvar Aralov.

Huquq faoli Isroil Rizayev univyersitet ma‘muriyati Javlon Tog‘ayevning o‘qishdan haydalishiga boshqa sababni ko‘rsatmoqda, deydi.

- Endi bilasiz, yigitchilik. 22-23 yoshdagi yigitlar kelib turib, meva-cheva, bir piyola pivo ichgan ekan. Aybi kechqurungi tekshiruvga o‘rtoqlarini kuzatganligi sababli kech qolganligi. Uni yomon ko‘rgan domlasi “Nimaga kech qolding?”, deb turib militsiyani chaqirgan. Jamoat joyida pivo ichganligi bois, to‘rt yarim ming so‘m jarima to‘lagan Xalq bankiga. Shu asos bo‘layapti uning haydalishiga.

Guliston davlat univyersitetining nizomida bitiruvchi kurs talabasini paxta terimida me‘yorni bajara olmaganligi uchun haydash ko‘rsatilmagan. "Shu boisdan talabaning pivo ichganligi univyersitet rahbariyati uchun yaxshi bahona bo‘lgan", deya qo‘shimcha qiladi huquq faoli Isroil Rizayev.

- Amal kursisida saqlanib qolish uchun va yuqoriga paxta svodkasining ko‘tarinki bo‘lishi uchun “kam paxta tergan talabalarni o‘qishdan haydashgacha boringlar”, degan ekan mutasaddilar. Paxtaga chiqish, terish to‘g‘risida oliy ta‘lim nizomlarida hech nima aytilmagan,- deydi Isroil Rizayev.

“Ozodlik” Guliston davlat univyersitetidan haydalgan Javlon Tog‘ayev bilan bog‘lanishga harakat qildi. Ammo na talaba, na uning yaqinlari bilan gaplashish imkoni bo‘ldi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG