Линклар

O‘zbek qochqinlari hamon Olmaota hibsxonasida qolmoqda


Olmaotadagi o‘zbek qochqinlari muammosi haligacha hal etilmayapti.

Olmaotadagi o‘zbek qochqinlari muammosi haligacha hal etilmayapti.

Olmaota hibsxonalarida saqlanayotgan o‘zbek qochqinlari qozoq rasmiylaridan o‘zlarini O‘zbekistonga berib yubormaslikni, ularga Qozog‘istondan boshpana berolmagan taqdirda uchinchi davlatga chiqib ketish uchun imkon yaratib berishni so‘ramoqda. Bu haqda Olmaota hibsxonasida saqlanayotgan o‘zbek qochqinlaridan birining maktubida aytiladi.


Dilbegim Mavloniy

“Filmlarda ko‘ramiz: yer ostidan topilgan hasharotlarni avaylab qutiga solishadi, maxsus yordam ko‘rsatiladi. Axir biz insonlarmiz-ku!”

Bu Olmaota shahar hibsxonasida saqlanayotgan o‘zbek qochqinlaridan biri Sarvar Xurramov xatidan parcha. U 9-11 iyun kunlari Olmaota shahrida o‘tkazilgan “Migrant” reydi chog‘ida qo‘lga olingan bo‘lib, uch yarim oydan buyon hibsxonada saqlanmoqda.

Maqolaning audiosini eshiting:


Oliy ma‘lumotli, kasbi jurnalist bo‘lgan Sarvar o‘zi kabi hibsxonadagi qochqinlarni qozoq rasmiylarining hatti-harakati taajjubga solayotgani haqida yozadi.

Maktubda shu yil 17-18-19 avgust kunlari Olmaota shahar migratsiya departamenti, BMT qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissarligi Olmaota vakolatxonasi vakillari va Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari ishtirokida o‘zbek qochqinlariga mamlakatdan boshpana berish masalasi qayta ko‘rib chiqilgani aytiladi.

“Uch kun davom etgan komissiyada topshirilgan arizalarimiz yuzasidan savol-javob qilindi. Natijalar o‘rganib ko‘rilgach, bizni qochoqlik maqomiga noloyiq deb topishdi”, deb yozarkan Sarvar, garchi bu haqda komissiya 27 avgust kuni yakuniy qarorga kelib bo‘lgan esa-da, hibsxonadagi o‘zbek qochqinlari bundan faqat 9 sentabrga kelib xabar topganlarini ma‘lum qiladi.

Avval xabar qilganimizdek, Olmaota hibsxonalarida saqlanayotgan o‘zbek qochqinlarining ekstraditsiya bo‘yicha hibsda ushlash muddati shu yilning 9 sentabr kuni nihoyasiga yetgandi. Ularga boshpana berishni rad etish qarori yuzasidan shikoyat arizasini topshirish uchun sentabr oyi oxirigacha muhlat berilgani haqida ham avvalgi lavhalarimizda aytib o‘tgandik. Biroq qochqinlarga shikoyat arizasi yozish uchun berilgan muddat ham ularning ko‘ngliga yorug‘lik solmadi. Chunki...

“14 sentabr 2010 yil Mehnat vazirligi qoshidagi migratsiya ishlari bo‘yicha komitetining Almata shahar Departamenti boshlig‘i Altinbekova G. biz bilan uchrashdi va yaqinda O‘zbekistonga berib yuborilishimizni, u yerda ko‘p yil o‘tmasdan amnistiya bilan chiqib ketishimizni ta‘kidladi”, deyiladi Sarvar Xurramovning xatida.

Ayni paytda Olmaota shahar migratsiya departamenti direktori Gulsara Oltinbekova o‘zbek qochqinining bu gaplarini inkor qiladi.

- Qanday qilib bunaqa deyman? Ularni men hibsga olganim yo‘q, ularni ushlab turgan odam ham men emasman. Bu mening vakolatimga kirmaydi. Ular menga har safar ekstraditsiya haqida savol berganlarida, men ularga: “Bu mening vakolatimga kirmaydi, prokuraturaga murojaat qilinglar”, deb javob berganman, - deydi Gulsara Oltinbekova.

Qochqinlar O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan taqdirda ularning holi qanday kechishi mumkinligini Olmaota shahar migratsiya departamenti rahbari bashorat qila olmasligini, unda bunday vakolat-da yo‘qligini Olmaotadagi Inson huquqlari halqaro byurosi xodimi Denis Jivaga ham ta‘kidlaydi. Ayni paytda u hozirda o‘z byurosi va hibsxonadagi qochqinlarning yaqinlari tomonidan yollangan advokatlar tergov izolyatoriga kirib, hibsdagi qochqinlardan shikoyat arizasi olayotganini aytadi.

- Advokatlar qochqinlarning oldiga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ular birin-ketin qochqinlarning hammasi bilan uchrashib, ulardan ishonch qog‘ozlarini olib chiqayaptilar. O‘ylanmanki, bu hafta ular sudga shikoyat arizalarini birin-ketin topshira boshlaydilar, - dedi Denis Jivaga.

Sudga shikoyat arizasini topshirish uchun advokatlariga ishonch qog‘ozlari berayotgan hibsxonadagi qochqinlar qozoq adliyasi pirovardida adolatli qaror chiqarib, ularni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilib yubormasligiga umid qilayotganini aytadilar.

“Agar Qozog‘iston qolishlikning iloji bo‘lmasa, bizni boshqa davlatga chiqib ketishimizga ko‘maklashinglar” degan iltimosli jumla bilan o‘z xatini yakunlaydi uch yarim oydan beri Olmaota hibsxonasida qolayotgan o‘zbek qochqinlaridan biri Sarvar Xurramov qozoq rasmiylariga murojaat qilarkan.
XS
SM
MD
LG