Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:36

O‘zbeklar tarafini olgan huquq faollari ta‘qib qilinmoqda


Aziza Abdurasulova O‘sh qirg‘ini paytida hayotini tahdid ostiga qo‘yib qirg‘izlarni ham, o‘zbeklarni ham himoya qilib yurgan kam sonli huquq himoyachilaridan biri.
Aziza Abdurasulova O‘sh qirg‘ini paytida hayotini tahdid ostiga qo‘yib qirg‘izlarni ham, o‘zbeklarni ham himoya qilib yurgan kam sonli huquq himoyachilaridan biri.

Qirg‘izistonda O‘sh qirg‘ini voqeasida o‘zbeklar ko‘proq jabrlangani haqida ma‘lumotlar to‘plagan va mustaqil tekshiruv o‘tkazgan huquq faollari Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ta‘qib qilinmoqda. Bu haqda bishkeklik huquq himoyachilari bayonot bermoqdalar.

“Qilim shami” huquq himoyasi tashkiloti rahbari Aziza Abdurasulovaning aytishicha, huquq faollarining O‘sh va Jalolobod viloyatlarida erkin faoliyat yuritishiga Milliy xavfsizlik xizmati to‘sqinlik qilmoqda.

- Bizga Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan juda qattiq bosim o‘tkazilayapti. Chunki bizning tashkilot xodimlari janubda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan qirg‘izga ham, o‘zbekka ham bo‘lishmasdan, holis tekshiruv o‘tkazgan. Biz iyun voqealari haqida juda ko‘p dalil-isbotli materiallarni to‘plaganmiz. Mana shu holat ham Milliy xavfsizlik xizmatini bezovta qilmoqda,-dedi Aziza Abdurasulova.

Huquq himoyachisining aytishicha, Qirg‘izistonda yuzaga kelgan ayni vaziyatda to‘plangan ma‘lumotlarni oshkora qilish imkoniyati yo‘q. Aziza Abdurasulova bu ma‘lumotlarning hozir oshkor qilinishi o‘zining va tashkilot xodimlarining xavfsizligiga katta tahdid tug‘diradi, deb hisoblaydi:

- Xalqimiz orasida millatchilik avj olib borayotgan bir vaziyatda to‘plangan ma‘lumotlarni yoyinlash juda qiyin. Yangi hukumat ham bu yo‘nalishda ikki yuzlama siyosat olib bormoqda. Shuning uchun bu ma‘lumotlarni ayni vaziyatda oshkor qilib bo‘lmaydi,-dedi Aziza Abdurasulova.

Qirg‘iziston Ombudsmeni Tursunboy Akun ham Aziza Abdurasulovaga nisbatan bosimlar bo‘layotganidan xabari borligini aytadi. Uning aytishicha, Aziza Abdurasulova O‘sh qirg‘ini yuzasidan faqat bir taraflama, aniqroq aytganda, o‘zbeklar ko‘proq jabrlangani to‘g‘risida ma‘lumotlar tarqtagani uchun ham bosimga uchrayotgan bo‘lishi mumkin.

- Huquq himoyachilariga SNB, prokuratura, militsiya tomonidan bosimlar o‘tkazilayotganini bilib turibmiz. Biroq buning zamirida siyosiy ta‘qib yo‘q. Bu huquq-tartibot tuzilmalari huquq himoyachilari bilan kelisha olmayotgani tufayli mana shunday harakat qilishayotgan bo‘lishi mumkin,-dedi Tursunbek Akun.

Ayni paytda Qirg‘izistondagi vaziyat yuzasidan millatchi siyosatchilar nuqtai-nazariga qarshi fikr bildirayotgan shaxslarga nisbatan nafaqat bosim o‘tkizilayapti, balki hujumlar ham qilinayapti. Yaqindagina siyosatshunoslar Aleksandr Knyazev va Nur O‘murov noma‘lum shaxslar tomonidan kaltaklangan. Bishkeklik huquq himoyachisi Dinara Ashiraxunova bunday hujumlar millatchilik g‘oyalari bilan qurollangan guruhlar tomonidan sodir etilayotgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi.

- Nur O‘murov huquq himoyachisi emas edi, biroq u o‘z nuqtai nazarini ochiq aytgani uchun hujumga uchradi. Avvallari bunday hujumlar hukumat tomonidan uyushitirilar edi. Hozir esa bu hujumlar kriminal yoki biz bilmagan boshqa guruhlar tomonidan uyushtirilmoqda. Afsuski, hukumat bu hujumlarni uyushtirgan shaxslarni qidirib topish va jazolash uchun hech narsa qilmayapti,-dedi Dinara Ashiraxunova.

Mavzu yuzasidan huquq-tartibot tuzilmalari vakillari fikrini o‘rganish borasida qilgan harakatlarimiz natijasiz yakunlandi. Huquq-tartibot tuzilmalari mazkur holatlar yuzasidan sharh berishga tiyildilar.

Aytib o‘tish lozimki, O‘sh qirg‘ini paytida O‘shda bo‘lib, o‘zbeklar huquqini himoya qilgan va o‘zbek aholisi ko‘p talafotlar ko‘rgani haqida ochiq ma‘lumotlar bergan yana bir qirg‘iz huquq himoyachisi To‘laykan Ismoilova o‘z hayotiga tahdid tug‘ilgani va Milliy xavfsizlik xizmati ta‘qib qila boshlagani tufayli Qirg‘izistonni tark etishga majbur bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG