Линклар

O‘shda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar ora yo‘lda qoldi


O‘sh Davlat Univyersitetida yuzlab o‘zbekistonlik talabalar tahsil olar edi.

O‘sh Davlat Univyersitetida yuzlab o‘zbekistonlik talabalar tahsil olar edi.

Iyun voqealari bois O‘sh va Jalolobod shaharlaridagi oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar o‘z vataniga qochishga majbur bo‘ldi. O‘zbekistonlik yoshlar Qirg‘izistonda o‘qishni davom ettira olmasligini tushungan Toshkent talabalarni O‘zbekistondagi o‘quv yurtlariga ko‘chirish chorasini ko‘ra boshladi, lekin bu ishni oxiriga yetkazganicha yo‘q.

“O‘sh davlat universitetining tibbiyot fakultetida o‘qiyotgan o‘g‘limning Qirg‘izistonga qaytib, o‘qishini davom ettirishiga imkon yo‘q, O‘zbekistonda esa, bergan va‘dalarini bajarmayaptilar”. Bunday shikoyat bilan Ozodlikka Farg‘ona viloyat Bag‘dod tumanida istiqomat qiluvchi tinglovchimiz murojaat qildi.

Maqolaning audiosini eshiting:


Masalani o‘rganar ekan, muxbirimiz, O‘zbekiston hukumati avvaliga talabalar muammosini yechishga bel bog‘laganini, biroq keyinroq bu ishni o‘zibo‘larga tashlab qo‘yganini aniqladi.

Toshkent Kimyo-texnologiyalar instituti, Farg‘ona va Andijon davlat univyersitetlarida talabalarni ko‘chirish masalasini o‘rganuvchi idoralararo komissiyalar tuzildi.

Bu haqda ismini aytmasligimizni so‘ragan farg‘onalik tinglovchimiz O‘zbekiston respublikasi Oliy ta‘lim vazirligidan 28 iyul kuni olgan xatda, jumladan mana bunday deyilgan:

“Siz O‘zbekiston respublikasi prezidenti devoniga yo‘llagan arizanglar o‘rganib chiqilib, quyidagilarni ma‘lum qilamiz. O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 18 iyuldagi 118-sonli qarorning nimasi keltirilgan. Oliy ta‘lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlatish tartibi to‘g‘risidagi niozmning 8-bandiga muvofiq xorijiy davlatlarning akkreditatsiyasiga ega bo‘lgan oliy ta‘lim muassasalaridan O‘zbekiston respublikasi Oliy ta‘lim muassasalariga talabalar o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash idoralararo komissiya qarori bilan amalga oshiriladi”.

Tinglovchimizning O‘sh davlat univyersiteti tibbiyot fakultetining 4 kursini bitirgan o‘g‘li o‘z vaqtida Toshkent Kimyo-texnologiyalar institutidagi komissiyaga murojaat qildi.

- Zachyotka, pasportlarni topshirdik. 5 avgustgacha qabul qilarkan. Iyulning 25 larigacha olib borib topshirdik. “Sizlarga 5 sentabrgacha xabar boradi” dedi. Telefon nomerlarni, adreslarni yozib olib, “Konvyertda jo‘natiladi” dedi. Shu bilan kutib turibmiz. Kelmayapti hali ham shu javoblar, deydi tinglovchimizning O‘sh davlat univyersiteti tibbiyot fakultetining 4 kursini bitirgan o‘g‘li.

Va‘da qilingan muddat – 5 sentabrdan kamida 20 kun o‘tdi.

Nima uchun talabalar hanuzgacha javob olmadi?

Bu savolga O‘zbekiston Oliy ta‘lim vazirligining o‘zini tanishtirmagan xodimi mana bunday javob berdi.

- Qabul qilgan bo‘lsa hujjatni, biz komissiya yig‘ib, hamma vazirlikka, Vazirlar Mahkamasiga srazu yetkazilgan. U qabul qilinganda ijobiy hal bo‘lgan nimalar Oliy o‘quv yurtining o‘ziga boradi. Ijobiy hal qilinmaganlarga ma‘lumot xati berilmaydi. Chunki uje ariza yozgan paytda aytiladi. Hujjatning kopiyasi olinadida. Hujjat ham qaytarilmaydi, ma‘lumot ham berilmaydi. Chunki juda ko‘pchilik topshiradida. Ularning har bittasiga ma‘lumot bermaydi.

Ozodlik: Menga murojaat qilgan bag‘dodlik yigitga javob bormabdi, demak, uning masalasi ijobiy hal bo‘lmabdi-a?

- Agar ijobiy bo‘lgan bo‘lganda, o‘sha Oliy o‘quv yurtiga Vazirlar Mahkamasidan “ko‘chirildi” degan xat borardi. Keyin shu xat asosida qabul qilardi ular.

Ozodlik: Demak, o‘sha Oliy o‘quv yurti talabaga “sizni qabul qildik” degan xat jo‘natardi-a?

- Ha.

Ozodlik: Umuman qancha ariza qabul qilinganu shuning qanchasi ijobiy hal qilingan?

- Uni bilmadim lekin. Xabarimiz yo‘q bizning, dedi O‘zbekiston Oliy ta‘lim vazirligining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Biz O‘sh davlat univyersitetida o‘qiydigan yana bir talaba – andijonlik Muhammadrizo bilan gaplashdik.

- Men Toshkentga borib keldim kecha. Qabul qilmaymiz deyishdi.

Ozodlik: Kim bilan gaplashdingiz?

- Vazirlikka kirdik. “Shunaqa ariza bergan edim. Hal bo‘lmadi. Bir oydan o‘tib ketdi” desam, “Qirg‘izistonning ishi ko‘rib chiqilgani yo‘q. Umuman u ish otmena bo‘lgan. Xullas qabul qilinmadinglar” dedi. “Bo‘pti, mayli” deb kelavyerdik endi.

Ozodlik: Mutlaqo hech kimni qabul qilmabdimi?

- Yo‘q, hech kimni qabul qilmabdi hali. Qabul qilish niyati ham yo‘q. U ish ko‘rib ham chiqilgani yo‘q deyapti.

Ozodlik: “Meni qabul qilmabsiz, boshqalarni qabul qildinglarmi?” degan savolni berdingizmi?

- Yo‘q, bermadim. Lekin qabul qilgani yo‘q aniq.

Ozodlik: Nimaga asoslanib aniq deyapsiz? Boshqalarni qabul qilgandir.

- Yo‘q, men hammasi bilan aloqada bo‘lib turibman. Qabul qilgani yo‘qda.

Ozodlik: Men hozir vazirlikdagi bittasi bilan gaplashdim. U “O‘sha Kimyo-texnologiya institutida ochilgan guruhga ariza topshirar ekan talaba, o‘sha talabaga “hech kimdan javob kelmasa, demak sizning masalangiz ijobiy hal qilinmagan bo‘ladi” deyilgan” deyapti. Shunaqa deyilganmi?

- Yo‘q, bizga unaqa deyilmagan. Manzillarimizni o‘z qo‘llarimiz bilan yozib berganmiz. “Nimaga bizga javob kelmadi?” deb so‘rasam, “U ish ko‘rib ham chiqilmadi. Boshqa ham bo‘lmadi. Uncha e‘tibor berilmagani uchun javob ham bormagan” dedi.

Ozodlik: Vazirlikda sizni kim qabul qildi? Kim bilan gaplashdingiz?

- Tursunboyev degan bir odam bor ekan. Shu bilan gaplashdim, deydi O‘shda o‘qiydigan andijonlik talaba Muhammadrizo.

O‘sh davlat univyersiteti xalqaro bo‘limi xodimi Qanat Dalbayev o‘zi ishlayotgan o‘quv yurtida qancha o‘zbekistonlik talaba borligini ayta olmadi. Uning aytishicha, shu kunda tashvish uchun asos yo‘q.

- Shaharda tinchlik va osoyishtalik, hayot o‘z iziga tushib ketdi, deydi Qanat Dalbayev.

Bo‘lsa – bordir. Lekin shahardagi o‘quv yurtlarida o‘qish hali boshlanmagani, o‘quv yilini 18 oktabrda boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilinganining o‘zi ham ko‘p narsani aytib turibdi.

Andijonlik Muhammadrizo, uning farg‘onalik univyersitetdoshi va boshqa yuzlab o‘zbekistonlik talabalar hozircha hech narsa yo‘qotgani yo‘q – O‘shda o‘quv yili boshlanishiga yana kamida 20 kun bor.

Lekin ular millatchilik avjiga chiqqan O‘shga qaytib borishga qo‘rqmoqda.

- O‘shda tinchlikmasda. U yoqda mening o‘qishimga hech kim garantiya bera olmaydida, deydi O‘sh univyersitetining o‘zbekistonlik talabalaridan biri.

Eng qizig‘i, O‘shda o‘zbekistonlik talabalarning xavfsizligini birov kafolatlagan taqdirda ham shu kunda ular O‘shga o‘ta olmaydi. Chunki,

- Chegaralar berk. O‘tishning iloji bo‘lmayapti, deydi talabalardan yana biri.

O‘shga qaytgisi kelmayotgan talabalar shu kunda Toshkentga yana bir marta murojaat qilib ko‘rmoqchi. Ular vazirlikka yana xat yozmoqchi.
XS
SM
MD
LG