Линклар

logo-print

Toshkentlik ozariy qiz: “O‘zbekiston yaxshiyu, ammo dengizi yo‘qda”


Ko‘za olib chiqqan yaxshi qiz, go‘zallarning husni naqshi qiz...

Ko‘za olib chiqqan yaxshi qiz, go‘zallarning husni naqshi qiz...

O‘zbek-ozariy munosabatlari Navoiyning Nizomiydan ilhom olib dostonlar ëzgan davrlariga borib taqaladi. “Nizomiy bolidan halvo pishirdim”, deb ëzgan Navoiy an‘anasini Ozarbayjonda tug‘ilib O‘zbekistonda yetuk adib shuhratiga noyil bo‘lgan Maqsud Shayxzoda davom ettirdi.


Ko‘za olib chiqqan yaxshi qiz, go‘zallarning husni naqshi qiz,
Ko‘zangdagi suving ko‘p sovuq kim uchun u aytganing qo‘shiq...

Shayxzodaning bu satrlari toshkentlik ozariy qiz Guli uchun aytilgandek..

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonga tashrifi doirasida 27 sentabr kuni Toshkentda Ozarbayjon milliy markazi yangi binosi ochilish tantanasida ishtirok qiladi. Boku koshinlari bilan jilolangan yangi binoning ochilish tantanasiga Toshkentda tug‘ilgan, ota-onasi ozarbayjonlik qiz Guli Shirinova ham ishtirok qiladi.
Suhbatning audiosini eshiting:


23 bahorni qarshilagan Guli Shirinova ozariy mug‘omlarida vasf etilgan, olis Bokuda boshlanib, Toshkentda gullagan ikki dil sevgisining mevasiga mengzaydi. Otam, onamni olib qochib Toshkentga kelgan, deb gap boshladi suhbatdosh.

- Dadam opamni olib qochib kelgan.

Ozodlik: Dadangiz o‘zbekmi?

- Yo‘q, Ozarbayjon.

Ozodlik: Olib qochib kelish degani ozarbayjonlarda ham bormi?

- Oldin bo‘lgan, deydi Guli.

Toshkentning Tezekovka mavzeiga yaqin joyda ozariylar zich bo‘lib yashaydi. Biz tashqarida o‘zbeklardan farq qilmasak ham, oila ichida ozariy urf-odatlarini saqlashga urinamiz, deydi Guli.

- Navro‘z bayramlarini bu yerda nishonlashadi. Hamma o‘zining uyida, o‘ziga xos bo‘lgan an‘analarini, bayramlarini xohlagan odamlar o‘zining uyida nishonlashi mumkin, deydi Guli.

Guli shafran solinib damlanadigan ozariy palovini ham, toshkentliklar sevib iste‘mol qiladigan moshovani (mastava) ham birday yaxshi taërlashini aytadi.

- Pazandachiligi farqli. O‘zining oshi boshqacha, pishiriqlari bor, deydi Guli.

Turkistondagi ko‘p elatlar, jumladan turkmanlar o‘z ichida qiz olib, qiz berishadi. Bu holat sizlarda qanday, deb so‘raymiz suhbatdoshdan.

- Bu yerda ham shunaqa. Bo‘lishi mumkin o‘zbeklar bilan ozarbayjonlarning o‘rtasida uylanish, turmushga chiqish. Lekin ba‘zilarda qarshi chiqishadi.

Ozodlik: Ozariy ozariyga turmushga chiqsin degan tavsiyaviy nima bormi oilada?

- Oilada bor. Masalan, mening oilam ham mening ozarbayjonga turmushga chiqishimni xohlaydi.

Ozodlik: Siz uchun ozarbayjonga turmushga chiqish o‘zbekka turmushga chiqishdan ko‘ra muhimmi?

- Men uchun muhim emas, lekin uydagilar shuni xohlagandan keyin nima qilamiz, deydi Guli.

Ozarbayjonlarning aksariyati islomning shia mazhabiga e‘tiqod qilishadi. E‘tiqoddagi bu nozik farq bois namoz o‘qimay qo‘ydim, deydi Guli.

- Bizda Ozarbayjonda shia bo‘larkan.

Ozodlik: Shu masalada rohatsiz (bezovta) bo‘ladigan joylaringiz bormi?

- Masalan men namoz o‘qimoqchi bo‘lganimda, o‘zbek o‘rtoqlarimdan o‘rgandimda. Ëzib oldim, ular bilan harakat qilib ko‘rdim. Keyin uydagilarim “Bizning namozimiz boshqacha o‘qiladi”, deb aytishdi. Shunga men ham “xato qilayapmanmi” deb, qo‘ydim bu ishni, deydi Guli.

27 sentabr kuni O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ozariy qiz Guli Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashadi. Men O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sdim, ammo ota-onam yurti bo‘lgan Ozarbayjon rahbari bilan uchrashishdan xushnudman, deydi Guli.

- Albatta, shunday boshqa shahardamiz. O‘zimizning markazimiz bo‘lishi, masalan yo‘lda ketayapmiz hozir. Yo‘lda Ozarbayjon bilan O‘zbekistonning bayroqlarini osib qo‘yishibdi. Bularni ko‘rib xursand bo‘layapmiz. Odamning ichi quvnaydi.

Ozodlik: Agar sizga Bokuda ëki Toshkentda yashash tanlovi berilsa, qanday qaror berardingiz?

- Menga Toshkentda nima yetmaydi, dengiz yo‘q.

Ozodlik: Dengiz shu qadar muhimmi ozarbayjonlar uchun?

- Men uchun dengiz bo‘lsa, yaxshi bo‘lardida, deydi Guli.
XS
SM
MD
LG