Линклар

logo-print

O‘zbekiston Islomiy Harakati Rashtdagi hujum uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga oldi


O‘zbekiston Islomiy Harakati Pokistonning Shimoliy Vaziriston mintaqasida panoh topgani aytiladi.

O‘zbekiston Islomiy Harakati Pokistonning Shimoliy Vaziriston mintaqasida panoh topgani aytiladi.

O‘zini O‘zbekiston Islomiy Harakatining notig‘i Abdulfattoh Ahmadiy, deb tanishtirgan shaxs Ozodlikka jo‘natgan audioyozuv orqali "19 sentabr kuni Tojikistonning Kamarob darasida hukumat qo‘shinlariga qilingan hujumni biz uyushtirganmiz", degan iddaoni bildirdi.


Ozodlik radiosi o‘zbek xizmati elektron pochtasiga ovozli maktub tarzida kelgan bildirishda o‘zini O‘zbekiston Islomiy Harakati rasmiy notig‘i, deb atagan Abdulfattoh Ahmadiy Rashtdagi amaliëtning bir kecha-kunduz davom etgani va Tojikiston armiyasining bir askari asir olingani, 19ta AK avtomati, ikkita pulemet qo‘lga kiritilganini bildirdi.

Suhbating audiosini eshiting:


- O‘zbekiston Islomiy Harakati 2010 yil 18 sentabr Rasht nohiyasidagi Kamarob darasida Tojikiston hukumat qo‘shinlarining harbiy karvoniga qilingan amaliëtni o‘z zimmasiga oladi. Birodarlarimiz 19ta avtomat, ikkita pulemet va hukumatning xos desant guruhidan bir kishini asir olib ketishgan. Bu amaliët birodarimiz Mavlaviy Mansur qo‘mondonligi ostida amalga oshirilgan, deyilgan edi bizga yuborilgan audioëzuvda.

Shunisi qiziqki, rasmiy Dushanbe “19 sentabrda bo‘ldi”, deb aytaëtgan Kamarob voqealarini O‘IH rasmiy notig‘i “18 sentabrda boshlangan edi”, deb aytdi.

Abdulfattoh Ahmadiyning iddaosi bildirilgan audioëzuvning haqiqiy ekanligini tekshirish imkoni yo‘qligi bois, biz audioëzuvni 23 sentabr kuni efirga uzatmadik, ammo audioëzuv kelgan manzilga maktub bilan chiqib, ular bilan telefon orqali bog‘lanish istagini bildirdik.

24 sentabr kuni Pokistondan ekani bilingan telefon orqali O‘IH manzili deb taxmin qilingan raqam bilan bog‘landik.

O‘zingizni tanishtirasizmi, deb so‘radik.

- O‘zbekiston Islomiy Harakatining rasmiy notig‘i Abdulfattoh Ahmadiy.

Ozodlik: Kecha (suhbat 24 sentabr kuni ëzib olingan – tahr.) yuborgan audiofaylingizni oldik. O‘shani sizdan so‘ramoqchi edik. Aynan sizning ovozingiz ekanligiga hujjat so‘rab telefon qilgan edik. Boshqalar ham sizlarning nomingizdan yuborishi mumkin hozirgi texnologiya asrida. Shunga isbot keltirib, yana bir marta aytasizmi, qanday qilib o‘z zimmangizga oldingiz, buning boisi va hokazo.

- Gapirib o‘tganimday minglab masjidlar bekitilganligi, nohaq musulmonlar qamalganligi va o‘sha muslima opa-singillarimizning, o‘zinglar bilasizlar buni, ya‘ni Olloh taolo farz qilgan hijobga qarshi chiqqanligi va qolavyersa Afg‘oniston musulmonlariga qarshi salibiylar yurishining boshida kelgan Amriko va NATO kuchlariga o‘zining darvozasini katta qilib ochib berganligi. Shu sababdan ichkaridagi bo‘lgan amaliët birodarlarimiz tarafidan, aytib o‘tganman, birodarimiz Mavlaviy Mansur deymiz, shu birodarimizning qo‘mondonligi ostida mintaqa mujohidlari bilan hamkorlikda bu amaliët o‘tkazilgan, dedi telefon go‘shagini ko‘tarib, o‘zini Abdulfattoh Ahmadiy deya tanishtirgan odam.

O‘zbekiston Islomiy Harakati rasmiy notig‘i, deb tanishtirgan suhbatdosh “Tojikistonning Kamarob darasida hukumat qo‘shinlariga qilingan hujumni biz uyushtirganmiz” degan gapni yana takrorladi.

- Tojikiston hukumatining haybati, ya‘ni uning kuch-quvvati qanchaligini, uning xos turmaxonasidan shuncha odam qochib ketganligi Tojikiston hukumatining kuchining qanchaligini ko‘rsatib turibdi.

Ozodlik: Nega aynan Tojikiston hukumat qo‘shinlariga hujum uyushtirdingizlar? Sizlar uchun hadaf O‘zbekiston emasmi? Har holda O‘zbekiston Islomiy Harakati degan nomingiz bor.

- “Bizning hadafimiz O‘zbekiston”, deb aytmaganmiz biz. Ya‘ni avval hadafimiz deb aytmaganmiz. Biz, o‘zingizga ma‘lum, avvalambor Tojikistonga hijrat qilganmiz va Tojikiston hukumati bilan avvaldan bizning muomalamiz bor. Garchi O‘zbekistonning ichida birodarlarimiz bo‘lsa ham, Qirg‘izistonda bo‘lsa ham, Tojikistonning ichida mana o‘zinglar guvoh bo‘lib turibsizlar mujohidlarimiz bor. Inshoolloh O‘zbekiston, ya‘ni avval hadafimiz O‘zbekiston emas deb aytaëtganim bumaski, O‘zbekistonni esdan chiqarganmiz. O‘zbekiston bor. Inshoolloh yaqin kunda ba‘zi o‘zgarishlar ham bo‘lib qoladi.

Ozodlik: Qanday o‘zgarishlar?

- Siz yaxshi bilasiz biz mujohid kishilarmiz, biz harbiy kishilarmiz. Shuning uchun barcha narsani oldindan ayta olmaymiz.

Ozodlik: Rasmiy Dushanbe Rasht voqealari tashkilotchisi, deya aytaëtgan Mullo Abdullohni sizning odam deyishmoqda? Bu to‘g‘rimi?

- Mullo Abdulloh masalasida O‘zbekiston Islomiy Harakati shuni e‘lon qilib qo‘yadiki, Mullo Abdulloh O‘zbekiston Islomiy Harakatiga tegishli odam emas. U kishi garchi hukumatlar bo‘lsin, barcha radiolar u kishini O‘zbekiston Islomiy Haraktiga tegishli, deb aytaëtgan bo‘lsa, u kishi bizdan emas. U kishining o‘ziga yarasha nomi chiqqan bo‘lsa o‘z vaqtida, lekin u kishi, hozir mana e‘lon qilib qo‘yamiz, u kishi bizdan emas. U birodarlarimiz qachonki, biz Tojikistondan Afg‘onistonga hijrat qilib o‘tganimizda o‘sha yerda bizning tarafdorlarimiz va birodarlarimiz qolishgan. Shu kuchlar bilan va biz tomondan tayinlangan boshqa kuchlar bilan ya‘ni jo‘natilgan, desak ham bo‘ladi, shular bilan birgalikda shu amaliëtlar bo‘layapti. Lekin sizga aniq tafsilotini ayta olmayman Vaziristondan ëki boshqa joydan jo‘natilgan deb. Xullas, ichkaridagi biz bu narsani birinchi e‘lon qilmaganligimizning sababi shuki, biz u birodarlarimiz bilan aloqaga chiqa olmagan edik. Aloqaga chiqqanimizdan keyin, tafsilotlari bizga ma‘lum bo‘lgandan keyin biz chiqib bu narsani e‘lon qildik.

Ozodlik: Tojikistondagi Islom uyg‘onish partiyasi va Ichki ishlar vazirligidagi ba‘zi mulozimlar “O‘zbekiston Islomiy Harakatining Rasht voqealariga sira aloqasi yo‘q. Ular siësiy ochko olish uchun, bu voqealar bois piligimiz ko‘tarilib qolsin, deb mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olishdi” deyishmoqda. Bunga nima deysiz?

- Biz ochko olish uchun, reyting ko‘tarish uchun emas, Ollohning roziligi uchun hijrat diërida, jihod maydonida yurgan kishilarmiz. Garchi bular biz to‘g‘rimizda nima desa ham, lekin qani hech kim tan olmadi. Ya‘ni jur‘at qilib, e‘tirof qilib shuni biz qildik, demadi. Ular nima deyishsa, deyishsin. Biz qilgan ishimizni qilganmiz deganmiz, qilmagan ishimizni qilmaganmiz deganmiz. Shuning uchun ular nima deyishlariga biz qarab o‘tirmaymiz, dedi o‘zini O‘zbekiston Islomiy Harakatining rasmiy notig‘i Abdulfattoh Ahmadiy, deya tanishtirgan shaxs.

Eslatib o‘tamiz, bu suhbatdoshimizning gaplari to‘g‘riligini boshqa manbalardan tekshirishga qilgan harakatlarimiz samarasiz bo‘ldi.

Suhbatdoshimiz intervyu mobaynida Rashtda sodir bo‘lgan amaliëtga qo‘mondon Mavlaviy Mansur boshchilik qilganini ta‘kidladi. Rasht hududida barcha aloqa vositalari hukumat tarafidan muzlatilganiga qaramasdan, O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘zining mintaqadagi jangarilari bilan muntazam aloqada ekanligini ta‘kidladi.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi vakili Mahmadullo Asadulloyev Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston Islomiy Harakatining Kamarob voqealariga daxldorligini “haqiqatga eng yaqin taxmin”, deb atadi.
XS
SM
MD
LG